"Chegara Bilmas Muxbirlar" Abdurahmonovning salomatligidan o‘ta xavotirda

Image copyright uznews.net
Image caption Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritib kelgan sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri edi.

27 iyun O‘zbekistonda Jurnalistlar kuni nishonlanar ekan, ayni damda "Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti ham 2008 yildan beri giyoxvand moddalar savdosi aybi bilan 10 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Solijon Abdurahmonovni ozod qilish chaqirig‘ini takrorlagan.

Janob Abdurahmonov oshqozon yarasidan jabr chekib keladi va oxirgi bir necha oy ichida uning kasalligi zo‘raygan.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" Abdurahmonovning salomatligidan o‘ta havotirda ekanini bildirgan. "Qamoqda o‘tkazgan besh o‘ta og‘ir yil ortidan 63 yoshli bu kishining tutqunda ushlab turilishining o‘zi bir jinoyat. Biz qamoqxona rasmiylarini Abdurahmonovning taqdiri uchun javobgar tutamiz va zudlik bilan uning salomatligi haqida ochiq va to‘la hisobot berishlariga chaqiramiz", - deb aytgan tashkilot.

Tashkilotning aytishicha, xalqaro hamjamiyat o‘z harakatlarini muvofiqlashtirib, o‘zbek hukumatining siyosiy mahbuslarni ozod qilishi yo‘lida bosim o‘tkazishi kerak.

Unga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekistonga nisbatan avval o‘rnatilgan talablari qondirilmaganiga qaramay cheklovlarni bekor qilgani, O‘zbekiston o‘z holiga tashlab qo‘yilganini anglatadi.

Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritib kelgan sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri edi. U oddiy insonlarning salomatligi, hamda Orol dengizi qurishining insoniy ta‘siri haqida maqolalar yozgan. U shuningdek, Inson Huquqlarini Himoya qilish qo‘mitasining mahalliy direktori bo‘lib xizmat qilgan.

U 2008 yil 7 iyunida endigina ta‘mirlangan mashinasini ta‘mirlash shahobchasidan olib kelayotganida militsiya tomonidan to‘xtatilgan. Militsiya uning mashinasidan giyohvand moddalarni topgan va narkotik moddalar iste‘mol qilish aybi bilan hibsga olgan.

Solijon Abdurahmonov shu kungacha ayblovlarni rad qilib keladi va militsiyaning o‘zi giyohvand moddalarni mashinasiga tashlaganiga ishonadi. Tibbiy analizlar Abdurahmonov hech qanday narkotik iste‘mol qilmaganini isbotlagach, ayblov "narkotik moddalar savdosi"ga o‘zgartirilgan va u 10 yilga qamalgan.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" shuningdek, quyidagi to‘qqiz jurnalist ozod etilishiga chaqirmoqda, ular Xayrullo Hamidov, Dilmurod Sayyid, Bahrom Ibragimov, Davron Qobilov, Ravshanbek Vafoyev, Abdulaziz Dadaxonov, Botirbek Eshqo‘ziyev, Yusuf Ro‘zimurodov, Muhammad Bekjonovlardir.