"Erkin bo‘lmagan matbuot qanday qilib taraqqiytga xizmat qiladi?"

Image caption O‘zbekiston matbuoti tarqatadigan xabarlar qattiq rasmiy nazorat qilinadi.

27 iyun - 1993 yil 24 iyunda chiqarilgan Respublika prezidenti farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida bayram qilib kelinadi.

Bayram munosabati bilan joylarda tadbirlar tashkil qilingan va ilg‘or jurnalistlar taqdirlangan.

Rasmiy markaziy nashrlardagi maqolalarga nazar tashlasak, bir-biridan deyarli farq qilmasligini ko‘rish mumkin. Ularda matbuot sohasidagi erishilayotgan yutuqlar haqida xabarlar berilgan.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qonunchilik faoliyatini yoritishda jurnalist mahorati masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tganini yozadi. Ushbu tadbirda qatnashganlar Prezident Karimov rahnamoligida barcha sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazishda, xususan, parlament faoliyatini izchil yoritishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos ekanini ta‘kidlashganini bildirgan.

Shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati tomonidan parlament faoliyatini yorituvchi jurnalistlar malakasini oshirishga alohida e‘tibor qaratilayotgani, parlament faoliyatini yoritishda faol ish olib borayotgan bir guruh jurnalistlar taqdirlanganini ma‘lum qiladi.

"Mamlakatimizda istiqlolning ilk kunlaridanoq ommaviy axborot vositalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, yetuk kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirishga alohida e‘tibor qaratib kelinmoqda", deb yozadi "Xalq so‘zi" gazetining sayti.

Milliy Universitetda Matbuotchilar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirdan xabar bergan ro‘znoma professor-o‘qituvchilar, jurnalistlar va talabalar soha rivoji uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoit muhayyo etilganini ta‘kidlashganini urg‘ulaydi.

"Prezident rahnamoligida kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda jurnalistlarning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur huquqiy-tashkiliy, moddiy va ma‘naviy imkoniyatlar yaratilganini" e‘tirof etishgan.

Dastlab chiqqan paytlari har qanday muammoni ochiq-oydin ayta olgan, dastlabki mustaqil "Hurriyat" gazetining sayti bu mavzuni alohida yoritmagan.

"Pravda vostoka" ro‘znomasi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligiga asosan keltirishicha, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalari soni 1305taga yetgan.

Ro‘yxatdan o‘tgan OAVning 712tasini gazetalar tashkil etsa, 264tasi jurnallar, 16tasi axborotnomalaridir. Ro‘yxatdan o‘tgan axborot agentliklari soni 4ta bo‘lsa, televideniye OAV soni 63, radio OAV soni esa 34tani tashkil etgan. OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tgan web-saytlar soni esa 210ta yetgan.

Gazetdagi maqolada mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlat tuzishda matbuotga katta e‘tibor berilayotgani va ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi islohotlarda faol qatnashayotgani ta‘kidlanadi.

Davlat saytlari bir xildagi rasmiy xabarlar berishgan, ko‘ngilochar saytlar tabriklar bilan kifoyalanishgan.

Yuqoridagi internet nashrlarida asosan yurt obodligi, aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi ulkan yutuqlarning madhini o‘qish mumkin.

Bayram munosabati bilan o‘zbek jurnalistikasining bugungi ahvoli, mamlakatdagi muammolar matbuotda qanchalik aks etayotgani haqida gapirishni so‘raganlarimizning aksariyati rad javobini berishdi.

Bizga intervyu bergan jurnalistlardan biri esa o‘z ismini aytishimizni xohlamadi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda matbuot erkinligi faqat so‘zda.

"Tsenzura yo‘qligi qayta-qayta ta‘kidlansada, jurnalistlar avvalo o‘zlaridan qo‘rqishadi. Sababi o‘z fikrini ochiq aytishga, agar u tanqidiy bo‘ladigan bo‘lsa, harakat qilgan jurnalistga oson bo‘lmaydi. Hukumat qog‘ozda tsenzurani yo‘qotgan bo‘lishi mumkin, lekin amalda butunlay teskarisi. To‘g‘ri so‘zni aytgan jurnalist kamida ishidan ajralishi mumkin. Bunday paytda ish topish ham qiyin. Ayniqsa yomonotliq bo‘lib qolgach. Misol uchun, o‘zim ishlaydigan gazetada ham ko‘rgan-bilganim, o‘ylaganim haqida emas, yolg‘on yozishga, maqtashga majburman, deydi u. Jurnalistika yuqoridan turib boshqariladi, erkin emas. Televideniye, radio, gazeta-jurnalda kim haqida yozish-yozmaslik haqida og‘zaki buyruq beriladi. Kim aytgani noma‘lum, vazirlikdan, apparatdan deyiladi. Hatto qaysi so‘zni, qaysi ismi-sharifni ishlatish-ishlatmaslik ta‘kidlanadi. Buning nimasi erkin matbuot va u qanday taraqqiyotga xizmat qilishi mumkin? Bugun o‘zbek jurnalistikasining muammosi bu – erkinlikning yo‘qligi " - deydi toshkentlik jurnalist. - Shuning uchun odamlar rasmiy gazetalarni, davlat televideniyesini kam ko‘rishadi, odamlar shou biznes yoritilgan nashrlarni ko‘proq o‘qishadi. Chunki u yerda ozroq bo‘lsa ham haqiqat yozilyapti, deydi suhbatdoshimiz.

Faollar O‘zbekistonda ayni paytda birorta ham muxolif sayti yoki nashri yo‘qligini, internet nazorat qilinishi, axborotlar cheklanishi, mamlakat ichkarisidagi hukumatga muxolif fikrdagi jurnalistlar esa ta‘qib etilib, bir qanchasi hibsga olinganiga e‘tibor qaratib kelishmoqda.

Kuni kecha AQSh senatorlari Islom Karimovdan qamoqda soxta ayblovlar bilan qamalib, sog‘ligini yo‘qotgan Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid kabi jurnalistlar va huquq faoli A‘zam Farmonovni ozod qilishga chaqirishgan edi.