Jahon chempionati: O‘zbekiston 1-1 Xorvatiya, bu nimani anglatadi?

Image copyright AFP

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi, g‘alaba qozongan taqdirda, muddatidan ilgari nimchorak finaliga chiqishiga imkon beruvchi o‘yinda durang natija qayd etdi.

Guruh bosqich saralash bellashuvlarining 2-tur uchrashuvi kecha chorshanba kuni Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tgandi.

Maydonga faqat g‘alaba uchun tushishlarini bayon qilgan o‘zbekistonlik futbolchilar anchayin kuchli bo‘lgan raqiblariga qarshi o‘yinda hisobni birinchi bo‘lib ochishdi.

Sardor Rahmonov 24-daqiqada jamoasini oldinga olib chiqdi.

O‘zbekistonlik yoshlar hisobni 40 daqiqacha tutib turishga ham muvaffaq bo‘lishdi, ammo 64-daqiqada Xorvatiya jarima to‘pi orqali hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Uchrashuv yakuniga qadar O‘zbekiston terma jamoasida hisobda oldinga chiqib olishning bir qancha imkoniyatlari bo‘ldi. Biroq hisob, baribir, o‘zgarishsiz qoldi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, Xorvatiya ilk uchrashuvida "F" guruhi favoriti sifatida ko‘rilgan Urugvayni 1:0 hisobida yengishga muvaffaq bo‘lgandi.

Dastlabki ikki uchrashuvlari ortidan esa, to‘rttadan ochko bilan O‘zbekiston va Xorvatiya guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lashadigan bo‘lishdi.

Nimchorak finaliga chiqishda har ikkovlonning ham ashaddiy raqibi sifatida ko‘rilgan Urugvay esa, 3 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi.

Jahon chempionligi uchun kurashayotgan 24 milliy terma jamoa orasidan muddatidan ilgari nimchorak finaliga chiqish esa, faqat sobiq chempion Ispaniyaga nasib etdi, xolos.

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi o‘zining hal qiluvchi so‘nggi - guruh bosqich 3-tur uchrashuvini 29 iyun kuni Urugvayga qarshi o‘tkazadi.

Ikkovlon uchun ham hal qiluvchi o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da Antaliyaning Akdeniz Universteti stadionida boshlanadi.

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining nimchorak finaliga chiqishi uchun Urugvayga qarshi o‘yinda kamida durang o‘ynashi lozim bo‘ladi.

Toshkentdan taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev, "Urugvay bilan yakuniy o‘yinda O‘zbekiston kerakli natijaga erisha olishiga ishonishlari"ni ta‘kidlaydi.

"Shuning uchun ham "F" guruhidan O‘zbekiston va Xorvatiya keyingi bosqichga chiqishadi", deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi