Bangladeshdagi qulagan binoda O‘zbek paxtasidan foydalanilganmi?

Image copyright AP

Tikuvchilik fabrikalarida ishchilar uchun ko‘ngildagidek sharoit yaratilmagani uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari Bangladeshga bergan savdo imtiyozlarini vaqtincha to‘xtatgan.

Bunga shu yil aprelida poytaxt Dakkada 1100 inson o‘limiga sabab bo‘lgan binoning qulashi sabab bo‘lgan.

Ushbu fojea Bangladeshdagi yengil sanoat korxonalarida xavfsizlik ahvoli o‘ta abgorligini oshkor etgan.

Amerika qaroridan norozi Bangladesh rasmiylariga ko‘ra, ular allaqachon ishchilar sharoitini yaxshilashni boshlaganlar.

Oq Uyga ko‘ra, Bangladeshdagi yengil sanoat korxonalarida xavfsizlik vaziyati yaxshilanganidan keyin to‘xtatilgan imtiyozlar qayta tiklanadi.

G‘arb shirkatlarining majburiy bolalar mehnatidan foydalanayotgani uchun O‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilganlaridan keyin O‘zbekiston Bangladeshga ko‘proq paxta tolasi sota boshlagan.

AQShning so‘nggi qarori ta‘siri Bangladesh va O‘zbekistonga qanday bo‘lishi mumkin?

BBC ushbu savolni Bangladesh To‘qimachilari va eksportyorlari assotsiatsiyasi prezidenti Muhammad Fazlul Haqqa berdi.

Muhammad Fazlul Haq: Albatta, shubha yo‘qki, bu butun Bangladesh to‘qimachilik sanoati uchun yomon xabar. Amerika tomonining qarori bir necha yo‘nalish bo‘yicha salbiy ta‘sir qilishi mumkin. Buning ta‘siri Bangladeshning nafaqat Amerikaga, balki butun dunyoga eksportiga sezilishi mumkin.

BBC: Britaniyadagi Primark savdo tarmog‘i buyurtmasi bo‘yicha tikilgan kiyim-kechaklar o‘sha qulagan binodagi fabrikada tikilgan va avvalroq habar qilinishicha bu shirkat aynan O‘zbek paxtasidan foydalangan. Bundan siz xabardormisiz?

Muhammad Fazlul Haq: Aniq ishonch bilan qulagan binoda O‘zbek paxtasidan foydalanilgan, deb aytib bo‘lmaydi. Chunki buni tekshirishning imkoni yo‘q. Chunki paxtadan foydalanganlar - ular ip yigiruvchilardir. Aprel oyida yiqilgan binodagi fabrikalar matoni ip yigiruvchilardan sotib olganlar. Misol uchun men uchun ham bu mato tayyorlangan xomashyo yoki paxta tolasi manbasini aniqlash juda qiyin ish.

BBC: Amerika Bangladeshga bergan savdo imtiyozlarini bekor qilishi O‘zbek paxtasiga ham ta‘sir ko‘rsatishi mumkinmi?

Muhammad Fazlul Haq: Siz haqsiz. Imtiyozlarning vaqtincha bekor qilinishi O‘zbek paxtasiga ham ta‘sir qilishi mumkin. Chunki endi odamlar faqat olayotgan mahsulotlariga emas, bu mahsulot manbasi, qayerda ishlab chiqarilganiga ham tobora ko‘proq e‘tibor qarata boshlaydilar. Bular paxta tolasini sotib oluvchilar, fabrikalar va boshqalar bo‘lishlari mumkin. Siz amerikaliklar allaqachon O‘zbek paxtasiga cheklov kiritganidan xabardorsiz. Bu narsa O‘zbek paxta ishlab chiqaruvchilarining Bangladeshga eksport qiladigan tolalariga ta‘sir qilishi mumkin.

BBC: Sizda Bangladesh shirkatlari qancha O‘zbek paxtasidan foydalanishlari haqida ma‘lumot bormi?

Muhammad Fazlul Haq: Bunday ma‘lumotni olishning imkoni yo‘q. Lekin biz shuni bilamizki, ancha katta miqdordagi O‘zbek paxtasi Bangladeshga keladi. Bangladeshda juda yirik paxta bozori mavjud. Bu yerda paxtadan ichki iste‘mol uchun ham, eksport uchun ham foydalaniladi. Bangladeshliklarning o‘zlari asosan paxtadan tayyorlangan matolarni afzal ko‘rishadi. Shuning uchun Bangladeshda O‘zbek paxtasini ham mahalliy tikuvchilik sanoati va ham eksportga mo‘ljallangan fabrikalar sotib oladilar.

BBC: G‘arb shirkatlari o‘z mahsulotlari manbasini tekshirishni boshlaganlar va tarkibida O‘zbek paxtasi bo‘lsa, sotib olmasliklari haqida e‘lon qilganlar. Bu boykotning Bangladesh shirkatlari biznesiga ta‘siri seziladimi?

Muhammad Fazlul Haq: Albatta, dunyodagi yirik brandlar ehtiyotkorlik bilan paxta manbasini tekshirayaptilar va buning ta‘siri Bangladesh biznesiga ham seziladi. Chunki O‘zbek paxtasi ko‘plab Bangladesh bizneslarining manbasi bo‘lgani uchun bunday qaror bizning shirkatlarimizning ham faoliyatini murakkablashtiradi.