"Manas" bazasining yopilishi Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?

Image copyright RIA Novosti
Image caption AQSh tomoni Bishkek aeroportida joylashgan bazadan esa, 2001 yildan boshlab Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim tranzit markazi sifatida foydalanib keladi

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Amerikaning "Manas"dagi harbiy havo bazasining yopilishi Markaziy Osiyoda xavfsizlik darajasining kuchayishi yoki beqarorlikning boshlanishini anglatmaydi.

Rasmiy Bishkek AQSh bazasini 2014 yilning 11 iyulida yopishga qaror qilgan. Kuni-kecha prezident Almazbek Atambayev bu xususdagi farmonga imzo chekkandi.

"Aksincha, Markaziy Osiyo mintaqasi imkon qadar tashqi dunyoning harbiy bazalaridan xoli bo‘lgan taqdirdagina, bu yerda tinchlik va barqarorlik mustahkamroq bo‘ladi", deydi tahlilchi.

"Manas"dagi harbiy-havo bazasining yopilishi ortidan, Amerika o‘ziga qo‘shimcha bir platsdarm izlasa kerak. Lekin bu - O‘zbekiston bo‘ladi deb o‘ylamayman".

"O‘zbekiston bir marta o‘sha "Xonobod" hududini taklif qilib ko‘rdi. Va buning oqibatida O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatidagi zo‘riqish holati judayam kuchayib ketdi. Buni prezident Karimov ham, O‘zbekiston siyosiy elitasi ham his qildi. Bundan olinadigan foydadan ko‘ra, siyosiy zo‘riqishlar va munosabatlardagi chigalliklar kuchaydi, xolos. Demak, prezident Karimov Amerika Qo‘shma Shtatlarida qaytattan harbiy baza taklif qiladi deb o‘ylamayman", deydi Kamoliddin Rabbimov:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Siyosiy tahlilchi bundan buyog‘iga Amerikaning O‘zbekiston bilan hamkorligi kuchayishi mumkin ekani, lekin bu - harbiy baza misolida bo‘lmasligini alohida ta‘kidlaydi.

"Markaziy Osiyoga qo‘shni Xitoyning kelajakdagi tafakkuri va xatti-harakatining dunyo uchun hozir jumboq" ekanini nazarda tutib, Kamoliddin Rabbimov, "Amerikaning mintaqadagi ishtiroki judayam muhim"ligini ham inkor etmaydi.

"Agarki, biror bir jiddiy o‘zgarish bo‘lmasa, Xitoy, taxminan, 20-30 yildan keyin, Amerikaga teng yoki undan ortiqroq harbiy-siyosiy salohiyatga ega bo‘ladi", deydi u.

Image caption "Manas"dagi harbiy-havo bazasining yopilishi ortidan, Amerika o‘ziga qo‘shimcha bir platsdarm izlasa kerak. Lekin bu - O‘zbekiston bo‘ladi deb o‘ylamayman"

"Xitoyning xatti-harakati bir agressiv siyosiy tomonga o‘zgaradigan bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlari Hitoy tomonidan yutilib ketmaslik uchun ittifoqchilar qidirishga majbur bo‘lishadi. O‘sha ittifoqchilardan bittasi Rossiya, boshqasi esa, Amerika Qo‘shma Shtatlari sifatida qaraladi".

Tahlilchiga ko‘ra, bundan buyog‘iga AQShning Markaziy Osiyodagi hozirligi geo-siyosiy vaziyatga, Rossiyaning imkoniyatlariga va ko‘p narsa Xitoyning xatti-harakatiga bog‘liq bo‘ladi".

"Ya‘ni, Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyodan butkul chiqib ketayotgani yo‘q. Faqatgina uning harbiy bazasini yopilayapti. "Manas"dagi harbiy-havo bazasining yopilishi Amerika uchun ma‘lum bir boshqa muqobil siyosiy, geo-siyosiy imkoniyatlarni ochishi mumkin", deydi Kamoliddin Rabbimov.

"Harbiy baza yopilishi orqali va uning imaji qaytattan ko‘rib chiqilishi orqali Amerika o‘zining ta‘sirini boshqa jihatlardan kuchaytirishga imkonli bo‘ladi".

Ayni o‘rinda shuni ham alohida ta‘kidlab o‘tish joizki, Qirg‘izistonning "Manas" aeroportidagi bazasi Amerikaning Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligini ta‘minlab turgan yagona imkoniyat edi.

Amerikaning mintaqadagi ilk harbiy hozirligi 2001 yilga to‘g‘ri keladi.

Afg‘onistondagi Tolibon va "Al-Qoida" jangarilariga qarshi amaliyotlarining dastlabki bosqichida O‘zbekiston AQShga Qarshi shahri yaqinidagi "Xonobod" bazasini taklif qilgan, ammo 2005 yilgi Andijon voqealari ortidan o‘zaro munosabatlarning keskin sovuqlashishi ularning bazani tark etishlari bilan yakunlangandi.

AQSh tomoni Bishkek aeroportida joylashgan bazadan esa, 2001 yildan boshlab Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim tranzit markazi sifatida foydalanib keladi.

Qirg‘iziston tomoni bazani 2009 yilda yopishga qaror qilgan, ammo so‘ngroq AQSh bilan bu xususdagi shartnomasini yana besh yilga uzaytirishga qaror qilgandi.

Amerika tomonining rasmiy hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy paytda Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini dastaklash uchun Nato ittifoqi "Manas"dagi tranzit markazi orqali kuniga 3.5 mingta askar va olti ming tonnadan ortiq har xil yuklarni tashib o‘tadi.

Ayrim ma‘lumotlarga qaralsa, "Manas" bazasi orqali Amerikaning Qirg‘iziston iqtisodiga qo‘shgan hissasi o‘tgan yil 123.6 million dollarga yetgan.