"Xitoyda uyg‘urlar o‘zlarini kamsitilgan sezayotgan yagona guruh emas"

Image caption Xitoy hukumati Shinjon va Tibetdagi har qanday norozilikni shafqatsizlik bilan bostirib kelayapti.

Xitoy davlat matbuotining xabar berishicha, mamlakat g‘arbida joylashgan Shinjon muxtor mintaqasida 100 nafardan oshiq pichoqli inson mototsikllarda politsiya bo‘linmasiga hujum qilgan.

Ho‘tan shahrida yuz bergan hodisa tafsiloti hozircha ma‘lum emas.

Shu hafta boshida Shinjon bo‘lgasining boshqa bir mintaqasida politsiya bo‘linmasiga qilingan hujumda 35 inson halok bo‘lgandi.

Ko‘plab uyg‘urlar mintaqaning Xitoy hukumati tomonidan qattiqqo‘llik bilan idora etilishidan darg‘azab ekanini aytishadi.

BBC Jahon Xizmatining Xitoy bo‘limi muharriri Yuven Vuning aytishicha, uyg‘urlar o‘zlarini kamsitilgan sezayotgan yagona guruh emas.

Xitoydagi yirik etnik guruhlardan bo‘lgan tibetliklar ham o‘zlarini shunday his qiladalar.

Tibetliklar o‘z noroziliklarini oxirgi vaqtlarda o‘z-o‘zlariga o‘t qo‘yish bilan namoyish qilmoqdalar.

Yuven Vuga ko‘ra, Xitoy rasmiylari etnik guruhlarga nisbatan siyosatlari hamisha "ahil va tinch-totuvlikda" yashashga asoslanganligini aytadilar.

Yuven Vu: Uyg‘urlardan tashqari bizda tibetliklar ham bor. Etnik ozchilik hisoblansada, tibetliklar soni juda katta. Ko‘plab tibetliklar ham uyg‘urlar singari o‘zlarini kamsitilayotgandek, madaniyatlariga e‘tibor qaratilmayotgandek his qilishadi. Ustiga-ustak ular Dalay Lamani o‘z rahbarlari deb hisoblashadi. Bu qonunan taqiqlangan. O‘tgan yillarda tibetliklar orasida o‘ziga o‘t qo‘yish hollari ko‘paydi. Nima uchun bunday qilishayapti? Huquqbonlar va Xitoydan tashqarida yashovchilar tibetliklar chorasizlikdan o‘z jonlariga qasd qilishadi, deyishlari mumkin. Ammo, Xitoy hukumati bu etnik guruhlarga nisbatan "tinch, totuvlikda yashash" va ularni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish siyosatini olib borayotganini aytadi. Markaziy hokimiyat Shinjon va Tibetga katta sarmoyalar kiritdi. Pekindan Tibet markazi Lasaga boruvchi tez yurar poyezd yo‘li qo‘rdi. Shu tariqa turizm rivojlanmoqda. Lekin, Tibetliklarning aksari Xitoy hukumatidan rozi, deb bo‘lmaydi.

BBC: Lekin biz bilan gaplashgan uyg‘urlar Xitoy hukumati siyosati siz aytgandek tinch-totuvlikda yashashga asoslanmaganligini aytishadi. Misol uchun, markaziy hukumat dindor erkaklarning soqol qo‘yishlari, ayollarning hijob o‘rashlariga qarshilik qilarkan. Siz hukumat so‘zda bir amalda boshqa siyosatni qo‘llayapti, deb ayta olasizmi?

Yuven Vu: Ha, xuddi shunday albatta. Bu kim bilan gaplashishingizga bog‘liq. Xitoy hukumati doimo "biz milliy ozchiliklarning e‘tiqodlari va madaniyatlarini hurmat qilamiz. Ularning ochiqcha ibodat qilishlariga to‘sqinlik qilmaymiz," - deydi. Lekin yerlik aholi bilan gaplashsangiz ular bu so‘zlarga umuman qo‘shilishmaydi. Ularga ko‘ra, hukumat ularning erkin ibodat qilishlariga to‘sqinlik qiladi, ba‘zi hollarda esa umuman ruxsat bermaydi. Uyg‘urlar bunday siyosatdan keskin norozi. Ular Xitoy sarmoyasi mintaqani rivojlantirish uchun emas, balki kam sonli millatlarni yo‘q qilib yuborishga qaratilganini aytishadi. Etnik ozchiliklarga nima yaxshiyu nima yomon degan masalada doimo kelishmovchilik bor.

BBC: Shunday ekan, nima uchun Xitoy hukumati so‘zda bir amalda boshqacha siyosat yuritadi, deb o‘ylaysiz?

Yuven Vu: Menimcha, buning zamirida Xitoy markaziy hukumatining bo‘lginchlik harakatidan bo‘lgan qo‘rquvi yotadi. Rasmiy Pekin Shinjondagi ko‘plab uyg‘urlar o‘zlarini Xitoyga taaluqli deb bilmasligini juda yaxshi tushunadi. Shuning uchun Shinjon va Tibetdagi har qanday norozilikni shafqatsizlik bilan bostirib kelayapti.