Qozog‘iston va Britaniya strategik hamkorga aylanishdi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron Qozog‘istonga safari chog‘i Prezident Nursulton Nazarboyev bilan birgalikda strategik hamkorlikka oid shartnomani imzoladi.

Bu iqtidordagi biron Britan Bosh vazirining Markaziy Osiyoga ilk rasmiy safaridir. Shuningdek, London bilan strategik hamkorlikka kirishgan ilk va yagona Markaziy Osiyo davlati ham Qozog‘iston bo‘lmoqda.

Qozog‘iston iqtisodiga sarmoya kiritish bo‘yicha Britaniya uchinchi yirik mamlakat. Janob Kemeron ayni safar davomida ham bir milliard dollarlik tijoriy shartnomalar imzolanishini aytan edi.

Biroq so‘nggi yillari inson huquqlari va demokratik vaziyati yomonlashayotgan Qozog‘iston bilan "apoq-chapoq" bo‘layotgani bois London tanqidga ham tutilmoqda.

Lekin Devid Kemeron ushbu safar davomida inson huquqlari buzilishiga oid xavotirlarni Prezident Nazarboyev bilan ochiq gaplashganini qayd etdi.

O‘z o‘rnida, g‘arblik jurnalist savoliga javob bergan Prezident Nazarboyev mazkur ayblovlarni rad etdi.

"Inson huquqlari bizda buzilmayapti, siyosiy partiyalar erkin va uch mingta matbuot vositasi, xususan, xorijiy matbuot vositalari ham ishlaydi" - dedi qo‘shma matbuot anjumanida javob bergan Nursulton Nazarboyev.

"Mana uchta "iston" davlatida bo‘ldingiz: Pokiston, Afg‘oniston va Qozog‘iston. Qani o‘zingiz bizlarni bir qiyoslab ko‘ring!"

Neftga boy Qozog‘iston G‘arb uchun tobora ohanrabo mamlakatga aylanmoqda. Britaniya sobiq Bosh vaziri Toni Bleyr ham ko‘p million dollarli haq evaziga Prezident Nazarboyevga mslahatchilik qiladi.

Ayni damda, geostrategik jihatdan Markaziy Osiyoning eng muhim mamlakati bu - Afg‘onistonga yondosh hamda mintaqa markazidagi eng katta aholiga ega O‘zbekiston sanaladi.

Biroq siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, geosiyosiy muhimligiga qaramay hali-veri Toshkentga AQSh prezidenti yoki Britaniya Bosh vaziri kelmasligi ehtimoli katta.

"Xalqaro doirada O‘zbekiston obro‘si yaxshi emas va joriy hukumat davrida Obama yo Kemeronning O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmaydi" - deydi siyosatshunos.