Xitoy hukumati Shinjon Uyg‘uristonida harbiylarni ko‘paytirmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xitoy hukumati iyun oyining so‘nggi haftasida kuzatilgan zo‘ravonliklar ortidan Shinjon Uyg‘uristonida xavfsizlik choralarini kuchaytirayotganini aytmoqda.

Davlat matbuoti juma kuni 100 dan ortiq mototsikllarga mingan va pichoqlar bilan qurollangan olomon Xo‘tan shahridagi politsiya idorasiga hujum qildi, deya xabar tarqatgan.

Biroq muhojirotdagi Uyg‘urlar hujum haqidagi xabarni rad etadilar.

26 iyun chorshanba kuni esa Xitoyning davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari Luqchun shahrida diniy-ekstremistik ruhdagi videolarni tomosha qilgan olomon xavfsizlik kuchlari va idoralariga hujum qilganlari va u yerda 35 inson halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

Pekindagi hukumat majlisida Xitoy Prezidenti Shi Jinping zo‘ravonliklar uchun mas‘ullarni bostirishga buyruq bergan.

Sinxua axborot agentligi Xitoy Kommunistik partiyasi rahbarlaridan Yu Jengsheng so‘zlaridan iqtibos keltiradi, u Xitoy "terrorchi hujumlarga qattiq zarba berishi lozim", deb aytgan.

Kommunistik firqaning ikki yuqori mansabdagi a‘zosi Shinjon Uyg‘uristoni markazi Urumchiga yuborilgan.

Urumchida mahalliy aholini tinchlanishga va ogohlikka chaqirgan Yu Jengsheng zo‘ravon jinoyatlarni sodir etganlar qattiq jazolanadi, deb aytgan.

Shanba kuni Urumchi shahri ko‘chalarida harbiy mashqlar tashkil qilingan.

Urumchi markazining juda katta qismi bekitib qo‘yilgan, ko‘chalarga tanklar va armiyaning qurolli harbiylari joylashtirilgan.