"Texnika yetishmasligidan don hosili yo‘qotilayapti"

O‘zbekistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, bu yil g‘allaning mo‘l hosili yetishtirilgan.

Biroq joylarda o‘rim texnikasi kamligi sababidan pishgan don to‘kilib ketayapti.

Oxirgi ikki yilda O‘zbekistonda 7 million atrofida don yetishtirilayapti.

O‘tgan yili 7 million 170 ming tonna g‘alla hosili ko‘targan dehqonlarni tabriklagan Prezident Islom Karimov tabrigida aytilishicha, jami hosilning 60 foizi yoki 4 million 347 ming tonna g‘alla fermer xo‘jaliklari va aholining ixtiyorida qoldirilgan.

Har yili kuzatilgani singari bu yil ham O‘zbekistonda g‘alla yetishtirgan fermerlar davlatga don topshirish rejasini bajarganlariga qaramasdan, tuman yoki viloyat rejasi bajarilgunicha, dalalaridagi qolgan hosillarini ham davlatga topshirishga majbur etilmoqdalar.

Bu yil O‘zbekiston hukumati qattiq bug‘doyning 1 klassi bir tonnasi uchun 623 ming($224), 2 klass bug‘doy uchun qariyb 550 ming so‘m($198), 3 klass uchun 500 ming so‘m($180) xarid narxlari belgilagan.

Bu yil yaxshi hosil yetishtirilganiga qaramasdan, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida bir necha fermer g‘alla topshirish rejasini bajara olmagan.

"Kombayn pul bergan fermerning dalasidagi bug‘doyini o‘radi"

Rishtonlik dehqonlarning shu kecha-kunduzdagi tashvishlaridan yaqindan tanish bo‘lgan mahalliy jurnalist Bahodir Eliboyev, buning bir necha sababi bor, deydi.

"Asosiysi, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash haqida qarorlar va farmon qabul qilinganiga qaramasdan, mahalliy rasmiylar fermerlarni qo‘llab-quvvatlamayotgani. Shu kecha-kunduzda dalaga kombayn kirishi kerak. Lekin katta bir otryadga bir kombayn. Mashina-Traktor parki hamma fermerga ham kombayn yetkazib bera olmayapti. Natijada fermer hosilini o‘z vaqtida yig‘ib-terib ololmayapti, hosil to‘kilib ketayapti, deydi Bahodir Eliboyev.

O‘zbekistonda yer maydoniga qarab fermer bo‘yniga paxta va don rejasi topshiriladi.

Zimmasidagi rejani topshirgan fermerning dalasidagi qolgan hosilini kimga xohlasa, sotish huquqiga ega ekani ta‘kidlanadi.

5, 7 va 10 foizlik qo‘shimcha don topshirish rejalari

Ammo Jizzax viloyatida bir fermerning rejasi bajarilgan bo‘lsa ham hali tuman va viloyat rejasi bajarilmagani bois, dastlab 5 foiz, keyin 7 foiz va undan keyin yana 10 foiz qo‘shimcha g‘alla topshirish topshirig‘i berilgan.

"Rejasini bajargan fermerning dalasida hosili yig‘ilmagan orolchalar qoldirilayapti. Kombayn boshqa bir fermerning dalasiga kiritilayapti. Birinchi fermer endi tuman yoki viloyat rejasi bajarilgunicha kombayn kutishga majbur. Hatto o‘z kombayni bo‘lsa ham mahalliy hokim kombaynini boshqa dalaga haydashga buyuradi, o‘zining hosilini yo‘qotayotgan bo‘lsa ham hokim buyrug‘iga qarshi bora olmaydi fermer", deydi jizzaxlik sobiq fermer xo‘jaligi rahbari Saida Qurbonova.

O‘zbekistonda 1995-96 yillarda har bir tumanda Mashina-Traktor parklarini tashkil etishga kirishilgan.

Bu amaliyot parkda to‘plangan texnikani ommaviy hosil yig‘im-terimi payti bir daladan ikkinchi dalaga ko‘chirish, texnikani parvarishlash va ta‘mirlash faoliyatini mukammallashtirish maqsadlarini ko‘zlagani aytilgan.

Mashina-Traktor parklari ilg‘or tajribami?

O‘sha yillari davlat buyurtmasi bilan paxta terish mashinalari va kombaynlar katta mablag‘ga sotib olingan va butun respublikadagi MTPlarga tarqatilgan.

O‘zbekistonlik dehqonlar MTPlarga berilgan bu texnika mahalliy sharoit va ekinlarga mos kelmasliklarini aytishgan.

Biroq hukumat darajasidagi qarorga qarshi chiqishga hech kim jur‘at qila olmagan.

Eng yuqori darajada qishloq xo‘jaligi texnikasini tanlashda shaffof tender o‘tkazilmagani xabar qilingan.

Mutaxassislarga ko‘ra, bugunga kelib aksar texnika eskirgan, ular uchun ehtiyot qismlar topish mushkul ishga aylangan.

Shuning uchun butun respublika miqyosida o‘rim kombaynlari yetishmasligi kuzatilayapti.

Yana qo‘shib yozish

O‘zbekistonda paxta yoki don rejasini bajarmagan fermer yeridan ayrilish tahdidi ostida qoladi. O‘shanda ular nima qiladilar?

"Misol uchun bir fermer xo‘jaligi hosilni yig‘ib oldi. Qarasa, rejani to‘ldirishi uchun 10 tonna yetmay qoldi. O‘sha yetmay qolgan 10 tonna o‘rnini fermer pul bilan to‘g‘irlashga harakat qiladi. Bug‘doyning davlat narxi hozir misol uchun 600000 so‘m bo‘lsa, u 6 million so‘m pul to‘laydi. Shu bilan qog‘ozlar bu fermer rejani bajardi, deb to‘ldiriladi", deydi Bahodir Eliboyev.

Mahalliy amaldorlarning ekin maydonlarini noqonuniy sotishlari yoki yerni noqonuniy daromad manbaiga aylantirib olganlari O‘zbekiston sharoitida keng tarqalgan.

Bu ham fermerlarning yerlarini tashlab Rossiyaga ketishlariga majbur qilayotgan omillardan biri bo‘layapti, deydi jurnalist va inson haqlari faoli Bahodir Eliboyev.