"Erkinlik endi yo‘q – faqat shariat qo‘mitalari qoldi"

Image caption Muhammad Qata‘ning onasi o‘g‘lining qotillarini ko‘rsa, tanishini aytadi

Muhammad Qata‘ning onasi notanish chehralar ichida o‘g‘lining qotillarini topish umidida Halab ko‘chalarini oralaydi.

Ona ularni ko‘rsa, tanigan bo‘lardi. Ular qufrda ayblangan Muhammadni uning ko‘z o‘ngida otib tashlashgan edi.

U Muhammadni baxtiyor, mas‘uliyatli va Shaar mavzesida tanilgan farzand sifatida eslaydi.

Bolakay aravachada qahva sotib, oilasiga ro‘zg‘or tebratishda yordam berardi. Muhammad endigina 14 yoshga to‘lgandi.

Urush tufayli maktabga bormas, odatda gavjum Shaar mavzesida qahva sotardi.

Kunlardan birida kimdir undan bepul qahva berishni so‘raydi.

"Bepul bo‘lsa, payg‘ambargayam qahva yo‘q", – kulib deb javob qaytaradi bolakay.

Bu so‘zlar bilan Muhammad o‘ziga o‘lim hukmini o‘qigandi.

Uch qurolli shaxs uning bu javobini eshitib qoladi. Ular bolakayni mashinaga tiqib olib ketishadi.

Yarim soat so‘ngra o‘lasi qilib kaltaklangan Muhammad qayta keltiriladi.

Birov tanib qolishi va ularni so‘roqqa tutishidan qo‘rqmagan erkaklar "Ey Halab xalqi! Ey Shaar xalqi!" - deya olomonni bir joyga to‘plashadi.

Ularning qichqirig‘idan Muhammadning onasi hushyor tortgandi. Keyin nima bo‘lganini eslagan ona yuzini qo‘llari bilan berkitib, o‘kirib yubordi.

"Ulardan biri: Kimda-kim payg‘ambarni haqorat qilsa, shariatga ko‘ra, qatl etiladi, deb qichqirdi" – deya eslaydi Muhammadning onasi. - "Men ko‘chaga yalangoyoq yugurib chiqdim. Birinchi o‘q ovozini eshitdim. U yerga yetib borib, yerga quladim. Ulardan biri o‘g‘limga qarata yana bir o‘q uzdi. U uchinchi bor o‘q uzdi va o‘g‘lim ustiga chiqdi. Men unga: Nega bolamni o‘ldirding? U hali yosh bola edi-ku! – dedim. U qichqirdi: U musulmon emas. Yo‘qol bu yerdan!"

10 iyun kuni qatl etilgan Muhammadning jasadi Facebook va arab tilidagi Twitter orqali internetda tarqaldi.

Uning yuziga otishgandi. Bolakayning burni va og‘zi teshilib ketgandi. Bu surat internetni larzaga keltirdi.

Qotillarning Suriyada al-Qoidaga aloqador "Iroq va Suriya Islomiy Davlati" guruhi a‘zolari ekani da‘vo qilindi. Isyonchilarning eng yirik Islomiy tashkiloti – "Islomiy Nusra Jabhasi" ham shubha ostiga olingandi.

Ikkala guruh ham bayonot tarqatib qotillikni qoraladi. Halabdagi boshqa isyonchi guruhlar va shahardagi shariat mahkamasi ham o‘xshash bayonotlarni tarqatishdi.

Biz Halabdagi qozi, endigina dorilfununni tamomlagan, 26 yoshli siyrak soqolli va yumaloq ko‘z aynak toqqan Islomiy olim bilan uchrashdik.

U menga qotillarning "Shabiha" ismli rejimga tarafdor guruh a‘zolari bo‘lganini aytdi.

Uning aytishicha, bu guruh maqsadi mujohidlar va boshqa isyonchilar o‘rtasida janjal chiqarishga urinish ekan.

Al-Qoidaga aloqador ikki Islomiy guruh bayonot tarqatishi ortidan men uning bu izohini ancha asosli deb topdim.

Rejim kallakesarlari muxolifat nazorati ostidagi Halab shahri qoq markazigacha kirib, bolakayni o‘g‘irlashga va, yarim soat so‘ngra, ko‘chaning qoq o‘rtasida ularni otib tashlashga botingan bo‘larmidi?

Muhammadning oilasi ma‘lumotlar o‘ta chalkash ekanini aytishadi.

Qotillar klassik arab tilida gapirgan esalar-da, oddiy hatolarga yo‘l qo‘yishgan.

Ular Xudoga qarshi kufr aytishni kechirsa bo‘ladi-yu, ammo payg‘ambarni haqorat qilish o‘limga teng, deb bayonot berishgan.

Oila Muhammad o‘limi uchun qaysi qurolli guruh aybdor ekanini bilmasa yoki aytishga qo‘rqsa hamki, mas‘uliyat isyonchilar zimmasida ekaniga ishonadi.

"Bizda erkinlik qolmadi", – deydi Muhammadning katta akasi Fuad. - "Bu ozodlik isyonchilar Halabni bosib olishganida bor edi, lekin hozir hech nima qolmadi. Uning o‘rniga bizda sanoqsiz qo‘mitalar qoldiki, ularning har biri dinni o‘zicha talqin qiladi".

Halabdagi asosiy shariat mahkamasi Muhammad Qata‘ qotillari Islom nomidan amal qilgan esalar-da, qatl Islomga xilof va jinoy amal deya bayonot tarqatdi.

Lekin odamkushlar asl maqsadi qanday bo‘lishidan qat‘i nazar – xoh u rejim nayrangi, xoh mujohidlar tomonidan Islomning keskin talqin qilinishi – shariat qonunlari Suriyaning isyonchilar nazorat qilayotgan mintaqalarda tarqalayotgani ham ayni haqiqat.

BBC Arab Xizmati tomonidan tayyorlangan hujjatli filmda shimoliy Saraqeb shahrida shariat mahkamasi olib borayotgan ish tasvirga olingan.

Shariat mahkamasiga sobiq mulla Shayx Abdulloh Muhammad Ali raislik qiladi.

Yoniga Kalashnikov avtomatini qo‘ygan, afg‘onlarga o‘xshab shalvor-kamiz kiygan 27 yoshli shayxning bir yarim oy ichida chiqargan hukmlari tasvirga olingan.

Tasvirlardan birida uning o‘ngiga bir kirakashdan mashinasini tortib olmoqchi bo‘lgan to‘rt shaxsni keltirishadi.

Ular o‘z ayblariga iqror bo‘lsalarda, isyonchilar guruhida ekanini da‘vo qilishadi.

Shayx Abdulloh ulardan qurollarini musodara qilish va ularning bundan buyon hech bir qurolli guruhga a‘zosi bo‘la olmasliklari haqida hukm chiqaradi.

U bu qaror jamoatchilikka e‘lon qilinishini aytadi.

Jazo ijrosi uchun to‘rtovlon Saraqeb markaziga keltiriladi.

Jazo asbobi - elektr simlari.

Shayx Abdulloh jam bo‘lgan kichik olomonga ovoz kuchaytirgich vositasida murojaat qiladi: "Allohning nomi bilan," – deya o‘z to‘rt ayblanuvchining ismini birma-bir o‘qishni boshlaydi Shayx Abdulloh. - "To‘da boshlig‘iga ellik darra, har bir a‘zosiga 40 darradan urilsin. Alloh qonuni kuchsizlar uchun eng yaxshi himoyadir".

Birinchi mahbus tiz cho‘ktiriladi, uning qo‘llarini ikki tomondan bittadan qo‘riqchi mahkam tutadi.

Darra ura boshlashganlarida olomon sanay boshlaydi. Hukm ijro etilgach, Shayx Abdulloh hujjatli filmni tayyorlayotganlarga jazo aslida ancha yengil bo‘lganini aytadi.

Ular yo‘lto‘sarlikda aybdor deb topilgandi. Odatda bunday jinoyat uchun o‘lim jazosi beriladi, deydi u.

"Urush paytida shariatga muvofiq beriladigan jazo tinchlik o‘rnatilguniga qadar kechiktiriladi", - deydi Shayx Abdulloh. - "Hozir bizda urush borayapti. Biz e‘tiborni rejim armiyasiga qarshi kurashga qaratishimiz lozim. Hukmlar to‘laligicha rejim qulab, Islomiy Davlat e‘lon qilingach, ijro etiladi".

Isyonning an‘anador va dindor tarafdorlari shariatning qattiq jazolarini qo‘llab-quvvatlashadi.

Ular shu tariqa, ko‘pchilik tartibsizliklar, talon-tarojlar, odam o‘ldirishlar va odam o‘g‘irlashlar oldi olinishiga ishonishadi.

Ammo Saraqebda ko‘pchilik Islomchilarning kuch olishidan tashvishga tushgan. Shaharning ba‘zi mavzelarida kichik-kichik ko‘cha namoyishlari bo‘lgani xabar qilinadi.

"Biz shunday kunlar boshimizga kelsin deb orzu qilmagandik", – deydi BBC Arab Xizmati bilan suhbatlashgan faol Manal Barish. - "Isyonchilar guruhlarining nomi odamlar hozir qanday aqidaga ega ekanini ko‘rsatadi. Dinni kundalik hayotning har bir jabhasida joriy etishingiz shart emas. Bu inqilobni yo‘qqa chiqarayapti".

Manal Barish Saraqeb xorijiy mujohidlar kuni kelib yo‘q bo‘lishiga ishonishini aytadi.

Ammo Manal Barish singari nisbatan dunyoviy faollarning ta‘siri o‘ta cheklangan va tobora yo‘qolib bormoqda.

Tinch namoyishlar fuqarolar urushiga aylanishidan deyarli ikki yil o‘tib, ular hamon varaqalar tarqatish va devorlarga shiorlar yozish bilan band.

Boshqalar esa, ayni damda, qurol hisobiga kuchlanmoqda.

Biroq hamma narsa Islomchilar istayotgandek bo‘layotgani ham yo‘q.

Ular al-Qoidaga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik masalasida bir necha guruhlarga bo‘linib ketganlar. Ozod Suriya Armiyasi ichida ham cho‘qur bo‘linishlar bor.

Isyonchilar tarafida jang qilayotganlarning aksar musulmon esa-da, ularning ko‘pi Islomiy davlat qurilishiga qarshi.

Ana shunday bo‘linmalardan biri qo‘mondoni menga "Islomiy Nusra Jabhasi" ular turgan joyga hudkush hujumchi yuborib, ulardan 12 nafarini o‘ldirganini aytdi.

Keyin esa uning inisi mujohidlar tomonidan o‘g‘irlab ketilipti. Ukasini qutqarish uchun bir necha o‘n ming dollar tovon puli to‘laganini aytgan qo‘mondon endi qasos olish umidida.

"Ular mendan hech qayerga qochib qutula olishmaydi", – deydi u.

Hukumat qo‘shinlari avvallari yo‘qotilgan shaharlarni qayta bosib olayotgan esalar-da, isyonchilar o‘rtasida fuqarolar urushi ichida fuqarolar urushi davom etmoqda.

Mutaassib mujohidlar va nisbatan dunyoviy "Ozod Suriya Armiyasi" o‘rtasida to‘qnashuvlar ahyon-ahyonda yuz berib turgan bo‘lsa hamki, ularning shiddati rejimga qarshi olib borilayotgan muborizadan qolishmaydi.

Bu kurash natijasi agar isyonchilar g‘alaba qilsa, Suriya qanday davlat bo‘lishini belgilab beradi.

Biroq, hozircha shariat Suriyaning ko‘plab nuqtalarida yagona qonun bo‘lib qolmoqda.