UzWebistonda nima yangiliklar?

Image copyright BBC World Service

BBC O‘zbek xizmati yangi UzWebiston loyihasini boshladi.

Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo haqidagi Internet xabarlari, sharhlar va qiziqarli kontentlarni bir joyga jamlash.

Bu hammaning ham tanishish imkoniyati bo‘lmagan Internet olamidagi yangiliklardan tobora ko‘p sondagi o‘quvchilarni xabardor qiladi, degan o‘ydamiz.

UzWebiston - Bu global O‘zbekiston.

UzWebistonning ilk sharhida mintaqadan mustaqil jurnalist web-sahifalardagi eng mashhur mavzularga ko‘z tashlaydi.

"Dangasalar" va olti yoshlik uch karra chempion

O‘tgan hafta web-saytlarda eng ko‘p joy ajratilgan mavzu O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar haqidagi so‘zlari atrofida bo‘ldi.

Jumladan, Ferghana.com shunday yozdi:

"Islom Karimov Moskva ko‘chalarini supurayotgan o‘zbek mehnat muhojirlarini dangasa deb, ularni tilanchilarga tenglashtirib qo‘ydi. Ehtimol, O‘zbekiston prezidenti bu gaplarni mutlaqo "ichki foydalanuv uchun", faqat O‘zbekiston aholisiga qarata gapirgandir".

Ferghana.comda shunday mulohaza yuritilgan holda, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarining prezident chiqishiga e‘tibor qaratmagani savol ostiga olinadi: "O‘zbekiston internet-ommaviy axborot vositalari o‘z rahbarining keskin va g‘alati so‘zlaridan go‘yo iymangandek, uning bayonotini qayta chop etib o‘tirmadilar".

O‘zbekiston Prezidentining chetda mehnat qilib pul topayotganlar haqidagi kutilmagan fikri o‘zbekistonliklar tomonidan ham, boshqa mamlakatlar fuqarolari tomonidan ham keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

"– Agar Xudo ko‘rsatmasin, Rossiya millionlab vatandoshlarimizni deportatsiya qilishga qaror qilsa bormi, O‘zbekistonda chinakamiga ijtimoiy-iqtisodiy bo‘hron boshlanib ketishi hech gap emas. Mantiqan olib qaraganda, rasmiylar mehnat muhojirlarining mehnatiga muhtoj bo‘lgan Rossiya iqtisodiyotiga hamda o‘zga yurtlarda qiyinchiliklarga chidab, vatanida qolgan yaqinlarini, oilasini qo‘llab turgan o‘sha "dangasalarga" rahmat aytishi kerak",- deydi Moskvaga pul ishlagani borgan "Farg‘ona" agentligi suhbatdoshi..

"Rosbalt" web-sayti Prezident Karimovning o‘zbek mehnat muhojirlarini "dangasalar" deb atashidan so‘ng, O‘zbekistonda maktab bitiruvchilarini chet elga yubormaslik harakati boshlanib ketganligi haqida yozadi.

Mahalliy o‘z-o‘zini boshqaruv organlariga bitiruvchi yoshlarni chet elga chiqarmaslik ustidan nazorat olib borish yuklangan. Qo‘yilayotgan talablar bajarilmagan taqdirda mazkur idoralar rahbarlari jazoga tortiladilar.

"Rosbalt"dagi maqola bilan tanishgan sayt o‘quvchilaridan Alyona "Garchi kechikkan bo‘lsa ham, to‘g‘ri qaror", deya fikr bildirgan.

Mazkur saytning boshqa o‘quvchisi Dmitriy Sentkov fikricha agar mamlakatning o‘zida sharoit yaratib berilganda edi, hech kim chetga chiqmagan bo‘lardi.

"CA-NEWS"da xabar berilishicha Toshkent shahrida buzib tashlangan garajlar soni 10 mingtadan oshgan. Sayt bu xabarni "Toshkent oqshomi" ro‘znomasiga suyangan holta tarqatgan.

Ro‘znoma xabarida qayd etilishicha, 2013 yilda jami 23,1 mingta garajni buzish rejalashtirilgan. Hozirga kelib, bu jarayonning 45% amalga oshirildi. Toshkent shahar hokimi qaroriga binoan, 2014 yil oxiriga borib, barcha shaxsiy garajlarni ko‘chirish (40,83 mingta) rejalashtirilgan. Ularning o‘rniga 496 ta zamonaviy avtomobil turar joyi qurilishi mo‘ljallangan. Hozirda ana shunday avtomobil turar joylarining 63 tasi foydalanishga topshirilgan.

Mazkur "CA-NEWS" saytida yozilishicha Jizzax viloyati OITSga qarshi kurash markazi tomonidan yashash joyidan uzoq muddatga chiqib ketib qaytib kelgan fuqarolar zudlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Joriy yilda hukumat tomonidan mazkur muassasada klinik-biokimyo laboratoriyasi ochish va uni jihozlash uchun 35 million so‘m ajratilgan. Bundan tashqari, markaz qoshida 12 ishonch xonasi va 5 laboratoriya faoliyat ko‘rsatayotir.

"Regnum.ru" web-sayti O‘zbekistonda noqonuniy ravishda metall qidirayotgan jinoyatchi guruh fosh etilgani haqida xabar tarqatgan.

O‘zbekiston huquq-tartibot maqomotining aniqlashicha jinoyatchilikda ayblanayotganlar Toshkent viloyatining mavzelaridan birida Vizantiya davriga oid antiqa qabrlarni qazishgan va talashgan.

Ayblanuvchilarning sariq metalldan yasalgan 14 ta buyumni ixtiyoriy ravishda topshirishgani qayd etilgan.

O‘tgan hafta O‘zbekiston web-saytlarida mamlakat sportchilari erishayotgan yutuqlarga keng o‘rin berildi. "Turkistonpress.uz" O‘zbekiston futbolchilarining jahon birinchiligida muddatidan ilgari nimchorak finalga chiqishganini xabar beradi. Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan bu musobaqada yigirma yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchilar nimchorak finalda Yunoniston terma jamoasiga qarshi o‘ynaydi.

"Turkistonpress.uz" "Har qanday holatda ham jamoamizning nimchorak finalga chiqqani katta muvaffaqiyat o‘zi", deb yozadi.

"Eronda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida olti yoshli shaxmatchimiz Islombek Sindorov uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi", deb yoziladi faxr bilan "Darakchi.uz"da. "Chempionatda yigirmaga yaqin davlatdan 270 nafar shaxmatchi qatnashgan bo‘lsa, ularning hech biri Islombek Sindorov ko‘rsatgan natijani takrorlay olmadi. Islombek chempionat doirasidagi uchala musobaqada ham o‘z tengqurlarini katta farq bilan ortda qoldirib, uchta oltin medalga sazovor bo‘ldi. U rapid va blits turnirlarda hamda klassik shaxmat bo‘yicha yettitadan, jami 21 partiya o‘yin o‘tkazib, shuning 20 tasida g‘alaba qozondi va o‘ziga xos rekord o‘rnatdi", deyiladi xabarda.

"O‘zbekistonda atrof-muhitga yetkazgan zarari uchun 20,6 ming nafardan ortiq mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan". Bu xabar "Rodrobno.uz"da berilgan.

Ushbu qonunbuzarlik holatlari uchun jami 1,98 milliard so‘mdan ortiq jarima qo‘llanilgan. 2011 yilda bu ko‘rsatkich 1,51 milliard so‘mni tashkil etgan edi. Atrof-muhitga salbiy ta‘sir ko‘rsatayotgan 253 ta inshoot faoliyati vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan. Natijada atrof-muhitga chiqarilayotgan zaharli moddalar miqdori 62,3 tonnaga kamaygan, deb yozadi "Rodrobno.uz".