Jahon chempionati: O‘zbekiston ilk bor chorak finalda

Image copyright AFP
Image caption O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining chorak finaliga chiqdi

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining nimchorak uchrashuvida yunonistonlik raqiblarini 3:1 hisobida mag‘lub etdi.

So‘nggi g‘alabasi ortidan, bu yilgi jahon chempionatida o‘z tarixida ilk bor nimchorak finaliga chiqqan jamoa birinchi bor chorak finaliga ham chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Ayni o‘rinda shuni ham alohida ta‘kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston yagona kubok uchun kurashini davom ettirayotgan 16 milliy terma jamoa orasidan bu sharafni qo‘lga kiritgan birinchi jamoa bo‘ldi.

Gaziantep shahrida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi uchrashuvda hisobni O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi ochdi.

26-daqiqada kiritilgan ilk to‘pni Abbosbek Mahstaliyev o‘z hisobiga yozdi.

Oradan 7 daqiqa o‘tib, yunonlar 11 metrlik jarima to‘pi yordamida hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Uchrashuvning 1-bo‘limi 1:1 durang hisobi bilan yakunlandi.

2-bo‘limning 61-daqiqasida bu gal yunonlar darvozasiga qarshi belgilangan 11 metrlik jarima to‘pini Igor Sergeyev bexato tepdi.

Ayni shu daqiqada, hakamning xatosi bilan yana bir sariq kartochka olgan Dmitrios Kourmpelis maydonni tark etdi.

Orada O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasida hisobda yanada oldinga chiqib olishning boy berilgan qator imkoniyatlari bo‘ldi.

Ammo 83-daqiqada Sardor Rahmonov tomonidan amalga oshirilgan yana bir 11 metrlik jarima to‘pi hisobni O‘zbekiston foydasiga 3:1 ga yetkazdi.

86-daqiqada qizil kartochka olib, maydonni tark etgan Boburbek Yo‘ldoshev va bugungi o‘yinda sariq kartochkalari soni ikkitaga yetgan Sardor Rahmonovlar chorak final uchrashuvida maydonga tushmaydigan bo‘lishdi.

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi endi 6 iyul kuni chorak final bellashuvida Frantsiya-Turkiya uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.

Ikkovlon orasidagi nimchorak uchrashuvi birozdan so‘ng Gaziantep shahrida bo‘lib o‘tadi.

So‘nggi daqiqalardagina Meksikani 2:1 hisobida mag‘lub etgan Ispaniya esa, O‘zbekistondan keyin chorak finaliga chiqqan ikkinchi milliy terma jamoa bo‘ldi.

Bashoratlar qanday edi?

Image copyright uff.com
Image caption O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov yoshlarga ishonishini aytmoqda

"Yunonlar Ovro‘po chempionatida 2-o‘rinni olib, jahon chempionatida ishtirok etishayapti. O‘yinlarini ko‘rdik. Yunonlar ham judayam kuchli jamoa. Ko‘rinib turibdi. Yigitlariyam judayam baquvvat. Bunaqa pley-off uchrashuvlarida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanilsa, o‘sha jamoa yutib ketadi. Men o‘ylaymanki, bu narsa yigitlarimizning qo‘lida", deydi u.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonlik Bosh murabbiy futbolda bashorat qilishni yoqtirmasligi, lekin o‘zbekistonlik yoshlarga ishonishini aytadi.

"Judayam jamoaviy o‘yin ko‘rsatishayapti. Albatta, men bugungi o‘yinda eng avvalo yigitlarga omad tilab qolaman. Jamshid Iskandarov o‘ynamasligiga qaramay, o‘ylaymanki, jamoaga Fomin ham qo‘shiladi va bugun qoniqarli natija bo‘ladi. Va, albatta, men bunga ishonaman".

Image copyright AFP
Image caption O‘zbekiston yoshlarining nimchorak finalidagi raqibi Yunoniston amaldagi Ovro‘po vitse-chempioni hisoblanadi

"Futbolda shu yaratilgan vaziyatdan foydalanib, iloji boricha raqibga imkon berilmasa, o‘ylaymanki, natija biz tarafda bo‘ladi", deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.

O‘zbekistonlik murabbiy, "buning bitta o‘yin bo‘lishi, yo‘l qo‘yilgan bitta xato judayam qimmatga tushishi mumkinligi"ni alohida ta‘kidlaydi.

"Chunki, agar, kechagi o‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, turklar yengilib turganiga qaramasdan, Avstraliyaga qarshi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda ikkita to‘p urib, jahon chempionatidagi ishtirokini davom ettirishmoqda. Shuning uchun ham, bunaqa o‘yinlar eng avvalo jamoaviy o‘yin. Shu sababdan ham, iloji boricha, himoyada hamma himoyalanib, iloji boricha tezkor hujum ko‘rsatib, raqibning xatosidan unumli foydalanish lozim bo‘ladi", deydi Mirjalol Qosimov.

"Menimcha, yunonlar ham unaqa ochiq o‘yin o‘ynamaydi. Baribir ham bu - birinchi pley-off. Shuning uchun ham, 1-bo‘limda O‘zbekiston ham, Yunoniston ham ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi, deb o‘ylayman. Ko‘proq standartlar va qarshi hujumda xatoga yo‘l qo‘yilmasa, bas".

"Faqat g‘alaba uchun"

Image copyright uff.com
Image caption O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Ahmadjon Musayev "har bir o‘yinda maydonga faqat g‘alaba uchun tushishlari"ni alohida urg‘ulagandi

Bundan avval BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatlarida O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Ahmadjon Musayev "har bir o‘yinda maydonga faqat g‘alaba uchun tushishlari"ni alohida urg‘ulagandi.

O‘z oldlariga qo‘yilgan maqsadni ochiqlarkan, Ahmadjon aka, "Uzoqni ko‘zlashlari, lekin oyoqning tagiga ham qarab yurilmasa, qoqilib qolish mumkinligi falsafasi"ga tayanishlarini aytgandi.

2011 yilgi jahon chempionatining chorak finaliga chiqib, tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston O‘smirlar milliy terma jamoasi a‘zosi Javlon Mirabdullayev ilk bor yoshlar orasidagi dunyo birinchiligining chorak finaliga chiqish sobiq jamoadoshlarining o‘zlariga bog‘liq ekanini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Tarixiy uchrashuv bugun - 2 iyul kuni Turkiyaning Gaziantep shahridagi "Komil O‘jak" stadionida Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi.

O‘zbekiston yoshlari Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining guruh bosqich bellashuvlarida 3 o‘yindan 4 ochko to‘plab, o‘z tarixlarida ilk bor va muddatidan ilgari pley-off bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Jamoa ilk uchrashuvida Yangi Zelandiyani yirik hisobda mag‘lub etgan, Xorvatiya bilan durang o‘ynagan va Urugvayga qarshi so‘nggi o‘yinini boy bergandi.

Amaldagi Ovro‘po vitse-chempioni bo‘lgan Yunoniston esa, nimchorak finaliga "D" guruhidan 1-o‘rinni egallagan holda chiqqan.

Guruh bosqich bellashuvlarini Meksikaga qarshi g‘alaba, Paragvay va Mali bilan durang o‘ynab, yakunlagan.

Eng so‘nggida shuni ham eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston-Yunoniston nimchorak o‘yini g‘olibi 6 iyul kuni chorak finalda Frantsiya-Turkiya uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.

Image copyright AFP
Image caption O‘zbekiston-Yunoniston, Frantsiya-Turkiya uchrashuvini tomosha qilish uchun stadionga 10.000ga yaqin tomoshabinning kelishi kutilmoqda

Eslatib o‘tamiz, yoshlar orasidagi 2013 yilgi jahon chempionati 21 iyun kuni Turkiyada start olgan va 24 milliy terma jamoa yagona kubok uchun kurashlarini boshlab yuborishgandi.

Chorak finalga chiqish uchun esa, Frantsiya, Turkiya, O‘zbekiston, Yunoniston, Portugaliya, Gana, Xorvatiya, Chili, Iroq, Paragvay, Kolumbiya, Janubiy Koreya, Nigeriya, Urugvay, Ispaniya va Meksika kurash olib borishmoqda.

Bugun - 2 iyul kuni 16 jamoadan sakkiztasi nimchorak final bellashuvlarini o‘tkazishadi.

Ispaniya - Meksika, O‘zbekiston - Yunoniston, Nigeriya - Urugvay va Frantsiya - Turkiya bir-birlariga qarshi maydonga tushishadi.