Frantsiya: Gulnora Karimovaga tegishli ikki ko‘chmas mulk "xatlangan"

Image copyright BBC World Service
Image caption Gulnora Karimova Ovro‘podagi ta‘tilini to‘xtatib, Toshkentga qaytishga majbur bo‘lgani aytiladi

Toshkentdagi "Fond Forum"ga yaqin manba‘ BBCga frantsuz politsiyasi Gulnora Karimovaga tegishli ikki ko‘chmas mulkni xatlaganini tasdiqladi.

Manba‘ning bildirishicha, 17 va 18 iyun kunlari Gulnora Karimovaga tegishli Parijdagi hashamatli uy va San Trope oromgohidagi villaga muhr bosilgan.

Fransuz politsiyasi Shveytsariyada tergov qilinayotgan noqonuniy pullarni yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida amal qilgani aytiladi.

Shveytsariya prokuraturasi Frantsiya huquq-tartibot idoralarining o‘z so‘roviga binoan O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qiziga tegishli ekani aytilgan bir necha manzilga reyd uyushtirganini tasdiqlagan.

Aytilishicha, amaliyotdan maqsad "hujjatlarni qo‘lga kiritish bo‘lgan".

"Favqulodda vaziyat"

Toshkentdagi manba‘ning BBCga ma‘lum qilishicha, reyd uyushtirilgan kunlar Gulnora Karimova Ovro‘po mamlakatlaridan birida oilasi bilan dam olayotgan bo‘lgan.

Reydlar borasidagi xabarni eshitgach, O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.

"Hozirda u mazkur reydlar yuzasidan advokatlar yollashga harakat qilmoqda", - deb aytdi ushbu manba‘.

Hodisani yaqindan tadqiq qilgan Organized Crime and Corruption Reporting Project ning BBCga aytishicha, mulkni sotib olish uchun Gulnora Karimova 95 foiz ulushga ega bo‘lgan ikki maxsus shirkat ta‘sis etilgan.

"Mazkur ikki shirkat "Invest Studio" va "InvestService Group" Shveytsariya va Shvetsiyada tergov ostida bo‘lgan va Karimovaning yaqin hamkorlaridan sanalgan Alisher Ergashev tomonidan boshqarilgan", deydi BBC manba‘lari.

Shveytsariya va Shvetsiyada tergov qilinayotgan jinoyat ishlari doirasida o‘zbekistonlik Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga nisbatan ayblov e‘lon qilingan, ammo Karimova xonimning o‘zi gumondor emas, deb ishoniladi.