Qozog‘istonlik rasmiy jurnalistni so‘kdi

Image copyright none
Image caption Qozog‘istonlik rasmiy hammaning ko‘z o‘ngida jurnalistni so‘kib soldi.

Qozog‘iston Milliy Kosmos Agentligi rahbari Talg‘at Musabayev matbuot kameralari o‘ngida jurnalistga qo‘pol muaomalada bo‘ldi.

Intervyu olish uchun qulay joyni ko‘rsatgan jurnalistni so‘kib, qo‘li bilan siltab tashlagani aks etgan video Internet orqali nashr etilgan.

So‘kinish so‘zlari bilan "ko‘zimdan yo‘qol", - deya haqorat qilgan Fazo agentligi rahbari, "Indamasam, boshimga chiqib olasan", deya po‘pisa ham qilgan.

So‘kish eshitgan KTK jurnalisti Yerbol Seilxan, "men sizga qayerda turish kerakligini ko‘rsatmoqchi edim xolos", - deya bergan izohiga qaramay fazogir va amaldor Musaboyev g‘azabidan tushmagan.

"Sen kimsanki, mening qayerda turishimni ko‘rsatasan", deya dag‘dag‘a qilgan janob Musaboyev ovozini yanada balandlatib.

Ushbu hodisa Fazo Agentligi rahbari Rossiyaning Proton-M raketasining Boyqo‘ng‘irda qulab tushishi ortidan bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlar oldiga intervyu berish uchun chiqqan vaqti ro‘y berdi.

Amaldorning o‘zini bunday tutishi, internetda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

"Sen kimsanki, jurnalistga "sen" deya murojaat qilasan. Mabodo u sening jiyaning yoki do‘sting bo‘lgan taqdirda ham sen ham u ham ishdasizlar. O‘zingni shunga moslab tut. Qovoqxonada pivo ichib o‘tirganda turtasan", - deya munosabat bildirgan Bakr ismli foydalanuvchi.

"Qalbni qimmatbaho kostyum ortiga yashirib bo‘lmaydi", - degan Janibek Trakbayev nomli o‘quvchi.

So‘kish eshitgan jurnalist Yerbol Seilxan amaldorni mahkamaga bermasligini ma‘lum qilgan.

"Bu vaziyatda janjallashib ketmaslik uchun o‘zimni tutishga harakat qildim. Bolaligimda Musabayevni hurmat qilardim, orzuim edi", - degan jurnalist tengrinews.kz saytiga.

Talg‘at Musabayev sobiq fazogir ham. U bir necha marta fazoga uchgan va xalq qahramoni unvonini olgan.

Qozog‘istonda jurnalistlar va amaldorlar o‘rtasida bunga o‘xshash holatlar oldin ham uchragan.

Jurnalist va jamoat faoli Andrey Tsukanov 26 aprel kuni Qozog‘istonning sobiq eng yosh vazirlaridan biri, Mehnat va Ijtimoiy himoya vaziri Serik Abdenovga matbuot anjumanida xom tuxum uloqtirgan edi.

Jurnalist vazir tomonidan himoya qilinayotgan nafaqa borasidagi qonunchilikka shu tariqa norozilik bildirgan.

O‘shanda vazir muloyimlik bilan jurnalistlardan ketib qolmaslikni so‘ragan va kiyimini almashtirib chiqib matubot anjumanini davom ettirgan. Jurnalist tartibni buzgani uchun 7 sutka qamalgan.

Keyinroq prezident Nazarboyev Abdenovni vazirlik lavozimidan bo‘shatgan edi.

Rasmiylar nima uchun jurnalistlarni haqorat qilishni o‘zlariga ep ko‘radilar? Bu holat ne qadar keng tarqalgan, deb o‘ylaysiz?