Mehnat muhojiri yana firibgarga uchradi

  • 4 Iyul 2013
Image copyright none

Mehnat muhojirlarini aldash, ularni xujjatlarini olib qo‘yib ishlatish Rossiyada ishlayotgan Markaziy Osiyoliklar hayotida ko‘p uchraydi.

Surxondaryolik Farrux Raxmonov ham ana shunday jabrdiydalarning biriga aylandi.

U ishlash uchun Sankt-Peterburgga kelgach, avvalo xujjatlarini qonuniy tayyorladi: vaqtinchalik yashash uchun ro‘yxatdan o‘tdi, ishga ruxsatnoma oldi. Keyin esa ish izlay boshladi.

Internetdan firmalarning biriga mebellarni yetkazib berish bo‘yicha haydovchi kerakligini o‘qib qoldi. O‘ziga mos ishdek ko‘ringan bu e‘londa ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi.

Farruxga suhbat uchun Vosstaniya ko‘chasi 1-uyda joylashgan biznes markazga kelishi lozimligini aytishdi.

- Meni belgilangan vaqtda o‘zini xodimlar bo‘limining boshlig‘i, deb tanishtirgan kishi kutib oldi, - deydi Farrux Raxmonov.

"Ichkarida odam ko‘pligi uchun pastda gaplashdik. U mendan xujjatlarimni bir necha daqiqaga so‘rab oldi. Xujjat nusxalarini ofisda xodimlar bazasiga kiritib chiqishini, men esa shu yerda kutib turishimni aytib ichkariga kirib ketdi. Ammo "boshliq" ancha vaqt yo‘q bo‘lib ketdi. Yarim soatlardan ziyod chamasi vaqt o‘tgach, unga qo‘ng‘iroq qildim. Ammo "boshliq"ning telefoni o‘chirilgan edi. Ancha vaqtdan keyin esa uning o‘zi menga qo‘ng‘iroq qilib, uning hisobiga 5000 rubl o‘tkazsamgina xujjatlarimni qaytarishini aytdi", deya hikoya qiladi Farrux.

Shundan keyin Farrux Raxmonov firmaning ofisini topishga harakat qildi. Biroq biznes markazi xodimlari e‘londa ko‘rsatilgan shirkat bu binoda yo‘qligini aniqlashdi.

O‘zini ish beruvchi qilib tanishtirgan kishining ism-sharifi bino ijarachilari ro‘yxatidan ham chiqmadi. Xullas, navbatdagi firibgarlik!

Farrux avvaliga politsiyaga murojaat qildi, ammo politsiya bo‘limi xodimlari migrantlardan shikoyat qabul qilmasliklarini aytib rad etishdi.

Shundan so‘ng Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlariga yordam berish Fondiga ko‘mak so‘rab bordi.

Bu yerda huquqshunoslar F.Rahmonovning arizasini qabul qilish borasida shahar Ichki Ishlar Boshqarmasini ogohlantirdilar.

Fondning aralashuvidan so‘nggina, oradan ikki kun o‘tib, jabrlanuvchining arizasi qabul qilindi. Ayni paytda surishtiruv ishlari boshlangan.

"Bu mehnat muhojirlarini aldashning eng keng tarqalgan usuli, - deydi Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlariga yordam berish Fondi rahbari Igor Belousov. - Chet ellik fuqarolarning ish haqlarini berishmaydi, og‘ir sharoitlarga joylashtirishadi, qullikka olishadi. Endi esa yana bir firibgarlik tizimini o‘ylab topishibdi - ish haqidagi taklif va hech qanday jismoniy kuchlarsiz ularning hujjatlarini olib qo‘yib evaziga pullarini shilish. Hozir hatto bu "ish beruvchi" topilganida ham firibgarlikni isbotlash qiyin. Chunki ular gaplashishganida yonlarida hech qanday guvohlar bo‘lmagan. F. Rahmonov esa hozir pasport va FMX dan berilgan hujjatlarsiz qolgan, hatto vataniga ham qaytib keta olmaydi".

Ayni paytda Fond xodimlari soxta rahbarni topish uchun imkon qadar harakat qilmoqdalar va bu muammoni tinch yo‘l bilan hal etish niyatidalar.