Tojikiston prezidenti masjidlar imomlariga bir xil libos kiyishga buyruq berdi

Image copyright BBC World Service
Image caption Janob Rahmon Tojikistonni 20 yildan buyon idora etib keladi

Tojikiston prezidenti mamlakat diniy qo‘mitasi mas‘ullariga shu yil oxiriga qadar masjidlar imom-xatiblarini maosh bilan ta‘minlash vazifasini yuklagan.

Davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, Imomali Rahmon shuningdek bu qo‘mitaga 2014 yil boshiga qadar masjidlar imom-xatiblarini bir xil maxsus libos bilan ta‘minlashga buyruq bergan.

Bu amr Imomali Rahmonning turli viloyatlardan Dushanbega kelgan ziyolilar, ruhoniylar va faollar bilan uchrashuvi paytida yangragan.

Janob Rahmon uchrashuvni o‘tkazishdan maqsad Tojikistonda diniy faoliyatni yaxshilash ekanini aytgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, masjid imomlarini bir xil libos bilan ta‘minlash Tojkiston davlati byudjetidan olinishi mumkin.

Hozirga qadar imom-xatiblar ibodat qiluvchilarning masjidlarga bergan moddiy yordami hisobiga faoliyat ko‘rsatishayotgandi.

Prezident Rahmon imomlarni maosh bilan ta‘minlash haqida topshirig‘i amalda masjidlar faoliyatining davlat nazoratiga o‘tishini anglatadi.

Zero, Tojikiston konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakatda din va davlat faoliyati bir-biridan ajratilgan.

Boshqa tomondan, ba‘zi tanqidchilarga ko‘ra, janob Rahmonning mazkur qadami mamlakatda bo‘lib o‘tishi kutilgan prezidentlik saylovi arafasida o‘z shaxsiga e‘tibor qaratishning bir yo‘lidir.

Masjid imomlariga maosh berish kerakmi yoki yo‘q, degan masala atrofidagi tortishuvlar Tojikistonda shu yil boshidan buyon davom etayotgandi.

Shu yil aprelida Tojikiston diniy qo‘mitasi raisining muovini Mavlon Muxtorov agar imom-xatiblarga maosh berilsin, degan qaror chiqsa, mablag‘ davlat byudjetidan ajratilishi mumkinligini aytgandi.

Ammo diniy masalalarda tahlilchi Abdulloh Muhaqiq aytishicha, imom-xatiblar va masjidlarning boshqa xodimlariga maoshlar musulmonlarning xayriya pullari hisobiga ta‘minlanishi ehtimoli baland.

"Man imom-xatiblar va xodimlar maosh bilan tayinlansa, bundan faqat masjidlar foyda ko‘radi, deb o‘ylayman. Va bu bilan imom-xatiblar o‘z faoliyatlaridagi ozodlikni qo‘ldan berib qo‘yishmaydi", - deb aytdi Abdulloh Muhaqqiq.

Ayni paytda Tojikiston hukumatiga muxolifatda bo‘lgan kuchlar matbuotida janob Rahmonning uzoq yillardan buyon mamlakatni idora etib kelayotgani va mamlakatdagi asosiy lavozimlar uning oilasi a‘zolari va yaqinlari o‘rtasida taqsimlanganini tanqid qilishmoqda.