Ekonomist Tojikistonning "xalqdan uzoq prezident"i haqida

Image copyright You Tube
Image caption Raqsida Prezident Rahmon...

Nufuzli Ekonomist jurnali Tojikistondagi siyosiy vaziyatga doir maqola e‘lon qilgan.

"Prezident musiqani tushunmaydi, xalqdan uzoq va g‘azabda", deb atalmish bu maqolada Imomali Rahmonning 21 yildan qudratda qolayotgani va mamlakatdagi realliklardan tobora uzoqlashayotgani tilga olinadi.

"Internetda Imomali Rahmon o‘z o‘g‘lining to‘yida qo‘shiq kuylagani va raqsga tushgani aks etgan video paydo bo‘larkan, uning hukumati bundan Tojikiston prezidenti insoniy qiyofasini ko‘rsatishda foydalanishi mumkin edi. Aksincha, hukumat YouTubega to‘siq qo‘ydi va to‘y bazmlarida xizmat qiluvchi suratkashlarni so‘roqqa tuta boshladi", deb boshlaydi Ekonomist o‘z maqolasini.

Maqola muallifiga ko‘ra, mazkur holat G‘arbni ham xavotirlantirmay qo‘ymaydi.

Chunki, Tojikiston allaqachon Afg‘onistondan chiqib ketayotgan NATO uchun qisman tranzit yo‘liga aylangan.

"Xalqaro tashkilotlar Tojikistonda kechgan biror bir saylovni qachon erkin va adolatli deb ta‘riflashmagan", deb yozadi Ekonomist.

Ammo, bu yil saylovoldidan hukumatning muxoliflariga qarshi qasos amallari avvallari misli ko‘rilmagan bir holatdir.

Mart oyida muxolif ovozlardan biri butunlay g‘oyib bo‘ldi.

Aprel oyida esa, Islomiy muxolifat vakillaridan biri ayovsiz do‘pposlandi.

May oyiga kelib sobiq sanoat vaziri - hozirda biznesmen Zayd Saidov bundan sakkiz yil avvalgi voqea bahonasi bilan hibsga olindi. Poraxo‘rlikda ayblandi.

Sal avvalroq, u yangi siyosiy partiya tuzgan edi.

"Endilikda esa, uning nomini davlat matbuoti orqali bulg‘ashayotir", deb yozadi Ekonomist jurnali.

Himoyachisi bilan ko‘rishishga ruxsat berishmayapti.

Uning safdoshlari, Tojikistonning ehtimolki eng aqlli va uddaburon shaxslari qo‘rqitilmoqda.

Ularga o‘lim tahdidi qilib qo‘ng‘iroqlar qilishmoqda.

Xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari ularning izlariga tushishmoqda.

Matbuot erkinligi mustaqil tashkilotidan bo‘lmish Nuriddin Qarshiboyev: "O‘tgan yigirma yil ichida vaziyat bu qadar yomon bo‘lmagandi", deydi.

Saidov janoblarining ishi, Qarshiboyevga ko‘ra, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun ogohnomadir.

Rahmon janoblari Islom Uyg‘onish Partiyasidan o‘zining naqadar demokratik qadriyatlarga loyiqligini ko‘z ko‘z qilishda foydalanadi.

Bu orada bir necha mustaqil nashrlarga ham toqatlilik va hur fikrlik belgilari o‘laroq ishora qiladi.

Ammo, Islom Uyg‘onish partiyasi rahbarlariga tahdidlar, ularni kaltaklab ketish holatlari tez-tez ro‘y beradi.

Aprel oyida asosiy muxolifat kuch bo‘lgan bu partiya xalqaro anjuman o‘tkazish rejasi bilan chiqdi.

Ekonomistga ko‘ra, hukumat aynan shu kunlar mamlakatga kirish vizalarini berishni to‘xtatib qo‘ydi.

Ayni paytda davlat televizioni Rahmon janoblarini "baxtiyor bolalar" bilan uchrashuvlari, uni bayroqlarni hilpiratib kutib olishlari va yana bolalar unga atab she‘rlar o‘qishlarini bot-bot ko‘rsatadi.

Imomali Rahmon mamlakatda fuqarolar urushiga chek qo‘ygan rahbar o‘laroq ko‘riladi.

"Ammo, uning bu tinchlikparvar degan sifati ortiq yetarli emas. Urushdan keyin ulg‘aygan avlodga ish yo‘q. Iqtisodni asosan Prezident Rahmonning oilasi egallab olgan", deb yozadi Ekonimist.

G‘arb diplomatlaridan biri: "Tojikistonda feodal tuzum...Tepada o‘tirganlar to imkoniyat bor ekan o‘z cho‘ntaklarini qappaytirish harakatidalar", deydi.

Rahmon janoblarining bir ko‘zi Rossiyada...Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari ishlariga aralashib kelishi tarix haqiqati va buni Tojikiston Prezidenti yaxshi biladi.

Kreml Rahmondan norozi. Sabab, Rossiyaning harbiy bazasi ijara muddatini cho‘zishni Rahmon janoblari paysalga solib kelishi bilan bog‘liq...

Rossiyaning Tojikistonga bosim richaglaridan eng qulayi - kamida bir millionlik tojikistonlik mehnat muhojirlaridir.

Ayrim taxminlarga ko‘ra, bu Tojikiston ishchi kuchining yarmini tashkil qiladi.

Ular jo‘natadigan mablag‘lar Tojikiston yillik g‘aznasining yarmi atrofida...

Buni Rahmon biladi. Biladiki, agar Rossiyaning toqati toq bo‘lsa, bir necha uchoqlarda mehnat muhojirlarini vataniga jo‘natadi.

Dushanbeni talato‘plar ichida ko‘rish uchun mana shu qadamning o‘zi yetarlidir.