Gulnora Karimova, Fond Forum va yo katta siyosatga intilishlar

Image copyright none
Image caption Gulnora Karimova Fond Forum raisasi sifatida madaniyat sohasiga taalluqli tadbirlarni tashkillashtirib keladi

O‘zbekistondan olinayotgan tobora ko‘proq xabarlar Gulnora Karimovaning oxirgi vaqtlardagi faolligi Prezident Islom Karimov atrofida hokimiyat uchun talashuv kuchayib borayotganidan dalolat ekani haqidagi ishoralarni tasdiqlamoqda.

Birinchi ishorani ommaga Gulnora Karimovaning o‘zi berdi. U hukumatdagi raqiblarini Twitter ijtimoiy tarmog‘ida korruptsiya va kasbiy no‘noqlikda aybladi.

Gulnora Karimovaning o‘z raqiblariga qarshi ochiqdan-ochiq tanqidiy chiqishlari tarafdorlari orasida u o‘zbek siyosiy sahnasidagi muqobil kuch degan tasavvurni uyg‘otdi.

Karimova 2014 yildagi parlament va undan keyingi prezidentlik saylovlarini tilga olgan ittifoqdoshlarining Twitterdagi yozuvlarini tanlab olib o‘z mikro-blogida qayta nashr etmoqda.

Gulnora Karimova ham siyosiy va ham siyosiy bo‘lmagan qo‘llab-quvvatlovni O‘zbekistonda eng yirik nodavlat tashkilot deb sanalgan Fond Forum – "O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi" jamg‘armasining turli xil tadbirlari orqali qo‘lga kiritishga urinmoqda.

2004 yili tashkil topgan va nomi hatto qattiq davlat nazorati ostidagi o‘zbek tilidagi ommaviy axborot vositalarida ham Fond Forum deb ataladigan jamg‘arma glamur moda-shoularidan tortib, to zamonaviy texnologiyaga chanqoq o‘zbek yoshlari ishtirokidagi onlayn seminarlargacha boshqarib keladi.

Fond Forumning keng qamrovi

Jamg‘armani yaqindan bilganlardan birining aytishicha, bir necha yil mobaynida Fond Forum O‘zbekiston aholisi turmushining turli jihatlarini nazorat qiluvchi tashkilotga aylanishga muvaffaq bo‘lgan.

Bular xotin-qizlar masalalari, siyosat, xayriya tadbirlari, fermerlar va kichik tadbirkorlarni rag‘batlantirish deb aytilayotgan loyihalar, grantlarni tarqatish kabi harakatlarni qamrab oladi.

Mahalliy matbuot vositalariga ko‘ra, moliyaviy yordamning bir qismi Fond Forum qoshidagi "Mehr Nuri" xayriya tashkilotining tadbirlari vositasida aholining diniy qatlamlariga ham qaratilgan.

Bir necha yil mobaynida Gulnora Karimova Fond Forum raisasi sifatida madaniyat sohasiga taalluqli "Asrlar sadosi" va yoshlar uchun "Kelajak ovozi" kabi tadbirlarni tashkillashtirib keladi. Mamlakatda Fond Forumning qamroviga kirmagan birorta madaniy yoki gumanitar soha deyarli qolmagan deb aytiladi.

Fond Forum fermerlik va kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlayotganini iddao qiladi. Ushbu tashabbuslar ortida yotgan haqiqiy sabablarni o‘rganishga harakat qilgan BBC korruptsiya keng qamrov olgan yopiq jamiyatda qassodga uchragan kichik biznes yoki o‘z joniga qasd qilgan fermerlar borasida xabarlarni qo‘lga kiritishga muvafaq bo‘ldi.

O‘tgan yili katta shov-shuvlar bilan keng ko‘lamda reklama qilingan "1000 ta nikoh va 1000 ta sunnat to‘y" kam ta‘minlangan oilalar uchun mo‘ljallangan xayriya ishlari deb aytilgandi. Biroq, ko‘pgina holatlarda aksar xarajatlar viloyatlardagi mahalliy hokimiyat va kichik biznes egalarining cho‘ntaklaridan qoplangani aniqlandi.

Mohiyatan o‘zbek xalqiga begona deb ta‘riflangan bu tadbirlar aholi va faollar orasida tanqidga uchragani aytilgan. Ba‘zilar Gulnora Karimova o‘zining mavqeidan foydalanib, O‘zbekistondagi keng tarqalgan majburiy bolalar mehnatini to‘xtatishga harakat qilishi kerak qabilada yozishgan.

Shveytsariyaning Bilan internet iqtisodiy jurnaliga bergan intervyusida Gulnora Karimova Fond Forum yetti million kishiga yordam qiladi, deb yozgan. Bilan jurnali Karimovaning xorijiy telekommunikatsiya dunyosi bilan shubhali aloqalari borasida savol so‘raganida, bu kabi da‘volar uni o‘zining asosiy faoliyatidan chalg‘itishini aytgan, ya‘ni, Fond Forum mamlakat aholisining to‘rtdan bir qismiga yordam berayapti, degan iddao yangragan.

Davlat ichidagi davlatmi?

O‘zbek muxolifatining da‘vo qilishicha, Gulnora Karimova muhim ma‘muriy va moliyaviy zaxiralarni o‘z qo‘lida jamlab olgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Gulnora Karimova o‘z siyosiy ishtahasini dastaklab turgan daromadli biznes ustidan nazorat o‘rnatgan.

Fond Forum o‘z rasmiy saytida jamg‘arma dunyo bo‘ylab AQShdan tortib to Yaponiyagacha qator o‘z vakolatxonasiga ega ekanini e‘lon qilgan.

Gulnora Karimova bir necha bor Fondning xalqaro vakolatxonalarini boshqarish oson emasligini ham tilga olgan. Biroq, BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Fond Forum xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston elchixonalaridan faoliyat yurg‘izmoqda.

Buning ustiga, vakolatxonalarni boshqarayotgan xodimlar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan maosh olayotgan diplomatlar ekanlari ochiqlangan.

Ba‘zi elchixonalardagi diplomatlarning ikki xodimi madaniyat attashelari lavozimida ishlamoqda. Chet mamlakatlardan birida joylashgan elchilikdagi manbaning aytishicha, madaniyat attashelaridan biri faqat Fond Forumga tegishli turli xil loyihalari bilan mashg‘ul.

Faqat Frantsiyada jamg‘arma tadbirlarini yuritish O‘zbek elchixonasidan tashqari bo‘lgan Frantsiya fuqarosiga yuklangan.

Opa-singillar

Parijda joylashgan O‘zbekiston elchixonasi Fond Forum faoliyatini yoritmayotgan yagona elchixona.

Aksar sharhlovchilarning ishonishlaricha, O‘zbekiston prezidentining kichik qizi Lola Tillayeva-Karimova UNESCOdagi O‘zbekistonning doimiy vakili lavozimini egallashidan oldin Fond Forumning tadbirlarini Frantsiyada targ‘ib qilishni istamagan bo‘lishi mumkin.

Ba‘zi manbalarga ko‘ra, Prezident Karimovning oilasida ikki qizi o‘rtasida kelishmovchilik mavjud.

Aynan o‘sha manbalarga ko‘ra, "dunyoqarashlari to‘g‘ri kelmagani sabab" o‘n yildan ortiq opa-singil bir-birlari bilan gaplashmaydi.

Prezidentlikka intilishlari

O‘tgan yil mart oyida Gulnora Karimova amerikalik shou-biznes jurnalisti Pit Almanga bergan intervyusida aytishicha, toki u o‘zi sinab ko‘rmagunga qadar , prezident bo‘la olishi yo-da, bo‘la olmasligi borasidagi savolga javob berolmaydi.

Xuddi shu savolni Fond Forum tashkillashtirgan matbuot anjumanida Shov-Shov.uz web-sayti asoschisi Jasur Hamroyev ham berdi.

U Gulnora Karimovadan 2014 yildagi parlament saylovlari va 2015 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish niyatlari xaqida so‘radi.

Biroq, yig‘ilishda qatnashganlarning aytishlaricha, Gulnora Karimova mavhum javob bergan. "Agar Xudoni kuldirmoqchi bo‘lsang, unga kelasi besh daqiqada nima qilishni istayotganingni ayt", deb javob qaytargan rus tilida.

O‘tgan yildan beri Shvetsiya televideniyesida yangragan qator iddaolar Gulnora Karimova va Teliasonera telekommunikatsiya shirkati o‘rtasida o‘rnatilgan aloqalarning shubhali mohiyatini savol ostiga olgan.

Shved jurnalistlarining da‘vo qilishlaricha, O‘zbek bozoriga kirish uchun Gulnora Karimova go‘yoki Teliasonera shirkatidan ko‘p millionli pora talab qilgan.

Shved jurnalistlari so‘ngi tadqiqotida Teliasonera rahbarlari Gulnora Karimovaning xayriya tadbirlari ("Asrlar sadosi", "Kelajak ovozi" va Style.uz) ga pul o‘tkazganlarini tan olishgan.

Biroq, Karimova bu haqda Twitterda chiqib, Shvetsiya teledasturi bu iddaolari bilan saylovoldi harakatlari oldidan uning odamlar orasida qozongan obro‘siga putur yetkazishni maqsad qilgan deb yozgan.

Uning bir necha tarafdori mazkur iddaolarga javoban Twitterda yozishicha, "ayrim siyosiy kuchlar Gulnora Karimovaning aholi orasidagi ortib borayotgan obro‘siga bosim o‘tkazishga urinmoqdalar. U ular uchun qulay nomzod emas".

Shved jurnalistlari qo‘liga tushgan va Gulnora Karimovaning dastxati deb iddao qilingan hujjatlarda Fond Forum sponsorlik loyihalarida hech qachon tilga olinmasligi kerakligi yozilgan.

Ehtimol, Gulnora Karimova O‘zbekiston siyosatida o‘z kelajagini ko‘zlab homiylik pullari Fond Forumning imidjiga dog‘ tushirmasligi maqsadida o‘ziga xos rejalarni parvarishlab yurgandir.