Abu Qatada Britaniyadan Iordaniyaga deportatsiya qilindi

Image copyright PA
Image caption Abu Qatada deportatsiya qilinishiga qarshi sakkiz yil kurashdi.

Musulmon da‘vatchi Abu Qatada Britaniyadan sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan Iordaniyaga yetkazilgan. U yerda Qatadani terrorizm ayblovi bo‘yicha mahkama kutayapti.

Abu Qatada bo‘lgan maxsus uchoq yakshanba kuni tong sahar Britaniyaning Nortxilt bazasidan uchib ketgan.

Iordaniyadagi manbalarning BBCga aytishicha, besh soatlik parvozdan so‘ng musulmon da‘vatchi to‘g‘ri davlat xavfsizligi maxsus mahkamasiga yetkazilgan.

Ayblov o‘qib eshittirilgach, Qatada turmaga olib ketiladi.

Britaniya hukumati Abu Qatadani milliy xavfsizlikka ziyon yetkazuvchi hisoblab, 10 yil davomida deportatsiya qilishga harakat qilib keldi.

Haqiqiy ismi Umar Usmon bo‘lgan Abu Qatada bir necha bor o‘zining deportatsiya qilinishi haqidagi qarorni to‘xtatishga erishgan edi.

Qatadaning himoyachisi Iordaniyada Abu Qatadaga qarshi ko‘rsatmalarda qiynoqlar ishlatilmasligiga shubha qilishini aytgan.

Iordaniya hukumati Britaniyaga imom xavfsizligi yuzasidan yetarli kafolatni bergan.

Nihoyat Britaniya va Iordaniya o‘rtasida uni "qiynoqlarga solinmasligi" haqidagi kelishuv imzolangach, bu masalaga nuqta qo‘yildi.

Iordaniya rasmiylari Qatada ustidan mahkama xalqaro talablar darajasida, shaffof va adolatli bo‘lishini va‘da bergan.

Aytilishicha, Abu Qatadani deportatsiya qilish bo‘yicha ko‘p sonli mahkamalar Britaniya g‘aznasiga 1,7 million funt sterling(2,5 mln. dollar) ga tushgan.

Image copyright REUTERS
Image caption Qatada Iordaniyaga parvoz qilgan uchoqda yana olti kishi bo‘lgan.

Ilk bor 2007 yilda Qatadani deportatsiya qilish haqida muhojirlar ishini ko‘rib chiqadigan maxsus komissiya qarori chiqarilgan.

Abu Qatadani Belmarshdagi qattiq tartibdagi qamoqxonadan yarim tunda politsiya qo‘riqchiligida harbiy bazaga olib kelingan.

Uchoqda Iordaniya maxsus xizmatining uch xodimi, shifokor, ruhshunos va Qatadaning himoyachisi bo‘lgan.

"Bu xavfli shaxsni mamlakatimizdan chiqarib, o‘z vatanida mahkamaga yuz tutishiga erishdik", deb aytgan Britaniya Ichki Ishlar vaziri Tereza Mey.

Abu Qatada 20 yil oldin Britaniyaga qochqin bo‘lib kelgan. Iordaniyada unga Amerika maktabi va sayyohlar boradigan joylarni portlatishni uyushtirish ayblovlari qo‘yilgan.