Misr: Qohirada Mursi tarafdorlari otib o‘ldirildi

Image copyright Getty

Misr poytaxti Qohirada ertalabdan zo‘ravonliklar yuz bergan.

Rasmiylar va Musulmon Birodarlariga ko‘ra, politsiya hamda armiya qo‘shinlari Respublika Qo‘riqchilari inshootida norozilik bildirayotganlar odamlarga qarshi haqiqiy o‘q-dorilar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.

Ularning aytishlaricha, hodisada kamida 42 inson o‘ldirilgan, yana qator insonlar tan jarohati olishgan.

Shifoxona manba‘lari kamida 15 kishi hayotdan ko‘z yumganini aytishadi.

Vazifasidan chetlatilgan prezident Mursining tarafdorlari hodisani qirg‘in deya ta‘riflashgan.

Ularning aytishlaricha, xavfsizlik kuchlari ogohlantirmay, kutilmaganda hujum qilishgan.

Armiya esa, hodisani butunlay o‘zgacha shaklda taqdim qiladi.

Harbiylikka ko‘ra, respublika qo‘riqchilari baraklariga "qurolli terrorchilar" hujum qilishga uringan.

Hodisada bir askar ham nobud bo‘lgani, yana biri jarohatlangani xabar beriladi.

Norozilik chiqishlarining xavfsizlik kuchlari tarafidan bu shaklda bostirilishi Qohirani falaj holatga solgan.

Boshqa tomondan, zo‘ravonlik mamlakatdagi siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan urinishlar uchun zarba deyish mumkin.

Muvaqqat hukumat vaziyatni o‘nglash uchun bosh vazir tayin etgandi.

Ayni paytda janob Mursining vazifasidan ketkizilishini dastaklagan Islomiy Nur partiyasi siyosiy muzokaralaridan chiqib ketayotganini aytgan.

Misrning ilk Islomiy prezidenti Muhammad Mursi ommaviy norozilik chiqishlari ortidan chorshanba kuni armiya tomonidan chetlatilgandi.

O‘tgan haftaning dam olish kunlari boshlanib ketgan tartibsizliklarda o‘nlab insonlar o‘ldirildi.

Janob Mursi poytaxt sharqidagi Nasr mavzeida joylashgan Prezident Qo‘riqchilari klubida saqlanayotganiga ishoniladi.

Aksari Musulmon Birodarlar a‘zolaridan iborat tarafdorlari prezidentni qayta vazifasiga tiklanishini talab qilib, ayni hududda norozilik namoyishlari tashkil qilishgandi.