"Qariyb to‘rt oy aeroportdan chiqolmay aqldan ozay dedim"

Image caption Asli falastinlik Muhammad Baxsh mana qariyb to‘rt oyki Qozog‘istonning Olma Ota shahri havo maydonida yashayapti.

Biron begona yurtdagi havo maydonida tranzit hududida tiqilib qolishni tasavvur qila olasizmi?

Qo‘lingizda na pasport, na viza bor va seni qabul qiladigan biron mamlakat yo‘q.

Asli falastinlik Muhammad Baxsh mana qariyb to‘rt oyki Qozog‘istonning Olma Ota shahri havo maydonida yashayapti.

U o‘tish hududida qolib ketmoqda. Sababi, pasportini yo‘qotib qo‘ygan.

Dubayda ishlagan chog‘lari qozog‘istonlik qizga oshiq bo‘lib, to‘y qilamiz deb Olma Otaga kelgandi. Bu yerda pasportini yo‘qotib qo‘ygach, to‘y ham qolib ketdi. Na Qozog‘iston kiritadi, na boshqa bir mamlakat qabul qilib oladi.

Iroqda falastinlik qochqin oilasida tug‘ilgan Muhammad u yurtga qaytib borolmaydi, chunki keyin Iroqdan turib biron mamlakat vizasini olish amrimahol.

Falastin pasportini olishiga Isroil yo‘l bermaydi. Bu yoqda na Dubay, na Qozog‘istonga kira oladi.

Havo maydonidagi o‘tish hududida Muhammad o‘z hikoyasini BBC muxbiri Rayhan Demytriega mana bunday aytib berdi.

Uch oyi 12 kundan beri men bu yerda - havo maydoni tranzit hududida yashayapman. Har hafta kiyimlarimni almashtirib turibman. Lapto kompyuterim bor. Bu orqali oilam bilan gaplashib turaman.

Mening ota onam Iroq urushida halok bo‘lishgan. Hech kimim yo‘q. Na opam singlim, na aka ukam bor. Faqat bir bo‘lam bor. Men u bilan gaplashib turaman. U Norvegiyada yashaydi. Men asli falastinlik qochqinlar xonadonida, ammo Iroqda, Bag‘dodda tug‘ilganman. Pasportim bor. Lekin vizam yo‘q. Men Iroqdan chiqib, ishlash uchun Birlashgan Arab amirliklariga borganman. Dubayda yerda binolar ichini bezovchi me‘morlik qilaman. Bu yerda Olesyani uchratdim va Qozog‘istonga, uning ota-onasi bilan uchrashish uchun keldim. Sayyoh sifatida viza oldim. Bu viza bilan kelib, bemlaol qozog‘istonlik qizga uylanish mumkin. Ammo ikkinchi safar kelganimda, pasportimni yo‘qotib qo‘ydim. To‘yim bo‘lishi kerak edi. Biroq yo‘q, pasportsiz uylana olmaysan deyishdi. Chiqib, viza olib kelaman dedim. Ammo mana qayta kiritishmaydi. Men esa havo maydonida qolib ketdim.

Image caption "Quyoshni sog‘indim. Dashtga chiqishni, boshqa insonlar kabi kezishni qo‘msayapman. Ammo men bularning hech birini qilolmayman hozir".

Bu yerda yuvinadigan hammom bor, meni olib borib turishadi. Ammo oziq-ovqatimni Eyr ostona havo yo‘llari shirkati beradi. Kuniga uch to‘rt marta ovqat berishadi. Kunlarim shu yerda o‘tmoqda. Ancha semirib qoldim. Ilojim yo‘q, endi Birlashgan Millatlar Tashkiloti mening ishimni ko‘rib chiqishini, menga maqom berishlarini kutib o‘tiribman. Olesyani ko‘rsam, oddiygina tinchgina yashasam. Boshqa istagim yo‘q.

Bunaqa hayotda odam jinni bo‘lib qolishi hech gap emas ekan. Men ham o‘zgardim, hozir aqldan ozib qolayozdim. Menga yordam berishlarini so‘rayman. Iroqqa qaytib borolmayman. Men faqat qaylig‘im bilan birga bo‘lishni, boshqa odamlar kabi oddiygina, odatiygina bir hayotni yashashni xohlayapman.

Quyoshni sog‘indim. Dashtga chiqishni, boshqa insonlar kabi saraklarda kezishni qo‘msayapman. Ammo men bularning hech birini qilolmayman hozir. Faqat mana shu havo madyonida o‘rtasida tiqilib qolganman. Faqatgina tayyoralar uchadigan kichik oynaband ayvonga chiqishimga ruxsat berishadi. Tayyoralar ovozi esa meni jahdlimni chiqaradi. Chunki ularga qarab, tutqunligimni his qilaman. Ozodligimni qayta qo‘lga kiritishni qanchalik istayotganimni his qilaman.