Qarshida kaltaklangan faollarning o‘zi huquqbuzarga chiqarildi

Image caption Yelena Urlayeva sog‘ligi yomonligi bois mahkamada qatnasha olmagan.

Bugun 6 iyul soat 10 da Qarshi shahar mahkamasida huquq faollari Malohat Eshonqulova, Yelena Urlayeva va Hasan Choriyevning oila a‘zolari ustidan mahkama bo‘lib o‘tgan.

Mahkama ularni "yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari o‘tkazishga doir tartiblarni buzishga oid huquqbuzarlikni sodir etganlik"da aybdor deb topib, eng kam ish haqining 75 barobarida jarimaga tortgan. O‘zbekistonda eng kam ish haqi 75 mingga yaqin bo‘lib, bu 6 million so‘mdan ortiq deganidir.

Mustaqil jurnalist va "Birdamlik" harakatining O‘zbekistondagi yetakchisi Malohat Eshonqulovaning aytishicha, mahkamada namoyish o‘tkazishga borganlarni kaltaklagan ayollar bir chetda qolib, huquq faollarinining o‘zi jinoyatchiga chiqarilgan.

Bundan avval, 3 iyul kuni Qarshida huquq faoli 71 yoshli Hasan Choriyevning hibsga olinganiga qarshi Qashqadaryo viloyat prokuraturasi oldida norozilik aktsiyasi o‘tkazishni rejalashtirgan 15 kishi noma‘lum ayollar tomonidan kaltaklangani xabar qilingandi.

Qarshidagi mahkamada Yelena Urlayeva sog‘ligi yomonligi bois qatnasha olmagan. Malohat Eshonqulova ham kaltaklardan so‘ng o‘zining zarur tibbiy muolijaga muhtojligi, biroq mahkamada qatnashishga majburligi sababli borganini aytadi.

Eshonqulovaga ko‘ra, Shaxrisabzdagi shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish kasalxonasidan mahalla oqsoqoli va nozirining shifokorlarni ko‘ndirishi bilan majburiy tarzda Qarshi IIBga olib borilgan faollar va Choriyevning qizi 4 iyul kuni "jabrdiyda"sifatida ariza va tushuntirish xati yozishgan. Tergov bo‘limida ham ularni jabrdiyda, deb tan olish borasida qaror berilgan.

"Qizig‘i shundaki, mahkamada biz huquqbuzar sifatida qatnashayotganimiz ma‘lum bo‘ldi. Men namoyishga qatnashish uchun emas, jurnalist sifatida yoritishga borganman aslida. Bizni kaltaklagan 20 ayolning birortasi ham mahkama zalida yo‘q edi. Men ularning qayerdaligini hakamdan so‘raganimda, hakam Mustafoyev huquqbuzarlik ishlaringga, qo‘l ko‘tarib kaltaklagan ayollarning huquqbuzarligini aniqlashtirmang, deb aytdi. O‘sha ayollar qidirilmoqda, shaxsi aniqlanmoqda, ularning ishi alohida ko‘rib chiqiladi, dedi u. Huquq idoralari tomonidan yollangan jangari ayollarning qochishiga imkon berildi, bizni esa ertasi kuni tez yordamga olib boramiz, deb Qarshi shahar IIB tergov bo‘limiga olib ketishdi. Ertalab 11dan kech 22gacha ushlab o‘tirishdi. Mahkama qaroridan so‘ng, men 200 betlik tergov hujjatlarini o‘qishga ruxsat so‘radim. Hatto tergov hujjatlarining biror joyida namoyishga chiqqanlar kaltaklandi, ularga tan jarohati yetkazildi va tibbiy ekspertizadan o‘tkazildi, deya keltirilmagan. Bizni sumkalarimizni, buyumlarimizni tortib olishdi, kiyimlarimizni yirtishdi, texnik vositalarimizni sindirishdi. Bu haqda esa umuman gap yo‘q,- deydi Eshonqulova.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Bu- huquq tartibot organlari, prokuratura-sud faqat adolatni himoya qilishdan ko‘ra, "yuqori"dan beriladigan topshiriqni bajarishga majburligini anglatadi", deb aytadi huquq faoli.

Mahkamada shuningdek, namoyish ishtirokchilari belgilangan tarzda mahalliy hokimiyatdan ruxsat olmasdan namoyish o‘tkazish tartibini buzdi, degan ayb qo‘yilgan.

Malohat Eshonqulova Choriyevlar oilasi mahalliy hokimiyatlarga namoyish haqida yozma murojaat qilgani, lekin vakillarning o‘z kasbiga sovuqqonligi, harakatsizligi tufayli ulardan javob berilmaganini bildiradi.

"Birdamlik" harakati rahbari Bahodir Choriyev otasi 71 yoshli Hasan ota Choriyevning Qashqadaryo viloyatida hibsga olinishi o‘zining siyosiy faoliyati tufayli ekanini aytadi.

Vashingtonda yashaydigan Bahodir Choriyev o‘tgan haftada O‘zbekiston elchiligi binosi oldida hukumat siyosatiga nisbatan norozilik aktsiyasini tashkil qilgan edi.

Bahodir Choriyevga ko‘ra, o‘zining siyosiy faoliyati tufayli O‘zbek rasmiylari keksa otasini jinsiy tajovuzda ayblamoqdalar.