O‘zbekistonda g‘alla mavsumi va yo "fermerlarni tuyaning ustida ham it qopgani shumi?"

Image copyright BBCUZBEK.COM

O‘zbekistonda g‘alla mavsumi qizg‘in pallaga kirarkan ayrim tumanlarda uni tashishda haydovchilarga haq berilmayotgani aytiladi.

Haqqini talab qiluvchi haydovchilar, siyosatga aralashmaslik bilan do‘q po‘pisa qilinmoqda. Bu yilgi g‘alla mavsumi qanday borayotgani va fermerlarga nima qolayotgani borasida O‘zbekistondan yuborilgan maktub.

Ayni paytda Yangiyo‘l tumanida shaxsiy manfaatda ishlatish uchun birorta "Zil" markali yoki yukni o‘zi to‘kuvchi mashina topolmaysiz. Yuk mashinalarining hammasi g‘alla o‘rimiga safarbar qilingan.

Qachonlardir davlatga qarashli avtokorxonalar yo‘qolib ketgan, yuk mashinalarining aksariyati xususiy bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, ular davlat g‘allasini tashishga majbur.

"G‘alla o‘rimi boshlanishi bilan mashina bilan haydovchining inon-ixtiyori hokimiyat qaramog‘iga o‘tadi. Kombayn tungi birda ishdan to‘xtasa, birgacha daladan g‘alla tashiymiz. Hech qanday vaj-karsonlar o‘tmaydi", - deydi Zil mashinasi haydovchilardan biri.

Haydovchilarga ko‘ra g‘alla tashib berilgani uchun mashinalarga metan gaz solib beriladi. Ishlagani uchun hech qanday maosh yozilmaydi.

- O‘tgan yillar yaxshi edi. Bir necha marta borib kelgandan so‘ng, tuproq, shag‘al tashib bir ikki so‘m ishlardik. Bu yil shu narsa ham yo‘q.

Haydovchilar: "Tekinga g‘alla tashimayman. Bu mening shaxsiy mashinam", deb ayta olmaydi.

Hokimdan: "Sen mening g‘allamni tashiyapsanmi yoki uyimga olib borib to‘kdirdimmi. Sen xalqning, davlatning bug‘doyini tashiyapsan. Siyosatga aralashging kelib qoldimi", degan gapni eshitasiz.

Shuning uchun, elga kelgan to‘y, deb haydovchilar g‘alla tashishi bilan band.

- Mabodo, mashinangiz buzilib, yoki balonlari teshilib chiqolmay qoladigan bo‘lsangiz, tumanda umuman yurolmay qolasiz. GAIlarning qora ro‘yxatiga tushasiz va bir oy tekin ishlamaganigiz uchun 11 oy tirikchilik qilolmaysiz, deydi haydovchi.

Biroq, xalqniki deyilayotgan bug‘doy xalqqa tekinga berilmaydi. Hamma joyda bo‘lgani kabi do‘kondan haqqini berib keyin oladi.

G‘allani tashish uchun fermerning hisobidan ham shu pullar olinadi. Ammo, qayerga va kimning cho‘ntagiga ketishi noma‘lum.

Hamma joylarda ham bunday emas. Misol uchun boshqa viloyatlarda yuk mashinalarining egasi fermer bilan shartnoma tuzadi va har bir reysi uchun pul oladi.

Fermerga ham oson tutmaslik kerak. Bugungi kunga kelib fermerlar davlat majburiyatini bajaruvchi ishchi bo‘lib qolgan xolos.

Mashhur kinodagidek, "Fermer paxtani o‘toq qil, fermer g‘allaga suv qo‘y, fermer nimaga chekanka qilmading. Fermer paxtani terib ol".

Bug‘doy o‘rilayotganda esa, fermer bir chekkada qolib dalani hokim, mirshab va prokuror bosib ketadi. Shartnomada qancha yozilgan bo‘lsa, ortig‘i bilan olib keyin ketishadi.

Prezident Islom Karimov necha marotaba televizordan chiqib: "Fermerlar dadil bo‘linglar, orqalaringda o‘zim turibman", - deb dalda beradi.

Ammo, prezidentning munosabatini ko‘rib, ushbu gaplarida jon bormi yoki nomiga aytildimi, degan shubha paydo bo‘ladi.

Yaqinda yurtboshi Jizzax va Sirdaryo viloyatiga borib fermerlar bilan ham uchrashdi. Ularga qimmatli maslahatlarini berdi va ikki viloyatda ham rejani bajarmagan nechta fermer borligi borasida so‘radi.

E‘tibor bering, majburiyatni bajarmaganlar haqida so‘rayapti. Ha, fermerlarning orqasida turgan bo‘lsa, dadil dadil: "Nechta fermer qarz bo‘lib qolgan", deb so‘ramaydimi?

Jizzax viloyatidagi bir tumanda qarzdor bo‘lmagan ko‘pi bilan 2 fermer chiqsa kerak. Rejani bajargan taqdirda ham hukumat bug‘doy va paxtani sotib olayotgan narx shu darajada yerga urilganki, davlatdan sotib olinadigan yonilg‘i, o‘g‘it, transport va ishchilarning harajatlarni qoplamaydi.

Lekin, bunday yoqimsiz hollarni Yurtboshi bilmaslikka oladi, fermerlar esa qo‘rqqanidan ham qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: "Kamchilik yo‘q, Islom aka. Siz boshchiligingizda hammasi yaxshi bo‘layapti", deyishga majbur.

- Davlat tomonidan berilgan rejani yuz foiz bajargach, yana 10 foiz ixtiyoriy majburiy ravishdagi normani beraman. Agar hosil yaxshi kelsa, qolgan bug‘doy menga qoladi, - deydi har yili rejani bajarishiga qaramasdan, davlatdan 200 million so‘m qarz bo‘lib qolgan fermer.

Bundan tashqari hokim himmat qilsa, somonini yig‘ib olishga izn beradi. Agar yer kattalar o‘tadigan yo‘l yoqasida bo‘lsa, somon ham yig‘ib olinmasdan yerni haydatib yuboradi.

Bu yil yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lib o‘t serob bo‘lgani uchun somonning ham narxi tushib ketdi. Bir dona presslangan somon ming so‘m.

Uni ham texnikasi bo‘lmagani uchun fermer hammasiga o‘zi egalik qilolmaydi. Shahardan presslovchi texnikasi bor tadbirkor fermerning yeriga keladi. Har 100 pressdan 40 tasini fermerga berib qolgan 60 tasini xizmat haqqi sifatida olib ketadi. Fermerni "tuyaning ustida ham it qopadi", deganlari shu bo‘lsa kerak.