Ramazon: Sotuvchilarga narxni pasaytirish buyrug‘i ish berdimi?

Image caption Odatda Ramazon oyida oziq-ovqat narxi oshadi

Xo‘jandning markaziy "Payshanbe" bozori ma‘muriyati Ramazon oyi munosabati bilan bozorda sotiladigan meva-cheva, oziq-ovqatlarni narxini o‘n foizga arzonlashtirish borasida barcha sotuvchilarga ko‘rsatma bergan.

Ramazon oyi arafasida Sug‘d viloyati raisi Qohir Rasulzoda "Payshanbe" bozoriga tashrif buyurgan. U tujjorlarni Ramazon oyida sotilayotgan mahsulotlar narxini oshirmaslikka, qaytaga arzonlashtirishga chaqirdi.

Ayrim qassoblar va gurunch sotuvchilar o‘z mahsulotlarini 10 foizdan 15 foizgacha arzonlashtirishgan.

"Bizga bozor ma‘muriyati ijara haqini pasaytirishga va‘da berganligi uchun narxni biroz arzonlashtirdik", - deydi sotuvchilardan biri.

"Payshanbe" bozori ma‘muriyati, shuningdek, viloyatning boshqa tumanlaridan o‘z mahsulotlarini sotish uchun olib keladigan dehqon va bog‘bonlarga Ramazon oyida bozor do‘konlarini tekinga berib turishini bildirgan.

Biroq aksar oziq-ovqat, meva-sabzavot, qand mahsulotlari va boshqa yeguliklar narxi deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

"Mahalliy teleko‘rsatuvlarda "Payshanbe" bozori ma‘muriyati tujjorlarga murojaat qilgani ko‘rsatilmokda. Lekin bugun men nima sotib olgan bo‘lsam, bir foizga ham arzonlashmagan", - deydi xaridini temir aravachaga yuklayotgan ayol.

"Payshanbe" bozorida asosan olib-sotarlar savdo qilishadi. Lekin ularning o‘zlari ertadan-kechgacha bozorda o‘tirishning o‘zi bo‘lmasligi, bu katta mehnat ekanligini aytgan holda, bizni tujjor deb atang, deyishadi.

"Biz narxni arzonlashtirsak, sinib qolamiz. O‘tgan hafta Erondan keltirilayotgan mollar o‘n foizga qimmatlashdi. Ramazonda narxlarning oshishi to‘g‘risida gapirsam, bozor ehtiyojga qarab o‘zgarib turadi. Mol tez ketib turgandan keyin ustiga narx qo‘yiladi-da", - deydi choy va boshqa Eron tovarlari bilan savdo qilayotgan tujjor.

"Men makaron, qand mahsulotlari, sanoat tovarlari sotib oldim. Narx o‘sha-o‘sha, hatto ba‘zi birlarining narxi biroz oshgan, masalan, bu yerda kartoshka narxi bizdagidan deyarli ikki baravar qimmat", - deydi sotib olgan narsalarini "Damas" mashinasiga yuklayotgan Spitamenlik ayol.

Xo‘jandda tujjorlarga Ramazon oyida narxlarni pasaytirish taklif etilayotgan bo‘lsa, Dushanbeda bu maqsadda keskinroq choralar ko‘rilmoqda.

Dushanbe shahar raisi Mahmadsaid Ubaydullayev Ramazon arafasida shahardagi tujjorlar, bozorlarning rahbarlari, tegishli davlat maqomotlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan.

Tujjorlar, shahar majlisi deputatlari va tegishli idoralar mas‘ullari roziligi bilan Ramazon oyida 12 xil oziq-ovqat mahsuloti narxini belgilanganidan oshirmaslik ko‘rsatmasi berilgan.

Bu mahsulotlar orasida mol, qo‘y va tovuq go‘shti, o‘simlik moyi, guruch, shakar, sut, kartoshka, sabzi va piyoz bor.

Shahar hukumati poytaxtdagi fasodga qarshi kurash agentligi, ichki ishlar bo‘limi, xavfsizlik xizmati bo‘limiga aholi uchun zarur mahsulotlar sotilish narxini nazorat etishni topshirgan.

Narxni oshirish hollari borasida shahar hukumati ma‘muriyatiga murojaat etish uchun elektron pochta manzillari ma‘lum etilgan.

Tojikiston bozorlarida Ramazon oyida oziq-ovqat, meva-sabzavot narxlarining oshmasligi uchun har yili chora-tadbirlar qo‘llaniladi. Garchi narxnomada bir raqam ko‘rsatilsada, amalda mahsulot boshqa narxda sotiladi. Albatta, oshirilgan narxda.