Ahmadjon Musayev: "Men yigitlarga juda ishonaman"

Image copyright AP
Image caption O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi

Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida tarixiy natijada qayd etib, Toshkentga qaytgan O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida bundan buyog‘iga ham shogirdlariga ishonishini ta‘kidladi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi bu gal o‘z tarixida ilk bor jahon birinchiligining ham nimchorak va ham chorak final bosqichlariga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

"Faqat bu jahon chempionatida emas, oldinroq ham, ya‘ni har doim, "bu yigitlarga ishoninglar", deb aytganman. Keyinchalik ular nafaqat O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasining o‘zagi bo‘ladi. Mening o‘z fikrim, ikki, uch yildan keyin ulardan ko‘pchiligi O‘zbekiston milliy terma jamoasi a‘zolari bo‘ladi", deydi Ahmadjon aka Musayev.

O‘zbekistonlik Bosh murabbiy 2016 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlarigacha vaqtlari borligi, hozir biroz o‘tirib, qilingan ishlarni tahlil qilib, nimalarning ustida ishlash kerakligi xususida bir to‘xtamga kelish niyatida ekanliklarini aytadi.

"Keyin O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi bilan kelishgan holda Olimpiadaga tayyorgarlik boshlanadi. Hozir oldimizdan turgan vazifa - qilingan hamma ishlarni tahlil qilib olish".

Ayni o‘rinda shuni eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi halicha o‘z tarixida Olimpiada O‘yinlarida to‘p surmagan.

Jamoa so‘nggi London Yozgi Olimpida O‘yinlariga yo‘llanma olish uchun so‘nggiga qadar kurash olib borgan, biroq play-off bellashuvlarida bu imkoniyatni boy bergandi.

JAHON CHEMPIONATI: CHORAK FINALGA YO‘L (MAXSUS FOTOREPORTAJIMIZDA TOMOSHA QILING)

Frantsiyaga qarshi o‘yin

Image copyright AP
Image caption O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi chorak final bellashuvida Frantsiyani yengsa, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining yarim finaliga ham chiqqan bo‘lardi

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi chorak final bellashuvida Frantsiyani yengsa, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining yarim finaliga ham chiqqan bo‘lardi.

Ammo uch sara o‘yinchisisiz maydonga tushgan jamoa o‘tgan shanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvni frantsuzlarga 0:4 hisobida boy berdi.

BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Frantsiyaga qarshi uchrashuvlariga baho berarkan, Ahmadjon aka Musayev, "o‘yindan ham, o‘yin natijasidan ham qoniqmagani"ni aytadi.

"Lekin buning sabablari bor. O‘zingiz bilasiz, bu - bahona sifatida emas, diskvalifikatsiya bo‘lganliklari uchun ikkita markaziy himoyachimiz maydonga tusha olishmagandi. A himoya yaxshi bo‘lmasa, bu - har bir milliy terma jamoada ham, klubda ham katta yo‘qotish bo‘ladi".

"Men bitta narsani aytaman, ayrim insonlarning hali bizlarga bor ekan, degan gaplariyam to‘g‘ri. Lekin jamoamiz "optimal" tarkibda bo‘lganda, hatto, "endi noumid shayton", dedi, yigitlarimizning yutishlariga ham ishonardim", deydi o‘zbekistonlik Bosh murabbiy.

"Bundan buyog‘iga nimani ustida ishlash kerakligi haqida bitta men emas, yigitlarimiz ham o‘ylab ko‘rishdi. "Ming marta gapirgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan yaxshi", deganlaridek, yigitlarimizning o‘zlari ko‘rishdi...".

"Jismoniy tarafdan ishlashimiz kerak ekan, bu - ko‘rinib qoldi. Nega deganda, musobaqaning oxiriga borganda, yigitlarimizda toliqish bo‘ldi. Keyin buning ustida ishlash uchun tibbiyot xodimlarimiz ko‘p ishlar olib borishlari kerak. Hozirgi paytda sportda bu narsaga erishish uchun yordamchi harakatlar bo‘lishi kerak: farmakologiya,..xullas, jismoniy jihatga e‘tibor qaratishimiz lozim".

"Lekin yigitlarimizda o‘zagi bor, oxirigacha kurashadi, bu narsa bor. Demak, ozgina ishlasak bo‘ladi. Ishlashga sharoit ham, Xudoga shukr, bor. Hozirgi paytda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi juda harakat qilayapti", deydi O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Ahmadjon Musayev.

Jahon chempionati

Image copyright AFP
Image caption Chorak finalga chiqishi ortidan, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi va o‘zbek futbol jamoatchiligini tabriklab ham chiqqandi

Yoshlar orasidagi 2013 yilgi jahon chempionati 21 iyun kuni Turkiyada start olgan va 24 milliy terma jamoa yagona kubok uchun kurashlarini boshlab yuborishgandi.

Yangi jahon chempionini aniqlab beruvchi final bellashuvi esa, 13 iyul kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi.

6 va 7 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan final bellashuvlari ortidan esa, yarim finalda Frantsiya, Urugvay, Iroq va Gana milliy terma jamoalarining to‘p surishlari ma‘lum bo‘ldi.

10 iyulda bo‘lib o‘tajak yarim final o‘yinlarida Frantsiya Chiliga qarshi maydonga tushsa, Iroq Urugvay bilan finalga chiqish uchun kurash olib boradi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, bu galgi jahon chempionatining chorak finaliga Osiyo qit‘asidan uch milliy terma jamoa - O‘zbekiston, Janubiy Koreya va Iroq chiqishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Buning ortidan Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi va o‘zbek futbol jamoatchiligini tabriklab ham chiqqandi.

"...Frantsiyaga qarshi chorak final o‘yini arafasida men O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasiga eng yaxshi tilaklarimni bildirib qolaman va siz Osiyo bayrog‘ini bundan-da baland ko‘tarishingizga ishonaman", degandi Shayx Salmon.

Chunki chorak finalga chiqishining o‘zi O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor jahonning eng kuchli sakkiz jamoasi safidan o‘rin olganini anglatadi.

Endi esa, Osiyo qit‘asidan faqat Iroqqina jahon chempionligi maqomi uchun o‘z kurashini davom ettiradigan bo‘ldi.