Guantanamoda ochlik e‘lon qilganlarni majburiy ovqatlantirish iftordan keyinga ko‘chadi

Image copyright
Image caption Guantanamodagi mahbuslar

Guantanamo qamoqxonasida norozilik ramzi o‘laroq ochlik qilayotgan 100dan ortiq mahbuslarning qariyb yarmisi Ramazon oyida iftordan keyin majburiy ovqatlantiriladi.

Bu haqda Amerika mulozimlari ma‘lum qilishgan.

Amerikalik aktyor va repper Yasiin Bey Guantamanomodagi mahbuslar taqdiriga e‘tibor qaratish maqsadida o‘z ustida tajriba o‘tkazishga ko‘ngilli bo‘lib rozilik bergan.

Ayni videolavhada unga xuddi Guantanamo mahbuslarini zo‘rlab oziqlantirishgani kabi burun teshiklaridan naycha orqali oshqozoniga ozuqa jo‘natilgani ko‘rsatiladi.

Videolavhada Yasin Beyning ikki shifokorga yalina boshlaydi.

Bu tajribada mualliflar Guantanamoda ochlik e‘lon qilgan mahbuslarni qanday qilib majburan ovqatlantirishlarini sahnalashtirganlar.

Filmda Yasin Bey o‘rindiqqa bog‘langan va oyoqlari kishanlangan holatda gavdalanadi.

Yasin bu o‘ziga xos tajriba haqida hikoya qilar ekan, "ovqatlantirish" jarayonida og‘riqqa chidab bo‘lmagani va to‘xtatishdan boshqa chora qolmaganini aytadi.

"Boshida chidasa bo‘ladi, ammo keyin naychani chuqurroq tiqishar ekan, og‘riq kuchaydi. Bir narsa kuyganday bo‘ladi. Xuddi miyamning ichiga nimadir sanchilganday edi va men chiday olmadim", deydi Yasin.

Bu videolavha rejissyori Asif Kapadiyaga ko‘ra, garchand Guantanamodagi mahbuslarini majburiy ovqatlantirish faqat sahnalashtirilgan bo‘lsa ham aksariyat bu tajriba jarayonining o‘zidan qattiq ta‘sirlangan.

"Ikki shifokor kelishib majburiy tibbiy ovqatlantirish amalini o‘tkazishdi. Biz shuning uchun ham ayni amaliyot xatarsiz ekanini bilardik. Oxiriga kelib shifokorlarning o‘zlari qariyb yig‘lab yuborishdi, chunki bu tib qadriyatlariga, ular ishongan qadriyatlarga tom teskari amal edi, buni e‘tirof etishdi..."

Guantanamoda mahbuslar noroziligi fevral oyidan beri davom etmoqda.

Mahbuslar advokatlariga ko‘ra, norozilik amaliga sabab - qamoqxonada tintuv amallari kuchaytirilgan va ana shunday amallardan birida Qur‘onga noloyiq munosabat qilingan.

Amerika harbiylari bu ayblovlarni keskin rad etadi.

Ularga ko‘ra, tintuvlar oqibatida bir necha noqonuniy nimarsalar bilan birga qo‘lbola qurollar ham topilgan.