Musulmonlar ingliz futbol madaniyatini qanday o‘zgartirishmoqda

Image copyright BBC World Service

Angliya premerligasiga ilk musulmon futbolchisining qadam qo‘yishi 1992 yilga borib taqaladi.

U ham bo‘lsa, "Tottenham"ning ispaniyalik yarim himoyachisi Nayim edi.

Bugunga kelib esa, Angliya premerligasida 40 nafar musulmon futbolchisi to‘p suradi.

O‘nlab musulmon futbolchilari, o‘z o‘rnida, futbolning Vatanida o‘yin madaniyatiga ham jiddiygina ta‘sir o‘tkazishgan.

O‘tgan yil boshida "Nyukasl"ning "Aston Villa"ga qarshi o‘yini chog‘ida yuz bergan bir hodisa buning yaqqol misoli edi.

Uchrashuvning 30-daqiqasida Demba Ba o‘yinda hisobni ochadi. Demba quvonchiga sig‘may, maydon burchagiga qarab yugurarkan, unga senegallik jamoadoshi Papiss Sisse qo‘shiladi.

Ikkovlon maydonga cho‘kka tushib, Allohga hamdu sanolarini aytishadi.

Futbolning baynalmilallashib borayotgani esa, musulmon futbolchilari ta‘sirlarining yanada kuchayishiga xizmat qilmoqda, xolos.

Skautlar yangi iqtidorlar ilinjida o‘z turlarini yanada uzoqroqqa otisharkan, Angliya premerligasi ham yanada turfalashib bormoqda.

G‘arbiy Afrikaning chekka bir qishlog‘i yoki Parijning qashshoq mavze‘laridan chiqqan yoshlar jahon futboli yulduzlariga aylanib borishmoqda.

Ular ingliz klublarida to‘p surib, boylik va nom qozonayotgan bo‘lishlari mumkin.

Ammo bu kabi futbolchilarning aksariyati madaniy o‘zliklarining asosiga borib taqaluvchi, ularga yo‘l ko‘rsatuvchi va og‘ir paytlarda ko‘ngillariga taskin beruvchi bir narsa - Islom diniga bo‘lgan e‘tiqodlarini saqlab qolishgan.

"Men musulmonman"

Image copyright BBC World Service
Image caption Futbolning baynalmilallashib borayotgani esa, musulmon futbolchilari ta‘sirlarining yanada kuchayishiga xizmat qilmoqda, xolos

O‘tgan yil "Nyukasl"dan "Chelsi" ga o‘tgan Ba darajasidagi futbolchi o‘zining e‘tiqodli musulmon ekanini aytarkan, ayrimlar klublar bunga e‘tibor bermasliklari lozimligi ham so‘z yuritishgandi.

Ammo ingliz klublari va ularning rahbariyati o‘yinchilarining diniy ehtiyojlariga chin dildan quloq tutishmoqda.

Deylik, musulmon futbolchilarining ovqatlari halol bo‘lishi ta‘minlanadi. Alohida yuvinish xonalari va besh vaqt namozni kanda qilmasliklari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.

Yaqin-yaqingacha Angliya premerligasida uchrashuvlarda "Eng zo‘r futbolchi", deb topilgan o‘yinchilarga shampan sharobi hadya qilish odat edi.

Musulmonlarga esa, spirtli ichimlik ichish taqiqlangan.

Shu sababdanmi, diniy e‘tiqodidan kelib chiqib, "Manchester Siti" o‘yinchisi Yaya Ture televizion suhbatida chog‘ida o‘ziga berilgan shampan sharobidan muloyimlik bilan bosh tortarkan, turnir tashkilotchilari buni inobatga olishga majbur bo‘lishadi.

Bundan buyog‘iga o‘zini ko‘rsatgan o‘yinchiga shampan sharobi emas, kichkinagina kubok hadya qilinadigan bo‘ldi.

"Liverpul" Angliya Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan 2012 yilda esa, tevarak-atrofga sochayotgan spirtli ichimliklari e‘tiqodli musulmon bo‘lgan shifokorlarining kiyimlariga tegmasin degan o‘yda futbolchilar ularni kiyinish xonasidan tashqariga olib chiqib qo‘yishadi.

Futbolu ro‘zayu Ramazon

Image copyright BBC World Service
Image caption Bundan buyog‘iga o‘zini ko‘rsatgan o‘yinchiga shampan sharobi emas, kichkinagina kubok hadya qilinadigan bo‘ldi

Ramazon oyida musulmon futbolchilari ro‘za tutishlarining o‘zi alohida bir masala.

Deylik, 18 soat tuz tatimagan futbolchi qanday qilib 90 daqiqa qoyilmaqom to‘p surishi mumkin bo‘ladi?

Shunga qaramay, ayrim musulmon futbolchilari ro‘zalarini biror kun ham buzmaslikni ma‘qul ko‘rishadi.

Boshqalari esa, mashg‘ulotlar payti ro‘za tutib, o‘yin kuni og‘izlarini ochishadi.

Klublar ham ular bilan murosaga borishga harakat qilishsa-da, Ramazon musulmon o‘yinchilari uchun ham, jamoalar rahbariyati uchun ham oson davr bo‘lmaydi.

Deylik, "Arsenal" yarim himoyachisi Abu Diabi, "jamoasi o‘zining ro‘za tutmasligini ma‘qul ko‘rishi, biroq buning men uchun muhim oy ekanini tushunib, imkon qadar o‘ziga sharoit yaratib berishi"ni aytadi.

28 yoshli Ba aynan ro‘za tutish yuzasidan klubi rahbariyati bilan gohida san-manga ham borgani, ammo o‘z ahdida qat‘iy turib olganini yashirmaydi.

"Har gal murabbiyim shundan nolib qolganda, "Quloq soling, men baribir ro‘za tutaman. Yaxshi o‘ynay olsam, o‘ynayveraman. Agar, o‘yinim yoqmasa, marhamat, zaxira o‘rindig‘ida qoldiring. Mening bo‘lganim shu deb aytaman", deydi u.

"Stouk" klubi sobiq hujumchisi 33 yoshli Mamadi Sidibe, "ayrim futbolchilar o‘yin kuni ham ro‘za tutishsa-da, yaxshi o‘yin ko‘rsatishadi. Lekin, o‘zimga kelsak, bunday qilolmayman. Chunki odamlarga bahona qilishni istamayman", deydi.

Ammo bu yil musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi Angliya premerligasida yangi mavsum boshlanishiga 10 kun qolganda, ya‘ni 7 avgust kuni o‘z poyoniga yetadi.

Homiylar va musulmonchilik

Image copyright BBC World Service
Image caption Ispaniyalik Nayim Angliya premьerligasida to‘p surgan birinchi musulmon futbolchisi edi

Klublarning homiy shirkatlar bilan imzolayotgan bitimlari ingliz klublarida to‘p suruvchi futbolchilarni tang ahvolga qo‘yayotgan yana bir jihatlardan biri.

Deylik, futbolchilarning futbolkalariga turli gardkam o‘yinlar yoki sudxo‘rlik bilan shug‘ullanuvchi shirkatlarning ramzlari tushirilishi mumkin. Bu kabi faoliyat turlari esa, Islom diniga ziddir.

O‘tgan oy Sisse "Vonga" shirkatini reklama qiladigan bo‘lsam, bu - mening islomiy e‘tiqodimga zid amal bo‘ladi, deb, bu xususda "Nyukasl" va yangi homiylari bilan so‘zlashish istagida ekanini aytgandi.

"Vigan" va "Vest Brom" jamoalari sobiq hujumchisi 32 yoshli Natan Ellington esa, bu borada butkul boshqacha fikrda.

Uning ishonishicha, qaysi homiyni tanlash, baribir, klubning o‘z ixtiyoridagi ish bo‘lib qolaveradi.

"Odatda, bu - musulmon futbolchiga bog‘liq bo‘lmaydi. Musulmonga gardkam o‘yinlar o‘ynash taqiqlangan esa-da, qo‘lidan hech narsa kelolmasa kerak".

"Vigan" darvozaboni 31 yoshli Ali Al-Habsiy ham sobiq jamoadoshining fikriga qo‘shilishini aytadi.

"Biz o‘yinchi bo‘lsak. Bularning barchasi esa, futbol klubi bilan bog‘liq masalalar. O‘zimizning ishimizni qilishdan boshqa nima ham qila olardik".

Ishqibozlar ham befarq emas

Murabbiyi Alan Pardyu Baning o‘tgan yilgi futbol mavsumini nega sust boshlagani sababini uning ro‘za tutayotgani bilan izohlarkan, uning so‘zlari jamoa ishqibozlarini befarq qoldirmaydi.

Ular Baning Ramazon kunlarida kiritgan har bir to‘pini Depesh Mod guruhining "Just Can't Get Enough" qo‘shig‘ini xirgoyi etib nishonlashadi.

"Nyukasl" xiyobonlarida to‘p surayotgan bolakaylar esa, raqiblari darvozasini zabt etgandan so‘ng, namoz o‘qiyotgan kishidek, yerga cho‘kka tushishni ham odat qilishibdi.

Bolalar qilayotgan ishlarining ma‘nisini to‘liq anglab yetmayotgan bo‘lishlari mumkin, ammo bu - islomiy amaliyotlarning britan madaniyatiga oshfuta bo‘lib borayotganiga dalolat qiladi.