Biometrik pasportlar fuqarolarni nazorat etishga yordam beradimi?

Image copyright Israel Ministry of Home Affairs
Image caption Lekin, shunda ham, biometrik pasportga o‘tish Isroilda tajriba tariqasida sinab ko‘rilmoqchi

Isroil ham oddiy pasportdan biometrigiga o‘tmoqchi. Bunga keskin qarshi chiqqan Isroil muxolifati hukumatni "fuqarolarni nazorat etishning qulay mexanizmi"ni yaratish istagida ekanlikda ayblamoqda.

So‘nggi yangilik shu hafta Isroil Ichki ishlar vaziri Gideon Saar tomonidan rasman e‘lon qilingandi.

Ammo uning bayonoti Isroil ichkarisida bir xil qarshi olinmadi.

Agar, mas‘ullarning iddaolariga qaralsa, biometrik pasportlarga o‘tish orqali qalbaki yoki birovning hujjati bilan amalga oshiriluvchi jinoyatlarni keskin kamaytirish mumkin.

Lekin, shunda ham, biometrik pasportga o‘tish Isroilda tajriba tariqasida sinab ko‘rilmoqchi.

Ya‘ni, dastlabki ikki yil biometrik pasport olish majburiy bo‘lmaydi va bepul beriladi.

Norozilar nima deydi?

Image copyright Ashdod Municipality
Image caption "Biometrik pasport bizga ziyon qiladi, deyayotgan kishilar, menimcha, so‘z nima haqda borayotganidan butkul bexabarlar", deydi janob Saar

Ushbu g‘oya muxoliflariga ko‘ra, har bir fuqaroga oid shaxsiy ma‘lumot kiritiluvchi biometrik manba osonlik bilan jinoyatchilarning qo‘liga tushib qolishi mumkin.

Isroil parlamentidagi muxolifat vakillari esa, yanada uzoqroq ketib, mamlakat rahbariyatini "fuqarolarni nazorat etishning qulay mexanizmi"ni yaratishni xohlayotganlikda ayblashmoqda.

Isroil Ichki ishlar vazirining ta‘kidlashicha, "yangi biometrik pasportlar masalasida tashvishga tushishning hojati yo‘q".

"Biometrik pasport bizga ziyon qiladi, deyayotgan kishilar, menimcha, so‘z nima haqda borayotganidan butkul bexabarlar", deydi janob Saar.

Isroil Ichki ishlar vazirligi tomonidan yiliga 600.000 dan ortiq oddiy va xorijiy pasport beriladi.

Shundan katta sondagisini takroran berilayotgan pasportlar tashkil qiladi.

Isroil Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, mamlakat fuqarolari o‘z pasportlarini tez-tez yo‘qotishadi.

Yangitdan Isroil pasportini olish ularga 32 AQSh dollari, xorijiysini olish esa, qariyb 70 AQSh dollariga tushadi.

Lekin, shunda ham, gap, hatto, pulda ham emas.

Ikkinchi bor pasport olmoqchi bo‘lsangiz, sizga shundoqqina yangi hujjat berib qo‘yishmaydi.

Isroilda xavfsizlik masalasiga juda hushyor qaralmaydimi, mas‘ul amaldorlarga xorijiy pasportingizni qachon, qayerda, qanday qilib yo‘qotganingiz haqida batafsil ma‘lumot berishingiz lozim bo‘ladi.

Yangi tashabbus tarafdorlariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida ham ichki va ham tashqi pasport vazifasini o‘tovchi biometrik pasportlardan boshqa hech kim foydalana olmaydi.

Yo‘qotgan taqdiringizda ham, shunchaki, bekor qilinadi. Bu yaqin yillarda uni qalbakilashtirishning ham iloji bo‘lmaydi.

Birinchidan, pasport egasining surati 8 qavat polikarbonat qatlami ostida bo‘ladi.

Uning shaxsiga oid ma‘lumotlarni ham faqat maxsus ulьtrabinafsha nurlar vositasida o‘qish mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, barmoq izlari va ko‘z to‘r pardasini qalbakilashtirishning o‘zi imkonsiz.

Tafsilot o‘rnida

Image caption Yangi tashabbus tarafdorlariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida ham ichki va ham tashqi pasport vazifasini o‘tovchi biometrik pasportlardan boshqa hech kim foydalana olmaydi

Isroil Ichki ishlar vazirining seshanba kungi bayonotiga eng keskin chiqqanlardan biri mamlakat muxolifati lideri Sheli Yeximovich bo‘ldi.

Uning aytishicha, fuqarolardan bu darajadagi ma‘lumotlarning olinishi ularning og‘irlarini yengil qilish emas, mutlaq nazorat etishni ko‘zda tutadi.

Muxolifat liderini boshqaruvdagi partiyani demokratiya va shaxs erkinligiga hech bir aloqasi yo‘q qora kuchlar bilan hamkorlik qilishda ayblagan sobiq vazir Miki Eytan ham dastaklab chiqqan.

"Bu - Isroilning kelajagi, uning demokratik tabiati uchun kurash. Men mamlakat fuqarolarini tanlov erkinligi cheklangan tajriba ostidagi quyonlarga aylantirmaslikka da‘vat etaman", deb aytgan sobiq vazir.

Yangi biometrik pasportga butkul o‘tish kerakmi-yo‘qligi borasidagi yakuniy qaror esa, ikki yillik sinov davri ortidan beriladi.

Agar, ijobiy to‘xtamga kelinsa, mamlakatning barcha fuqarolari o‘z shaxsiy ma‘lumotlarini taqdim etishga majbur bo‘lishadi.

Yo‘q, deb qaror qilingan taqdirda esa, bu davr oralig‘ida to‘plangan ma‘lumotlar bazasi butkul yo‘q qilinadi, dastur ham bekor qilinadi.

Ammo so‘nggi yangilik tarafdorlari bo‘lgan isroilliklarning boshqa bir da‘volari ham yo‘q emas.

Ularning iddao qilishlaricha, butkul biometrik pasportga o‘tilsa, Amerika o‘zlariga kirish vizasini bekor qilishi mumkin.

Chunki rasmiy Vashington shunga ishora qildi, deyishadi so‘nggi yangilik tarafdorlari.