Prezident Putin musulmonlarni Ramazon bilan tabrikladi

Kecha seshanba kuni Rossiyaning 8 mingdan ziyod masjidlarida tarovih o‘qildi. Muqaddas oy boshlanishi munosabati bilan davlat rahbari Vladimir Putin mamlakat musulmonlariga o‘z tabrigini yo‘lladi.

"Bugun islom uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan oy boshlandi. Barcha ahllari uchun muqaddas bo‘lgan bu an‘ana o‘z ildizi bilan uzoq o‘tmishga borib taqaladi. U bag‘rikeng va sabrli bo‘lish, ko‘proq savob ishlar qilish va insonlar haqida qayg‘urishni zaruratini eslatadi", deya ta‘kidladi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada mamlakat mustahkamligi va uning mustaqilligi himoyasi uchun beqiyos hissa qo‘shgan musulmonlar bilan haqli ravishda faxrlanishadi. "Ular bizning ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni saqlash uchun ko‘p ishlar qilishdi", dedi prezident Putin.

Rossiya Muftiylar kengashining raisi shayx Ravil Gaynutdin ham islom ahlini muborak oy munosabati bilan qutlab, murojaatnoma e‘lon qildi.

"Rossiya musulmonlari hamma vaqt turli millat va e‘tiqod vakillari orasida birdamlikni mustahkamlashlarini asrlar mobaynida tasdiqlab kelganlar, - dedi shayx. - Tutgan ro‘zamiz ruhan tozarish, tafakkur, tuyg‘ular va o‘ylarning komillashuvi, iymonimizni yanada mustahkamlanishiga bag‘ishlanadi".

Mamlakatda rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 24 mlndan ziyod musulmonlar bor. Agar noqonuniy mehnat qilayotgan markaziy osiyolik muhojirlar ham hisobga olinsa, bu raqam 30 mlnga yaqinni tashkil etadi.

Muhojirlikda ro‘za qiyinmi?

Rossiyada muqim yashayotgan musulmonlar bu farzni mukammal ado etishmoqda. Ammo mehnat muhojirlari borasida bunday deyish qiyin.

- Rossiyaga kelganimdan beri ro‘za tuta olmayapman, - deydi Samara shahrida ishlayotgan yurtdoshimiz Shuhrat O‘sarov. - Hozir ayni ish mavsumi, kun bo‘yi taxta, tsement yuklaymiz, tushiramiz. Ham og‘ir ish, ham ochlik charchatib qo‘yadi.

Moskvadagi qurilishlarning birida ishlayotgan Alisher Kazakov esa dam olmay ishlayotgani bois, ro‘za tutishga imkoni yo‘qligini aytdi.

"Jismoniy ish qilmayman, baland avtokranni pastda turib boshqaraman. 2 ta kranga gapirib charchayman. Smenachim kelmay qolgan kunlari 24 soatlab ishlashimga to‘g‘ri kelayapti", - deydi u.

- "Har kunim o‘zi ro‘za-ku, deydi buxorolik Ubaydullo ismli mehnat muhojiri. - Ertalab ishga nonushtasiz chiqib ketaman. Tushlikka imkonim bo‘lsa, ovqatlanaman, bo‘lmasa yo‘q. Shu bilan kechki ovqatni uyga kelib yeyman. Bu odatga aylanib ketgan".

Shuningdek, qurilishlarda ishlayotgan ko‘plab yurtdoshlarimiz ish og‘irligi sababli bu savobdan mahrum qolayotganliklarini bildirishdi. "Allohning o‘zi kechirsin, musofirchilik", deyishdi ko‘pchilik.

"15 kundan ortig‘i musofirlik emas"

Perm shahrida oilasi bilan istiqomat qilayotgan yurtdoshimiz Fotima opa esa muhojirlikda ro‘za farzini ado etish borasida o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etdilar:

- Musofir bo‘lmaganimizda Ramazonni qanday o‘tkazsak, shunday o‘tkazayapmiz, - dedi Fotima opa. - Aslida esa, musofir emasmiz, muqimga aylanganmiz. Agar kishi 15 kundan ortiq bir joyda yashasa, musofirlikdan chiqadi, ro‘za tutish shart.

Savdo markazlarining birida elektrchi bo‘lib ishlayotgan Baxtiyor Sultonov ham bu farzni ado etishini bildirdi.

- 7 yildan beri Moskvadaman, ammo bu yil birinchi bor ro‘za tutishim, - dedi Baxtiyor aka.

Ro‘za tutishni boshlagan mehnat muhojirlarining ko‘pchiligi mavjud sharoitlarni sinov deb qabul qilishini bildirdi.

- "Ovqatni ichida ishlab ro‘za tutish qiyin ekan, - deydi poytaxtdagi tamaddixonalarning birida oshpazlik qilayotgan Shohista Yo‘ldosheva. - Avval o‘qituvchi edim, kun bo‘yi maktabda yurib kun o‘tganini bilmay qolardim. Kunlar uzoqligiga qaramay, o‘tgan yillar ham shu yerda sabr bilan tutganman".

Rossiya iqlimi ancha salqin bo‘lganligi sababli, bu yerda yashab mehnat qilayotganlarning ramazon farzini bajarishlari birmuncha yengilroq kechadi. Ammo kun uzoqligi mehnat muhojirlari uchun faqat sabr va irodani emas, kuchni ham sinash mezoniga aylanayapti. Ro‘zani 16-17 soatlab ish joyida o‘tkazayotganlar ham bor.

"Haliyam jazirama yozda tutmayotganimizga shukr, bo‘lmasa chanqoq qiynab yuborarmidi", - deydi farg‘onalik Abdulaziz.

"Ish boshqa, e‘tiqod boshqa..."

Mehnat muhojirlari imkon qadar farzlarini bajarishga harakat qilishayapti. Ammo ularga ish beruvchilar ro‘zador xodimlarini qay darajada qo‘llayaptilar?

- Ishchilarimizning aksar qismi o‘zbeklar, - deydi "Chisty svet" tashkiloti ish yurituvchisi Vyacheslav. - Ish tartibimiz kunu tunga mo‘ljallangan. Avvallari ma‘lum bir vaqtlarda ovqatlanish uchun vaqt ajratgan edik. Ramazon oyida ishchilarning iltimosiga ko‘ra, tanaffus vaqtini ular aytgan paytga ko‘chirdik va dam olish vaqtlarini bir soatga ko‘paytirdik."

Shuningdek, ish yurituvchi musulmon ishchilar uchun beriladigan taomlarni ramazon oyida faqat halol mahsulotlardan tayyorlanishini bildirdi.

Hususiy tadbirkor Agas esa, musulmon ishchilari uchun alohida sharoit yarata olmasligini bildirdi.

"Diningizni hurmat qilaman, ammo ish bilan e‘tiqod butunlay boshqa narsalar", dedi u. Agasning fikricha, bu ikki masala bir-biriga halal bermasligi kerak.

Tashqi reklamalar tayyorlash firmalarining birida ishlovchi o‘zbekistonlik yigitlar esa bu borada o‘z rahbarlari bilan faxrlanishdi:

"Sergey bizga har yili hayitda qo‘y so‘yib bayram qilib beradi", deyishdi ular. Garchi yigitlar ro‘za tutishmasa ham.

"Ro‘zam malol kelayapti"

Mehnat muhojirlarining hammaga ma‘lum yana bir muammosi - turar joy bilan bog‘liq. Bir uyda o‘nlab kishilarning yashashi bir qator noqulayliklardan tashqari, ro‘za tutishda ham biroz mushkulliklarni keltirib chiqarmoqda.

- Saharga uxlab qolmaslik uchun budilnik qo‘yayapman, ammo ishdan charchab kelib uxlayotgan hamxonalarimni uyg‘otib yuborib hijolat bo‘layapman, - deydi samarqandlik Manzura opa. - Yana chiroq yoqib, oshxonada uymalashish bor... Tutay desam, ko‘pchilikka malol kelayapti, tutmay desam bo‘lmaydi...

O‘tgan yili ham aynan shu vaziyat tufayli hamxonalari bilan tortishib qolib, ro‘zasini oxirigacha tuta olmaganini aytadi muhojir ayol.

Tungi smenalarda ishlaydiganlar ham ish va iftorlik vaqtlarida biroz qiynalishayotganliklarini bildirishdi:

- "Kechki 9 dan (21-00) ertalabki 9 gacha ishlayman, - deydi kimyoviy tozalash korxonasi ishchisi Malohat. - Bir daqiqa ham tanaffus yo‘q. Ertalabgacha 4-5 tonna matolarni dazmollaymiz. Kunduzi charchoqdan qotib uxlayman. Bu ahvolda qanday ro‘za tutaman?!"

"Issiq bo‘lsayam, ro‘zani o‘z uyingda tutganga yetmaydi", deydi Malohat opaning hamxonasi dugonasining so‘zlarini ma‘qullab.

Shunday qilib, Rossiyada Ramazon oyi mamlakatning muqim musulmonlari va musulmon mehnat muhojirlari uchun turlicha boshlandi.