Oliy Mahkama Stavropol o‘lkasida hijoblarga taqiq qarorini dastakladi

Image caption Musulmon qizlar Stavropol o‘lkasida maktablaridan chetlashtiriladimi?

Rossiya axborot agentliklari xabarlariga ko‘ra, Stavropol o‘lkasi ma‘muriyatining hijobli qizlarni maktabga kiritmaslikka doir qarori Oliy Mahkama tomonidan dastaklangan.

Endilikda asosan musulmon oilalardan bo‘lgan o‘quvchi qizlarning islomiy liboslarda va yo ro‘mol yopinib maktablarga kelisholmaydi.

Stavropol o‘lkasi musulmonlari ma‘muriyatning ayni qaroriga qarshi Oliy Mahkamaga murojaat qilishgandi.

Ularning ayni qaror ustidan shikoyatlari qondirilmadi.

Stavropol o‘lkasidagi maktab direktorlaridan biri, hali 2012 yil oktyabr oyida hijobga o‘ziga xos taqiq joriy etgandi.

Bu orada mojaroga prezident Vladimir Putin ham aralashib Rossiyaning dunyoviy davlat ekanini urg‘ulagan va maktablarda hijob taqiqini qo‘llab quvvatlagandi.

Rossiyada katta sondagi musulmon aholi istiqomat qiladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, Rossiya prezidenti mamlakat dunyoviyligini qanchalar ta‘kidlamasin, hijob masalasini bir tomonlama hal etishning mutlaqo imkoni yo‘q.

Hijobli Rossiya

Image caption Tataristonda hijobga nisbatan toqatliroq munosabat shakllangan

Tataristonda maktab o‘quvchilarining hijob kiyishiga rasman ruxsat etilgan.

Dog‘iston va Chechenistonda esa hijobni taqiqlash masalasi kun tartibiga chiqishi o‘ta mushkul deydi kuzatuvchilar.

Hijobni taqiqlayotgan Stavropol o‘lkasi esa Rossiyaning musulmon aholisi ko‘plab yashaydigan Checheniston va Dog‘istonga chegaradoshdir.

Birinchi sentyabda esa butun Rossiya bo‘ylab ta‘lim haqida yangi qonun kuchga kiradi.

Bu qonunda maktab formasi joriy etilishi va yangi tartib maktab rahbariyati ixtiyorida bo‘lishi aytiladi.

Stavropol o‘lkasi musulmon oilalarining advokati Oliy Mahkamaning so‘nggi qarori yuzasidan arz qilishini aytgan.

Murod Musayevga ko‘ra, mintaqa ma‘muriyatlari fuqarolarning konstitutsion huquqlariga doir qaror berishga haqlari yo‘q. “Bu masalani faqat federal qonunchilik idoralari hal qilish huquqiga ega”, deb aytgan Murod Musayev.

Garchand, aksariyat G‘arb davlatlarida bo‘lgani kabi ayni qonun asosan yorqin ranglar, kalta yubkalar va o‘ta ochiq kiyimlar qatorida yirik zargarlik taqinchoqlar, pirsing va norasmiy ramzlarga qarshi qaratilgan bo‘lsa ham uning bir bandi diniy liboslar haqidadir.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, ayni qonunga diniy liboslarga taqiq kiritilishi jamiyatda bo‘linish kayfiyatlarini kuchaytiradi.