Londondagi O‘zbekiston konsulligi o‘zbekistonliklarga xizmat qiladimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vaziri Abdulaziz Komilovga yo‘llangan maktubda o‘zbekistonlik muhojirlar AQShdagi konsullik ular uchun naqadar noqulay idoraga aylanganini tasvirlaydilar.

"Muammolar Nyu-Yorkdagi konsullik binosiga yaqinlashishingiz bilan boshlanadi. Odamlar jazirama issiq yo jala yomg‘ir ostida soatlab tashqarida navbatda turishlari kerak va bino ortidagi axlatning sassiq hididan nafas olishlari kerak. Qariyalar, bolalar va nogironlar bilan bir qatorda shu navbatda turar ekanmiz, O‘zbekistondagi o‘xshash vaziyatni va beparvolikni yodga olamiz", - deyiladi maktubda.

Unda aytilishicha, mazkur bino endilikda AQShda soni ortgan o‘zbekistonlik muhojirlar talabini qondirishga kichiklik qiladi. O‘tgan yilga qadar binoga ko‘chadan kirish mumkin bo‘lgan, va bino zalida o‘tirib kutish mumkin edi, biroq endi konsullikka kelganlar axlat olib chiqilishi va yuklar olib kirilishi uchun mo‘ljallangan orqa eshikdan qabul qilinadi.

"Konsullik idorasi atigi bir dahlizcha, unda na deraza na havoni sovutgichlar bor. U odamlarga to‘lib ketsa, juda isib ketadi. Uzoq kutishdan charchagan bolalar yig‘laydi, odamlar diqqinafas bo‘lib, konsullik xodimlarining beparvoligidan jahli chiqib, ular bilan urishishni boshlaydilar", - deyiladi bu murojaatnomada.

Maktub mualliflari yaqinda O‘zbekistonga yo‘l olishga shaylangan AQSh fuqarolari bilan suhbatlashganlari va ular o‘zbek konsulligining ahvolidan larzaga kelganlari ham aytiladi.

"Konsullik binosi O‘zbekiston ostonasi va unga qarab O‘zbekistonga ilk baho beriladi. Janob Komilov, hukumat o‘z fuqarolari manfaatlari haqida qayg‘urishi kerak emasmi? Biz sizdan konsullikka keladigan o‘zbek fuqarolariga hurmat va sharaf bilan munosabat qilinishini so‘raymiz", - deyiladi Amerikadagi o‘zbekistonliklar maktubi yakunida.

Londonda joylashgan O‘zbekiston konsulligi ham elchixona binosining yerto‘lasida joylashgan.

BBC Londondagi O‘zbekiston konsulligida ko‘rsatiladigan xizmatning sifatini haqida suhbatlashish uchun yaqinda konsullik xizmatidan foydalangan o‘zbek ayol bilan bog‘landi.

Suhbat ortidan elchixonaning rasmiy munosabatini so‘rash uchun BBC konsullikning ish vaqti doirasida ikki telefon raqamlari orqali konsullik bilan bog‘lanishga urindi, biroq harakatlar samarasiz bo‘ldi. Go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.