"Hukumat xalqni gazsiz yashashga ko‘niktirdi, endi quvurlarni kessa ham bilinmaydi"

Image copyright none
Image caption O‘zbekistonning ko‘plab qishloqlarida odamlar anchadan beri o‘tin, tezak yo ko‘mir yoqishadi

"Bu jarayon ikki oycha oldin boshlandi" - deydi Xorazmlik huquqbon Hayitboy Yoqubov - "Uzoq yillardan beri gazsiz qolayotgan hududlarni ikkilamchi yoqilg‘i, ya‘ni o‘tin-ko‘mir bilan ta‘minlash to‘g‘risida buyruq berilgan".

"Shu bois mahalily hokimiyatlar odamlarga qishga tayyorlaning, o‘tin-ko‘mirni g‘amlab qo‘ying deyishayapti".

Janob Yoqubovning aytishicha, quvurlar kesilayotganini mahalliy gaz idoralari aynan qishga tayyorgarlik, deb izohlashmoqda. Uzoq yillardan buyon gaz kelmagani bois, quvurlarning kesilish yo kesilmasligi esa odamlar e‘tiborini unchalik tortmayotgan ko‘rinadi.

Xorazmda so‘nggi 10 yil davomida nafaqat qishloq, balki shaharlarda ham gaz ta‘minoti yomonlashib kelgani aytiladi.

"Lekin ba‘zi puldor yo amaldor odamlar bir necha chaqirimdan quvur yotqizib, o‘zlari uchun gaz ham keltirishayapti" - deydi Hayitboy Yoqubov.

Oddiy odamlar esa yillar davomida qo‘lidan kelganicha qishda isinib, ovqat pishirmoqda. Qurbi yetgan ko‘mir yoki o‘tin sotib oladi. Ammo bu yoqilg‘i qimmatligi bois, ilojsiz insonlar yo g‘o‘zapoya, yo tezak yoqib ovqat qilish hamda isinishga majburlar.

Tok ta‘minoti tuzukroq shaharlarda esa odamlar elektr isitgichlardan foydalanadilar.

Gazsiz quvurni kesdi nima, kesmadi nima?

O‘zbekiston janubidagi qishloqlarda ko‘pchilik gaz quvurlari yesilayotganidan xabarsizligini aytishadi. Ammo bu quvurlar shundoq ham bo‘sh edi, deb qo‘shib qo‘yadilar.

Biroq ayrim faollarga ko‘ra, bu aynan obdon o‘ylangan siyosat bo‘lishi mumkin.

Image copyright none
Image caption O‘tin yo ko‘mirga puli yetmaydigan oilalar yo dalada g‘o‘zapoya yig‘ishadi, yo tezak quritishadi va yo ko‘chada o‘tin terishadi

"Burnog‘i yili ishlatilmagan gaz uchun pul to‘lagandik" - deydi Qashqadaryodan huquqbon Gulshan Qorayeva - "Gaz beringlar desam, ular menga gaz kelmasa, quvurni kestirib tashlay qoling deb aytishgan".

"Menimcha, odamlarni gazsiz yashashga bir necha yil davomida ko‘niktirib, mana shunday sekin-asta quvurli gaz ta‘minotidan voz kechilayotgan bo‘lishi mumkin".

Biroq bu voqelik hali butun mamlakat bo‘ylab davom etayotgani noma‘lum.

Jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, hozir Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlarida bu jarayonlar sekin-asta boshlangan.

"Allaqachon davlatdan suyultirilgan gaz sotib olib, qishloqlarni balonli gaz bilan ta‘minlaydigan shirkatlar ishlaydi" - deydi jurnalist.

Biroq suhbatdoshimiz aholining surunkali gazsiz qolishi joylarda ildiz otgan korruptsiyaga bog‘liq, deb biladi.

"Hukumat gaz ta‘minotida cheklov joriy etgan va buni oqlab bo‘lmaydi" - deydi Abdurahmon Tashanov - "Ammo ana shu cheklovli gaz ham gaz taqsimlash nuqtalaridagi korruptsiya tufayli aholiga yetib bormayapti".

Gazni Xitoyga sotib...

O‘zbekiston gaz zaxiralari chorak asrdan sal ko‘proqqa yetishi aytiladi. Mintaqaning 300 yilga yetadigan aksar gaz boyligi Turkmaniston hududida.

Shunday bo‘lsa-da, bugun O‘zbekiston Rossiya va Xitoyga katta miqdorda gaz sotmoqda. Mamlakat, shuningdek, Afg‘onistonga elektr energiyasi uzatadi.

Image caption Gaz ta‘minoti faqat shahar joylarda qolgan. Shunda ham qishda keskin tortiladi

Ammo shunday holatda o‘z xalqi uchun gaz va elektr ta‘minotida cheklovlar joriy etgan. Masalan, qishloq hududlarida elektr hamon bir necha soatga o‘lchab beriladi.

"Chiroqchida birov o‘lsa yo to‘y qilsa elektr toki beradigan qishloqlar bor" - deydi qashqadaryolik Gulshan Qorayeva.

Gaz esa sovuq kunlarda arang choy qaynatishga yetishi mumkin. Qishda odamlar gazni so‘rib oladigan moslamalarni ham ishlatishga majbur bo‘lishadi.

Biroq endi gazdan noqonuniy foydalanish jinoyat sanaladi va odamlar jinoyatchiga aylanib qolmaslik uchun sovuqda qimmat o‘tin-ko‘mir sotib olishi zarur yoki yozda tezak quritishi shart. Bu ham bo‘lmasa, bola-chaqasi bilan birgalikda sovuqqa chidashi kerak.

Shunday holatda ko‘plab o‘zbekistonliklar ichki gaz ta‘minoti bilan mavjud ahvolni hukumat siyosati sifatida ta‘riflashadi.

BBC suhbatlashgan bir necha nafar o‘zbekistonlik bir gapni takrorlashardi:

"O‘zbek xalqiga arzon-garovga gaz sotgandan ko‘ra, Xitoy va Rossiyaga tayyor valyutaga sotib, katta foyda ko‘rish O‘zbekiston hukumati uchun ma‘qul, shekilli".