Uzwebiston: Facebookda o‘zbek adiblari chiqishlari

Image copyright BBC World Service

O‘zbek jurnalistining aytishicha, Yaqin Sharqdagi mojaro ortida xalqaro nohukumat tashkilotlari turibdi

O‘zbek sharhlovchisi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mojarolar uchun "ba‘zi xalqaro nohukumat tashkilotlari"ni aybladi. "Pravda Vostoka" gazetasining 9 iyul sonida chop etilgan "Rangli inqiloblardan internet inqiloblarigami?" nomli maqolada jurnalist Abduvali Soyibnazarov jumladan shunday deydi:

"Ba‘zi notijoriy va nohukumat tashkilotlar bu jarayonda muhim rol o‘ynashdi. Ularning faoliyati xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid soladi va xavotir uyg‘otadi". Muallifning iddao qilishicha, internetdan, ayniqsa Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalangan bunday nohukumat tashkilotlar "qudratli mobillashtiruvchi kuchga" aylanishmoqda.

Markaziy Osiyo hozircha sun‘iy barqarorlikdan bahramand bo‘lmoqda

Islomdagi radikal oqimlar haqida fikr yuritgan Pokistonning "The Nation" ("Millat") gazetasidan Munir Akramning yozishicha: "Markaziy Osiyo hozircha sun‘iy barqarorlikdan bahramand bo‘lmoqda". Unga ko‘ra bunday "sun‘iy barqarorlik"ning saqlanib qolishiga O‘zbeyekiston va Qafqozda ta‘qibga uchragan Islomiy harakatlar Afg‘oniston va Pokistonda jang qilishmoqda. Munir Akramning ishonishicha, bu harakatlar turli hadaflar, jumladan o‘z mamlakatlariga qarshi qaratish mumkin bo‘lgan "yollanma kuchlardir".

Unga ko‘ra, Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatish haraktlarining qanday natija topishi Markaziy Osiyo kelajak taqdirini belgilab berishi mumkin. Jurnalist musulmon dunyosidagi har bir inqirozni ma‘lum mamlakat yuritgan siyosat sabab bo‘layotganini yozadi. Munir Akramning fikr bildirishicha, qurolli haraktlar bir necha asrdan buyon davom etayotgan g‘arb kolonializmiga, Falastin, Kashmir, Checheniston va boshqa mintaqalarda musulmonlarga nisbatan adolatsiz munosabatning davom etayotganiga va musulmon hukmdorlarning adolatsiz siyosatiga musulmonlarda shakllangan g‘azab in‘ikosidir. "Musulmonlar g‘azabi ham ichki va ham tashqi "dushmanlar"ga qaratilgan", – deya xulosa qiladi pokistonlik jurnalist.

Rossiyaning Qozon shahrida o‘tgan Dunyo Yozgi Universiadasida O‘zbekiston milliy jamoasi yana bir bronza medalni qo‘lga kiritdi

Vazni 69 kilogramgacha bo‘lgan tosh ko‘taruvchi ayollar o‘rtasida o‘tgan musobaqada o‘zbekistonlik Manzuraxon Mamasoliyeva uchinchi o‘rinni egalladi. Mamasoliyeva jam‘i 222 kg (97+125) tosh ko‘tardi. Universidada O‘zbekiston milliy jamoasi hammasi bo‘lib 16 medalni qo‘lga kiritdi.

Isroil va O‘zbekiston bolalar moslashuvida hamkorlik qiladi (UzDaily.com)

O‘zbekistondagi Isroil elchixonasining xabar berishicha, ushbu elchixona Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi bilan hamkorlikda gidroterapiya sohasida yangi dasturni yo‘lga qo‘ygan. Respublika markazi Isroildan yuborilgan sun‘iy moslama asosida bemor bolalarni davolash bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi gidroterapiya basseynini qurgan. Ortidan Isroil mamlakat Gidroterapiya Assotsiatsiyasi boshlig‘i Karolin Barmatzni Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi xodimlari uchun qator mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga yuborgan.

"She‘r sehri"

Va nihoyat Xurshid Davron o‘zining Facebook sahifasida "She‘r sehri" rukni ostida bir qancha zamonaviy o‘zbek shoirlarining Youtube portaliga joylashtirilgan chiqishlarini e‘lon qildi. Ulardan biri shoir Usmon Azimdir:

http://www.youtube.com/watch?v=OlYlaUhrtiw&feature=youtu.be&a

Usmon Azim – hozirgi o‘zbek she‘riyatining eng yorqin namoyandalaridan biri. U Surxandaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan. Usmon Azim nafaqat shoir, balki "Jodu" hikoyalar to‘plami, "Kunduzsiz kechalar", "Bir qadam yo‘l", "Alpomishning qaytishi" singari p‘esalar, "Sevgi", "Alpomish" kabi kinostsenariylarning ham muallifi sifatida mashhurdir.