Tojikistonga kim tahdid: O‘zbekistonmi yoki O‘zbek hukumati?

Image copyright BBC World Service
Image caption Mahalliy jurnalist nazdida, agar O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari orasidagi munosabatlar iliqlashsa, ikki davlat orasidagi muammolar ham barham topadi

Tojikiston aholisi eng avvalo O‘zbekistonni o‘ziga tahdid sifatida ko‘rishini ko‘rsatgan yangi so‘rov natijalariga baho berarkan, mahalliy jurnalist Zafar Sufiy bunga qo‘shilmasligini aytadi.

Tojikistonlik jurnalistning o‘z kuzatuvlariga tayanib aytishicha, odamlarni O‘zbekiston emas, O‘zbek hukumatining amallari tahlikaga solib qo‘ygan.

"Agar, o‘z kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytsam, aholi orasida, haqiqatan ham, tahlika deymizmi, O‘zbek hukumatining faoliyatiga qarshi norozilik deymizmi, har holda bir salbiy munosabat mavjud", deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Agar, yangi so‘rov natijalariga qaralsa, Tojikiston aholisi, hatto, Afg‘oniston ham qolib O‘zbekistonni o‘zlariga eng katta tahdid deb bilisharkan.

O‘tgan oy "Markaziy Osiyo Barometri" mustaqil nohukumat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, qariyb har to‘rtinchi tojikistonlik shunday fikrda.

Tojikistonlik jurnalist, o‘z o‘rnida, faqat O‘zbekiston hukumatini ayblash istagi yo‘qligi, albatta, Tojikiston hukumatining ham bu yerda aybi borligini alohida ta‘kidlaydi.

"To‘g‘rirog‘i, ikki shaxs, ikki prezident orasidagi sovuq munosabat ba‘zi faoliyatlarga olib keldiki, misol, Tojikistonning janubiy mintaqasiga boradigan temir yo‘li qanaqadir bir bahona bilan faoliyatdan to‘xtab qoldi. Tojikistonga keladigan poyezdlar O‘zbekistonda, hatto, ba‘zilari barcha xalqaro qonunlariga xilof tarzda to‘silib, tekshirib o‘tkaziladi. Rog‘unga olib boradi deb, Erondan yoki boshqa joydan aholi ehtiyoji uchun olib kelinayotgan tsementlar tushirilayapti. Boshqa shunga o‘xshagan boshqa qurilish mahsulotlari tushirilayapti. Ishqilib, shunga o‘xshash "yo‘l to‘sishlar" Tojikiston aholisida qanaqadir bir tahlikani vujudga keltirgan".

"Hech qachon hech bir millat va yo hech bir mamlakatda boshqa davlatda bo‘layotgan holatdan qo‘rquv vujudga kelmaydi. Bil‘aks, nafrat vujudga kelishi mumkin. Va hamisha unga qarshi turish uchun tayyorgarlik bo‘ladi. Bundan esa, har bitta avtoritar rejim har qachon o‘z manfaatiga foydalanishga harakat qiladi. Ya‘ni, o‘zining qonuniyligini amalda isbotlashga harakat qiladi".

Hamma biladi

Image caption Tojikiston aholisi O‘zbekistondan keyin Afg‘oniston va Amerikani o‘zlariga tahdid deb bilisharkan

Jurnalistning biz bilan suhbatida aytishicha, ikki davlat orasida vujudga kelgan bu kabi vaziyatda Tojikiston rahbariyatining ham hissasi, o‘rni borligini mamlakat aholisi yaxshi biladi.

"Bu faoliyatning ildizlari ikki mamlakat rahbarlarining munosabatlariga borib taqalishini hamma biladi, ammo hamma ham aytishga jur‘at qilmaydi. Va ba‘zi holatlarda aytadigan joy ham yo‘q, afsus".

"Ammo, boshqa tomondan, Tojikistonda va o‘sha O‘zbekistonda ham muqobil tablig‘ot vositalarining yo‘qligi tufayli tojik hukumati butun tablig‘otini o‘sha tomonga qaratadi. Ya‘ni tashqaridan ular qo‘yishmayotgani sabab, bizda iqtisodiy yoki ijtimoiy muammolar kelib chiqayapti deb....Aslini olganda, bunaqa emas", deydi u.

Suhbatdoshimiz aholida bu kabi kayfiyatlar kuchayadigan bo‘lsa, haqiqatda jiddiy vaziyat yuzga kelishi mumkinligi ehtimolini ham rad etmaydi.

"Chunki, afsuski, na O‘zbekiston va na Tojikistonda ijtimoiy institutlar faol emas. Na deyarli biron tuzukroq partiya bor, muxolif partiya, na bir guruh bor, ikki mamlakatda ham ikki kishi tayinlaydi: O‘zbekistonda Karimov, Tojikistonda Rahmon. Agar, shu nuqtai nazardan oladigan bo‘lsak, har narsa kutish mumkin. U ham, misol, otdan tushayotgan bo‘lsa, o‘zangisidan tushmayapti, bunisiyam. Shu nuqtai nazardan, xavotirli vaziyat mavjud haqiqattan", deydi tojikistonlik jurnalist.

"Bu suv masalasiyam bir bahona, bu yo‘l masalasiyam bir bahona. Ishqilib bular hammasi bir bahona. Aslida mana bu ikki shaxs orasidagi munosabatlar o‘nglansa, iliqlashsa, bular hammasi yo‘q bo‘lib ketadi", deydi u eng so‘nggida.

"Faqat xalqaro miqyosda Tojikistonni qoralashga ular harakat qilishayapti, bu tomondan O‘zbekistonni qoralashga bular harakat qilishayapti. Bu ikki orada bechora xalqning puli ketayapti, ishqilib, ikki tomondan ikki xalqning orasidagi munosabatlar yomonlanayapti, ikki xalqqa zarar yetayapti, tamom".

Jurnalist, shunda ham, o‘z kasbiy faoliyatidan kelib chiqib, bu kabi so‘rovlar natijalariga ishonmasligini alohida ta‘kidlaydi.

"Chunki so‘rovlar hamisha oldindan, qaysidir ma‘noda, natijalari aniq bir holatda o‘tkaziladi. Ming kishi, ikki ming kishi, ajab emas, qaysidir bir tablig‘ot ostida bu fikrni aytgan bo‘lishi ham mumkin".

So‘rov ishtirokchilari O‘zbekistondan keyin Afg‘oniston(22%) va Amerika Qo‘shma Shtatlari(7%)ni o‘zlariga xavf, deb bilishlarini aytishgan.

Yangi so‘rov mingdan ortiq kishi orasida olib borilgan va unda odamlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy "kayfiyatlari"ni o‘rganishga harakat qilingan.

Sovuqlashuv

Image caption Rog‘un GESi quriligi so‘nggi yillarda ikki davlat orasidagi munosabatlarning keskin yomonlashuviga sabab bo‘lgan

Tojikiston qurish harakatida bo‘lgan Rog‘un GESi sabab, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarga jiddiy putur yetgan.

O‘zbekiston tomoni qo‘shni Qirg‘iziston tiklayotgan Qambarota GESiga ham keskin qarshi.

O‘tgan yil O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov aynan shu ikki GES qurilishini nazarda tutib, "vaziyat urushga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajada keskinlashib ketishi mumkin"ligi bilan ham ogohlantirgandi.

Uning bu chiqishi mintaqadagi ayrim davlatlar tomonidan xavotir bilan ham qarshi olingandi.

Prezident Karimov esa, "chegaralarosha daryolar masalasida mintaqa davlatlari jahon va xalqaro hamjamiyatga quloq tutishi lozim"ligini ta‘kidlab keladi.

Qirg‘iziston ham, Tojikiston ham bu ikki GES qurilishi o‘z mamlakatlari iqtisodi uchun nihoyatda muhimligini urg‘ulashadi.

O‘zbekiston tarafiga ko‘ra, xususan, Rog‘un GESini yurgizadigan darajada suv to‘plash uchun kamida 8-10 yil vaqt ketadi.

Bu degani - quyida joylashgan va dehqonchilikka asoslangan O‘zbekistonda millionlab insonlar uzoq yillar suvsiz qolib ketishlari mumkin.

Shuningdek, zilzila tez-tez ro‘y berib turadigan hududda baland suv omborlari to‘g‘onlarini tiklash harakatlari ham pastda joylashgan O‘zbekistondagi mutaxassislarini qo‘rqitadi.

Qozog‘istonda yangragan bayonot esa, O‘zbekiston rahbarining bu masalada qilgan eng keskin bayonoti sifatida ko‘rilgandi.

Kelasi hafta davomida O‘zbekistonning mintaqadagi qo‘shnilari bilan munosabatlari va ular qay bir davlatni o‘zlariga xavf sifatida ko‘rishlariga oid turkum maqolalarimiz e‘tiboringizga havola etiladi. Ular bilan tanishish uchun veb sahifamizni kuzatib boring.