Rossiya josuslik xizmatiga almisoqdan qolgan yozuv mashinkalari nima uchun kerak?

Image copyright BBC World Service

Rossiya matbuotining xabar berishicha, Federal Havfsizlik Xizmati 20 ta yozuv mashinkasiga buyurtma bergan.

Xizmat bu haqda AQSh Josuslik Xizmatining sobiq xodimi Edvard Snouden mojarosidan so‘ng qaror olgan.

Edvard Snouden oshkor qilgan josuslik ma‘lumotlarida Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning Londonga safari mobaynida uning muloqotlariga quloq tutilganligi ham aytilgandi.

Aytilishicha, Rossiya Mudofaa vaziriligida Vazir va Prezidentga hisobotlar tayyorlash uchun hanuz yozuv mashinkalaridan foydalaniladi.

Kompyuterlar orqali uzatilgan yo-da yozilgan ma‘lumotlarni sir tutish o‘ta mushkul bo‘lganligi tufayli mahfiylikni ta‘minlash uchun yozuv mashinkalari eng xavfsiz yo‘lmi?

Rossiya Bosh Josuslik Boshqarmasining sobiq xodimi Viktor Suvorovning BBC bilan suhbatda aytishicha, ma‘lumotlarni sir saqlash yo‘lida yozuv mashinkalari haqiqatan ham kafolatli yo‘l bo‘lishi mumkin.

Viktor Suvorov: Menimcha bu to‘g‘ri qaror. Mana qarang, men ishlagan davrimda deylik, bir jurnalistni biz o‘z qarorgohimizni ko‘rishga taklif qildik. Bu binoning tashqi betondan qilingan devoridan tashqari ichkarisida yana bir yupqaroq devor yasalgan. O‘sha qalin beton devor bilan yupqa devor orasiga maxsus elektron simlar o‘tkazilib, ular inson qulog‘i eshitmaydigan tovushni hosil qilardilar. Bu tizim o‘sha xonada bo‘layotgan suhbatni tashqariga umuman eshitilmasligini ta‘minlardi va o‘sha xonaga umuman har qanday elektron moslamani olib kirish taqiqlangandi. Hatto fotoapparat ham kiritilmasdi. Shuning uchun bu qarorni to‘g‘ri deb hisoblayman. Xodimlar yozuv mashinkalarida quloqni qomatga keltirib ishlasinlar, mayli, lekin ma‘lumotlar sirligicha qoladi.

BBC: Lekin o‘sha mashinkalardan "o‘ta mahfiy" sarlavhasi ostida yozilgan ma‘lumotlarni haqiqatan ham sir saqlashning yo‘llari qanday edi? Bu uchun kim mas‘ul edi? Ulardan nusxa ko‘chirish umuman imkonlimidi?

Viktor Suvorov: Deylik men kim bilandir uchrashdim. Kechqurun bu haqda hisobot yozishim kerak. Birinchidan nusxa ko‘paytiruvchi kopirka qog‘ozlarni ishlatish mumkin emasdi. Bir nusxada yozilgan hujjatni men uni mahfiylashtiruvchi shifrovalьchik mutaxassisga berardim. U hujjatni mikroplenkaga ko‘chirib, bu plenkani keyin maxsus kislota solingan qutiga joylashtirib, maxsus kur‘er bilan jo‘natilardi. Ya‘ni diplomatik daxlsizlikka ega bo‘lgan bu qutini kimdir olib qo‘ymoqchi bo‘lsa, maxsus tugma bosilsa kislota ta‘sirida hujjat yo‘qotiladi. Hujjat manzilga yetib borganidan keyin bizga "etib keldi" degan xabar beriladi va biz asl nusxasini yo‘qotamiz, tamom vassalom.

BBC: Lekin ana shu siz aytayotgan choralar ko‘rilgan vaqtda ham hujjatlarning oshkor bo‘lishi ro‘y bergan, shundaymi? Demak bu ham kafolatli emas?

Viktor Suvorov: Hujjatlar mahfiyligining kafolati asosan xodimlarning sodiqligiga bog‘liq. Agar xodimlar o‘zlari bajarayotgan ishning haqligiga ishonsalargina mahfiylik ta‘minlanishi mumkin. Shuning uchun hozirda men o‘ylaymanki, agarda Rossiya Josuslik Xizmati yozuv mashinkalaridan foydalana boshlasa, balki G‘arb xizmatlari ham shu usulga murojaat qila boshlashar.

BBC: Lekin xatga tushding, o‘tga tushding. Qog‘ozga muhrlangan ma‘lumot anchagina saqlanadi va arxivlarda siz aytayotgan kabi ma‘lumotlar rosa ko‘p bo‘lsa kerak?

Viktor Suvorov: Ha albatta. Rossiya arxivlaridagi 1933 yildan keyingi bunday ma‘lumotlar ommaga ochilgan. Chunki aytilishicha, 33 yildan keyingi amallarda Stalinni ayblash mumkin, lekin undan avvalgi ma‘lumotlar oshkor etilsa, yana boshqa "aybdorlar" kelib chiqishi mumkin. Shuning uchun balki ba‘zi ma‘lumotlar hech qachon oshkor bo‘lmas...