Edvard Snouden Sheremetevoda huquq faollari bilan uchrashmoqchi

Image copyright BBC World Service

Moskvadagi Sheremetevo qo‘nalg‘asining tranzit hududida qolayotgan AQSh josuslik xizmatining sobiq xodimi Edvard Snouden huquq faollari bilan uchrashishni talab qilgan.

Rossiya rasmiylarining ma‘lum qilishlaricha, janob Snouden juma kuni tushdan keyin faollarni ko‘rish istagida ekanligini bildirgan.

AQSh josuslik xizmati faoliyati haqida ma‘lumotlarni oshkor qilgan Edvard Snouden amerika rasmiylari tomonidan qidiruvda va hozirga qadar 21 mamlakatdan boshpana so‘rab murojaat qilgan.

Hozirgi qadar faqat Boliviya, Nikaragua va Venesuela unga boshpana berishlari mumkinligini aytishgan.

Lekin unga qaysi mamlakat rasman boshpana taklif qilmasin Snoudenning u yerga yetib borishi mushkul masala.

O‘tgan hafta qator Ovro‘po davlatlari Boliviya prezidenti Evo Morales ketayotgan uchoqni bortida Edvard Snouden borligiga ishonganlari uchun o‘z havo hududlaridan o‘tishiga ruxsat bermagandilar.

Ba‘zi manbalarning xabar qilishlaricha, bugun huquq faollari o‘ngida Edvard Snouden bayonot bilan chiqmoqchi.

U 23 iyun Moskvaga Xong Kongdan yetib kelganidan beri qo‘nalg‘ada qolmoqda. Lekin omma o‘ngida ko‘rinish bermagan.

Bugun uning huzuriga chaqirilganlar orasida Amnesty International va Human Rights Watch tashkilotlari vakillari borligi aytilgan.

Sheremetevo aeroporti rasmiysi huquq faollari bilan uchrashuv Moskva vaqti bilan soat 17.00 ga tranzit hududida bo‘lib o‘tishi rejalanganligini bildirgan.

Edvard Snouden tranzit hududidan boshpana berilganligi haqidagi rasmiy hujjatlarsiz, yo-da pasport va Rossiya vizasisiz chiqa olmaydi.

AQSh rasmiylari uning amerika pasportini bekor qilishgan.

Edvard Snouden oshkor qilgan hujjatlarda AQSh, shuningdek, Britaniya va Fransa ham Internet va telefon aloqalarini nazorat qilganlari aytilgandi.