Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: "sho‘ro hukumati muftiy Boboxonovlar bilan hisoblashar edi"

Image caption Amirsaidxon Usmonxo‘jayev ko‘p yillar bobosi, tog‘asi va akasining yonida yurib, uch muftiy hayoti va faoliyati haqida batafsil ma‘lumotlar to‘plab kelgan

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev - O‘rta Osiyoning birinchi muftiysi, taniqli din ulamosi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxonning 37 nabiralaridan biri.

1944 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan.

O‘rta maktabni tugatib, Xalq xo‘jaligi institutida tahsil olgan.

1961 yildan boshlab savdo sohasida xizmat qilgan.

1977-79-yillarda O‘zbekiston Davlat savdo va matlubot kooperatsiyasining raisi lavozimida xizmat qilgan.

1984-1986 - yillarda Moskvadagi SSSR Ministrlar Kengashi qoshidagi Xalq Xo‘jaligi Akademiyasida tahsil olgan.

1986-1990-yillarda O‘zbekiston savdo vazirining o‘rinbosari bo‘lgan.

Hozirda Boboxonovlar sulolasi tarixini o‘rganish va diniy-ma‘naviy merosini targ‘ib qilish bilan mashg‘ul.

2007 yil noyabrida Nijniy Novgorod viloyati muftiysi Umar Hazrat Idrisov tashabbusi bilan Rossiyada "Muftiy Boboxonovlar" jamg‘armasi ta‘sis etilgan va jamg‘armaga Amirsaidxon Usmonxo‘jayev rais etib tayinlangan.

2008 yilda Moskvada uning "Jiznь muftiyev Babaxanovыx: Slujeniye vozrojdeniyu islama v Sovetskom Soyuze" nomli birinchi kitobi chop etiladi.

Ushbu kitob 2011 yilda Toshkentda "Dinimiz fidoyilari" nomi bilan nashr qilingan.

Kitobga Rossiyaning sobiq Tashqi ishlar vaziri va Bosh vaziri Yevgeniy Primakov so‘zboshi yozgan.

Hozirda "Islom ma‘rifatchilari avlodi tarixidan" nomli navbatdagi kitob ustida ishlayotganini aytadi.

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev 2008 yilda Muftiy Boboxonovlarning diniy-ma‘naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishdagi xizmatlari uchun Rossiya Muftiylar kengashining "Al-Faxr" ordeni bilan taqdirlangan.

Bobosi- Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining asoschisi, birinchi raisi, ayni paytda O‘rta Osiyodagi besh jumhuriyatning muftiysi bo‘lgan.

1945 yilda Eshon Boboxon tashabbusi bilan Buxorodagi "Mirarab" madrasasi qayta ochilgan.

1957 yilda Eshon Boboxon 99 yoshida vafot etganidan so‘ng, o‘rniga o‘g‘li Ziyovuddin Boboxon muftiylikka tayinlanadi va 25 yil davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlariga rahbarlik qiladi.

1971 yilda uning tashabbusi bilan Toshkentda sobiq Ittifoqdagi birinchi Islom instituti - Toshkent Oliy Islom Ma‘hadi ochiladi.

1982 yil dekabrida Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 74 yoshida vafot etishidan sal avval, uning o‘g‘li Shamsiddin Boboxon muftiylikka tayinlangan.

1989 yilgacha muftiylik lavozimida ishlagan.

1994 yildan 2003 yilda 66 yoshida vafot etguniga qadar O‘zbekistonning avval Misr, keyin Saudiya Arabistoni, shuningdek, Iordaniya, Quvayt, Bahrayn va Jazoyirdagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib xizmat qilgan.

Assalomu Alaykum. Mening savolim agar qandaydir provakatsion xarakterga ega bo'lmasa, javob berishingizni so'rardim.

Nega Shamsiddin Boboxon o'g'li muftiylikdan ketkazilgan? Ungacha muftiylik merosiy bo'lib kela turib, nega aynan u 7 yildan so'ng Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan almashtirilgan?

Bugungi kunda muftiy Boboxonovlar avlodi din sohasida naqadar peshqadam? Ya'ni bugungi dindor elita - muftiyat, masjid imomlari orasida Boboxonovlardan kimdir bormi?

Javob uchun oldindan rahmat. Voris Usmonli

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: Gorbachyov davrida 1986 yilda Kommunistlar partiyasining Markaziy Qo‘mitasi "Islomning ta‘siriga qarshi kurashni kuchaytirish haqida" qaror qabul qilgan. Butun sobiq Ittifoq xududida bu qarorni bajarilishi qattiq nazorat ostida bo‘lgan. O‘zingizga ma‘lum bo‘lsa kerak, O‘zbekistonda Ra‘no Abdullayeva Markazqo‘mning mafkura bo‘yicha kotibi nima nayranglarni ko‘rsatgani. Shamsiddinxon akam dinimizning rivoji, diniy kadrlar tayyorlash masalasida mustaqil fikrga ega edilar. Xalqaro Islom anjumanlarida qatnashib yurgan Shamsiddinxon akamlar Moskvadagi rahbarlariga ushbu qarorning musulmonlarga va dinga qarshi ekanligi, Islom olamida qanday qabul etilgani va Ittifoq obro‘yiga salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqdaligini tushuntirganlar, va qanday qilib bu og‘ir vaziyatdan chiqishni maslahat qilganlar. Ittifoq Din ishlari bo‘yicha Kengash rahbari bu maslahat Ittifoq siyosatiga qarshi deb topgan va "Yuqori"(Kreml)ga "noqulay" muftiyni almashtirish haqida o‘z taklifini kiritgan. Taklif ma‘qullanib, almashtirish masalasi har tomonlama chuqur o‘rganilib, 1989 yil fevral oyida ijro etilgan. Tarixdan ma‘lumki, har bir davrda mustaqil fikrga ega bo‘lgan yaxshi maslahatchilar o‘z fikrida qolib, chetga chiqib qolgan. Lekin O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov Shamsiddinxon akamni ulkan xalqaro diniy va ilmiy tajribasining qadriga yetib, u kishiga 1994 yilda mas‘ul diplomatik vazifani ijro etishni topshirdilar.

Boboxonovlar avlodidan din sohasida hech kim yo‘q, lekin barcha sobiq respublikalarda din elitasi orasida Boboxonovlar shogirdlari ko‘pchilikni tashkil etadi.

Assalomu alaykum, ulug‘ ulmolar haqidagi fondning tashkil etilgani xayrli ish bo‘pti. Ammo nima uchun Fond O‘zbekistonda emas, Rossiyada ochilgan? O‘zbekistonda uni ro‘yxatdan o‘tkazishga urinib ko‘rdinglarmi?.

Shuhratbek

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: O‘rinli savol. Muftiylarning shogirdi, Nijniy Novgorod viloyati muftiysi Umar hazrat Idrisov, uning noibi Damir hazrat Muhetdinov, madaniyatshunos Jannat-Sergey Markus 2007 yil may oyida Toshkentga kelishgan edi. Shu yili Umar hazrat Toshkent islom ma‘hadini tugatganiga 20 yil to‘lgan ekan. Shu sabab bilan ular Toshkent va Buxoro shaharlardagi avliyolar va ustozlarini ziyorat qilishni niyat qilishgan ekan. Avlodimiz do‘sti Anvarmirzo Husainovning – o‘sha davrda Rossiya muftiylar kengashi raisi maslahatchisi tashabbusi bilan mehmonlar Shamsiddinxon akamni xonadoniga tashrif buyurishdi. Ustozlar haqqiga duolar qilindi. Suhbat chog‘ida mendagi shajara haqida so‘z ochildi, ajdodboshimiz izlarini topish yo‘lida qilgan harakatlarim haqida hikoya qildim, to‘plab qo‘ygan xujjatlarimni, suvratlarni ko‘rsatdim. Suhbatim va hujjatlarim mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Umar hazrat meni Nijniy Novgorod shahrida o‘tadigan islomshunoslar konferentsiyasiga mehmon sifatida taklif etdi hamda ustozlari haqida kitob nashr etishga ko‘mak berishini aytdi.

2007 yil, 14 mayda Konferentsiyada men so‘zladim, Diniy idora kutubxonasiga Muftiy Boboxonovlar faoliyatiga oid kitoblar taqdim etib, Umar hazratga topshirdim. Mening axborotim konferentsiya qatnashchilari uchun yangi ma‘lumot bo‘ldi. Umar hazrat ustozlariga bo‘lgan hurmatini bayon qilib, ular nomi bilan ataluvchi jamg‘arma tuzishni tashabbuskori bo‘ldi. 2007 yil noyabr oyida jamg‘arma Nijniy Novgorod shahrida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazildi, meni esa avlod vakili sifatida jamoatchilik asosida rais bo‘lishga taklif etishdi. Men rozi bo‘ldim.

O‘zbekistonda jamg‘arma ochish haqida masala ko‘tarilgani yo‘q. O‘tgan davr ichida jamg‘arma raisi sifatida meni Rossiya musulmonlarining xar yilgi forumlariga, Rossiya davlat gumanitar universiteti, Shimoliy Kavkaz Islom universiteti markazi o‘tkazgan konferentsiyalarga taklif etishdi. Jamg‘armaning asosiy maqsadi ma‘rifatchilikdir, musulmonlarga muftiylar hayoti va faoliyati hamda qoldirgan ma‘naviy merosi haqida axborot berib, islomiy tushunchalarni, islomiy mo‘‘tadil, to‘g‘ri yo‘llarni targ‘ib etishdan iborat. Zaruriyat bo‘lsa, keyinchalik Jamg‘arma faoliyatini kengaytirish mumkin bo‘lar.

Hurmatli Amirsaidxon aka! Ziyovuddin Eshon Boboxonov xaqlarida juda ko‘p va xo‘b xayrli ishlarini amalga oshirganlari va O‘zbek xalqining buyuk farzandi bo‘lganlarini ta‘kidlash joiz. Ziyovuddin qori akamlarning shogirdlari Fozil qori Yosin o‘g‘li janoblari xaqida ham xotiralarini abadiylashtirish bo‘yicha biror ilmiy kitob yoki boshqa ishlarni amalga oshirilmoqdami?.

Xodjiaxmad Kamaldjanov

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: Marhum Fozil qori Yosin o‘g‘li ulamo, O‘zbekiston Vazirlar Maxkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, masjid imomi bo‘lganlar, o‘zlaridan yaxshi nom qoldirganlar. U kishining faoliyatini yoritib berish vaqti kelib qolar, inshaalloh!.

Assalomu alaykum muhtaram Amirsaidxon aka. Qiyin davrlarda, din-afyun deb qoralangan vaqtlarda , albattaki, hokimiyatning ulamolarga munosabati iliq bo‘lmagan. Sizning bobongiz, umuman, Boboxonovlar sulolasi shunga qaramay, anchayin xayrli ishlarni qilganlar. Qanday yo‘l tutishgan ular, qanday qilib til topishishgan kommunistlar bilan va mafkura hamda din o‘rtasida qanday muvozanat saqlaganlar, gapirib bersangiz. Rahmat.

Muhiddin.

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: Sho‘ro mafkurasi xalqimizni dindan, islomiy meros va qadriyatlardan ayirgan edi. Muftiy Boboxonovlar sulolasi 1943-1989 yillarda Sho‘ro davlatida dinimizni qayta tiklashga, diniy kadrlar tayyorlashga, xalqlar o‘rtasida do‘stlik o‘rnatishga xizmat qildi. Uch muftiy sovet musulmonlari yetakchilari sifatida jahonda tinchlik uchun kurashchilar safida bo‘lishgan. Shu davrda sho‘rolar xukumati musulmonlari vakili sifatida ular Jahon Tinchlik Kengashi a‘zosi (Xelsinki), Sovet Tinchlik Qo‘mitasi hay‘at a‘zosi (Moskva), Osiyo va Afrika xalqlari birdamlik tashkiloti hay‘at a‘zosi (Moskva, Qoxira), Do‘stlik va madiniy aloqalar Sovet jamiyati hay‘at a‘zosi (Moskva) hamda shu tashkilotlarning O‘zbekistondagi bo‘limlariga hay‘at a‘zosi etib saylanishgan. Xorijda esa, Masjidlar bo‘yicha Oliy Kengash (Makka), Jahon Islom Kongressi (Karachi), Islom ishlari bo‘yicha Jahon Oliy Kengashi (Qohira) va Islom tamaddunini o‘rganish bo‘yicha Iordaniya Qirollik Akademiyasi a‘zosi bo‘lishgan. Sovet davlatini jahondagi 80 ga yaqin Islom va arab davlatlari bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalar o‘rnatilishida ahamiyatli o‘rin tutishgan. Muftiy Boboxonovlarning jahon miqyosidagi obro‘yi juda yuksak edi, bu bilan sho‘ro hukumati rahbarlari hisoblashar edilar. Shunga qaramasdan dahriylar siyosati dinimizga va dindorlarga to‘sqinlik qilishga urinardi.

Assalomu alaykum hurmatli BBC mehmoni! Ziyovuddin Bobohonovdan keyin tayinlangan muftiylar, ularning faoliyati haqidagi fikrlaringizni bilmoqchi edim. Rahmat.

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: Ziyovuddinxon Boboxonovdan keyin o‘g‘lilari Shamsiddinxon Boboxonov O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi va muftiylik vazifasini yetti yil mobaynida bajarib kelganlar. Ulardan keyin bo‘lgan muftiylar mustaqil O‘zbekistonda Prezidentimiz tomonidan dinga va dindorlarga berilgan erkinlik davrida faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Ular faoliyatiga rasmiy bahoni 1992 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita beradi.

Assalomu alaykum, bobolaringiz dinimiz uchun buyuk ishlarni qilishgani ko’rininb turibdi. Bugun ham dindor bo’lish osonmas. Diniy idoraning chizgan chizig’idan chiqsangiz bo’ldi, olib borib, qamashadi. Vahhobiy, Hizbu Tahrir deyishadi. Rossiya bilan O’zbekistondagi diniy erkinlikni qiyosan, qanday baholagan bo’lardingiz? Muslihiddin

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: Rossiyada diniy erkinlik berilgani bilan diniy ahvol juda achinarli ahvolda. Bir necha ming yosh musulmonlar xorijga diniy bilim olishga borib kelishdi. Lekin qaysi davlatning Islom o‘quv yurtlarida qaysi o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qib qanday fikr-g‘oya bilan qaytganini xech kimni qiziqtirgani yo‘q. Ularning ko‘pchiligi asosli ilm va kerakli tajribaga ega bo‘lmay turib, yangi tashkil etilgan diniy idoralar, masjidlar, 30 ga yaqin islomiy o‘quv yurtlar va islomiy nashriyotlarda ish boshlashdi. Natijada muftiylar soni 73 ga yetdi. Sovet davlatida 4 ta diniy idora va 4 ta muftiy bo‘lgan. Bugungi kunda Rossiya musulmonlari orasida birdamlik sezilmaydi. Qarama-qarshiliklar juda ko‘p, ularni Kavkaz, Tatariston respublikalari misolida ko‘rib turibmiz.

Alhamdulliloh, Allohga ming qatla shukurki, mustaqillik xalqimizga islomiy meros va qadriyatlarimizni kaytardi. O‘zbekiston diniy o‘quv yurtlarida ilmli domlalar dars o‘tishmoqda. Imomlarning malakasini oshirish Imom al-Buxoriy nomli Xalqaro Markaz 2007 yildan beri faoliyat ko‘rsatmoqda. Har ikki oyda 60 nafar imom malakasini oshirib bormoqda.

Yurtboshimiz "Yuksak ma‘naviyat-engilmas kuch" asarlarida ta‘kidlangandek: "Bugungi kunda Islom diniga nisbatan butun dunyoda qiziqish va intilish kuchayib, uning xayrixoh va tarafdorlari ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Xalqimiz ma‘naviyatini shakllantirishga, har bir insonning Alloh marhamat qilgan bu hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashi, umrning mazmunini anglashi, avvalambor ruhiy poklanish, yaxshilik va ezgulikka intilib yashashida uning ta‘sirini boshqa hech qanday kuch bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, muqaddas Islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, Islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda".

Musulmonlar va yoshlarimizni xaqiqiy tarixiy ma‘lumotlar bilan tanishtirish, ularning ma‘naviy bilimini to‘ldirish, islomiy tushunchasini oydinlashtirish, xavf-xatarlardan ogoh bo‘ldirish, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish diniy va dunyoviy ilmlar orqali amalga oshadi. Ba‘zi bir bizning yoshlarimiz islomiy ilmga va tushunchaga ega bo‘lmay turib, faqat namoz o‘qishni o‘rganib olib, "xaqiqiy musulmon" bo‘ldik, deb g‘ururlanib yurishibdi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sahobalaridan Abu Hurayra (Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) aytganlarki: "Bir soat din ilmini o‘rganishim, kechasi bilan namozda turishimdan ko‘ngillidir". Qolaversa, masjidga borib namoz o‘qish bilan musulmonchilik kifoyalanib qolmagan. Qur‘oni Karimda ilm va olimlarning fazilatlari, ikki dunyoda erishadigan daraja va martabalariga doir oyatu hadislar juda ko‘p uchraydi. Shu qatorda olim kishining bir kunlik ibodati ilmsiz obidning qirq yillik ibodatiga teng ekani aytib o‘tilgan.

Marhum muftiy Boboxonovlar imomlarga shunday nasihat berganlar:

Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon: "Imomatchilikning sharafi juda yuksak. Shunga yarasha mas‘uliyati ham og‘ir. Imom sobitqadam, qat‘iyatli, sha‘niga dog‘ tushirmagan odam bo‘lishi kerak. O‘qimishli, ilmli mutaxassis sifatida ko‘p sonli dindorlar orasida Qur‘oni karim oyatlarining ma‘nolarini sharhlab, izohlab, tafsir qilib beradi. Agarda imom zarracha xato qilsa, odamlar Qur‘oni Karim ma‘nolarini teskari tushunib qolishlari mumkin".

Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon: "Agar xalq sizni hurmat qilishini, qilgan xatti-harakatlaringizdan Alloh rozi bo‘lishini xohlasangiz, avval o‘zingizni hurmat qiling, o‘z qadr-qimmatingizni saqlay biling, xudojo‘y bo‘ling, xayrli ishlarni amalga oshiring, inson degan buyuk nomga dog‘ tushirmang. Noma‘qul harakatlardan saqlaning. Halimlik musulmonni bezaydi". Mening fikrimcha, bu nasihatlar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Shamsiddinxon Boboxonov: "Hech bir davr dinni noto‘g‘ri tashviqot qiladiganlardan xoli bo‘lgan emas. Bunday shaxslar o‘zlarini haqiqiy dindor olim, Qur‘onu hadisni yaxshi biladigan deb hisoblaydilar va ibodatlarni xotirjam bajarib kelayotgan mo‘minlarni turli vasvasalar bilan chalg‘itishga va ularni tshg‘ri yo‘ldan ozdirishga harakat qiladilar. Umuman, xavfli yeri shundaki, Qur‘on oyatlari va hadisi shariflarni to‘g‘ri talqin qilib, ulardan haqiqiy ma‘no va hukmlar olish ham mumkin yoki suiste‘mol qilgan holda, ulardan turli g‘arazlarda foydalanish ham mumkin".

Sovet davrida masjidlar soni respublikamizda 100 ga yaqin edi. Mustaqillik davrida masjidlar soni yangi qurilganlar hisobiga 1955taga ko‘paydi. Yangi masjidlarda ishni yuritish uchun tayyor oliy islomiy ilmli imomlar yo‘q edi. Shu sababdan tumanlarda ba‘zi islomiy tushunchaga ega bo‘lmagan, diniy va dunyoviy fikri-g‘oyasi shakillanmagan yoshlar chala savodli imomlar da‘vatiga uchib vahhobiylar, Xizbut Tahrir va boshqa oqimlarga bilmay, adashib kirib qolib, o‘zlarini qiyin ahvolga solib qo‘yishgan.

Assalomu alaykum, oilangizda yetishib chiqayotgan yosh din olimlari bormi? Umuman, sulolangizning davomchilari haqida gapirib bersangiz. Yana bir savol, savdo vazirining orinbosari bolgan ekansiz. Hozir savdoda juda ko’p cheklashlar bor, mol olib kelish, mol chiqarish qiyin. O’zbekistondagi savdo va biznesni yahshilash uchun nima qilish kerak, deb hisoblaysiz?.

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: Avlodimizda islomiy tushunchaga ega bo‘lganlar, diniy ilmlarga qiziqishi bo‘lganlar ham bor, lekin keyinchalik ular diniy tashkilotlarda ish olib borishi o‘zlariga havola. Savdo vazirligidan ketganimga 23 yil bo‘ldi. Shu davrda savdo yuritishda yangi kadrlar yetishib chiqdi, yangicha biznes yuritish qoidalari va qonunlari ishlab chiqildi. Bugungi kunda biznes rivojlanmoqda, uni yaxshilash bo‘yicha taklifingiz bo‘lsa, o‘rnatilgan tartibga rioya qilib, tegishli tashkilotlarga kiriting.

Amir aka! O'zbeklar diniy bilimlardan ko'ra dunyoviy bilimlarni egalllashi kerak degan fikrga qanday qaraysiz? Dunyoviy bilimlar bizni yoruqlikka chiqardi oxirgi 80 yil davomida. Afsuski dinga berilgan davrda o'zbeklar juda qashshoq bo'lishgan va Rossiyaning bosiqini oldida texnika masalasida ojiz qolishgan.

Bunyod

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: Bizning yurtimizdan yetishib chiqqan musulmon olimlari jahon ilm-faniga asos solganlar. Afsuski, bu masala sho‘rolar davlatida berk bo‘lgan. Olimlarimizdan qolgan ilmiy va ma‘naviy meros mustaqillik davrida oydinlashtirilmoqda, o‘rganilmoqda. Bugungi kundagi yoshlarimiz turli xil ilmiy olimpiadalarda ishtirok etib, mukofotga sazovor bo‘lmoqdalar. Alhamdulilloh, bugungi kunda dunyoviy bilim olish masalasida biz hech kimdan kam emasmiz.

Assalomu alaykum Amirsaidxon janoblari!

1.Bobongiz Fazilatli ulamo shayx Eshon Boboxon(Alloh rahmatiga olsin)hazratlarining o'z uylarini O'rta Osiya va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasiga bergan eski shahardagi uylari hozir ham mavjudmi?2.Boboxonovlar ajdodlari Ahli sunna va jamoani Shofiy mazhabiga amal qilgan degan gaplarga asos bormi? Odiljon Mahdumiy

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: 1. 1996 yilda Qorasaroy ko‘cha qayta ta‘mirlanganda, bir qancha xonadonlar orasida buvamning uylari ham buzilgan.

2. Ajdodlarimiz Imom A‘zam mazhabini ushlab, Bahovuddin Naqshbandiy yo‘lida bo‘lishgan. O‘z davrida katta buvam Abdulmajidxon ibn Yunusxon va otam Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon Naqshbandiya Piri deb tan olinishgan.

Assalomu alaykum. Uzr, bu jamgarma haqida Shayh Muhammad Sodiq nema fikrdalar? Ijobiymi eki salbiy?.

Fahriddin

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev: Ularning fikrlarini so‘ragan emasman.

BBC mehmonining fikrlari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

Fikr va mulohazalaringizni pastdagi bog‘lanish formasi orqali yo‘llashingiz mumkin.

Elektron pochtamiz manzili: uzbek@bbc.co.uk