O‘zbekiston Havo yo‘llari chiptalarni xorijiy valyutaga sota boshlashini ma‘lum qildi

Image copyright none

O‘zbekiston Havo Yo‘llari shirkati 15 iyuldan boshlab xorijiy yo‘nalishlar bo‘yicha uchadigan parvozlar uchun chiptalar xorijiy valyutada sotila boshlashini ma‘lum qildi.

Shirkat websahifasida hozircha xorijiy valyutada savdo qilish faqat Rossiyaga uchadigan parvozlarga taaluqli ekanligi aytilgan.

Boshqa yo‘nalishdagi parvozlar borasida keyinchalik qo‘shimcha ma‘lumot berilishini bildirilgan.

2013 yil 1 fevralidan O‘zbekistonda kuchga kirgan yangi tartibga muvofiq, banklarga jismoniy shaxslarga naqd valyuta sotish taqiqlangandi.

Shuning uchun oddiy fuqarolar xorijiy valyutani davlat kursida sotib olish imkonidan mahrumlar.

Lekin O‘zbekiston Havo Yo‘llari shirkatining matbuot kotibiga ko‘ra, xorijga uchuvchilar uchun chiptalarning dollarda sotilishi O‘zbekiston Havo Yo‘llarining mijozlarini kamaytirmaydi.

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Havo Yo‘llarining xorij yo‘nalishga chipta sotish xabari internet foydalanuvchilarining keskin munosabatlariga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston havo yo‘llari shirkati matbuot kotibi Feruza Qurbanovaning BBCga aytishicha, xorijga uchish uchun shirkat chiptalarining faqat dollarda sotilishi mijozlarning kamayib yoda ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmaydi.

Unga ko‘ra chiptalar davlat kursida sotiladi.

"Chiptalar davlat kursidagi narxdagi valyutada sotiladi", - deydi Feruza Qurbonova.

Toshkentdagi aviakassalar bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, chiptalar dollarda sotilgan taqdirda boshqa shirkatlarning chiptasi O‘zbekiston Havo Yo‘llariga qaraganda arzonroqqa tushishi ma‘lum bo‘ldi.

Misol uchun Toshkent- Moskva-Toshkent chiptasi o‘zbek shirkatida Dushanba kunidan boshlab 560 dollardan sotiladi. Rossiyaning "Aeroflot" shirkatidan esa 531dollarga olish mumkin.

Hozircha O‘zbek Havo Yo‘llari chiptalari xorij valyutasiga 15 iyuldan boshlab faqat Rossiya yo‘nalishida dollarga sotilishi bildirilgan. Boshqa xorij yo‘nalishlariga chiptalar savdosi haqida kechroq qo‘shimcha ma‘lumot berilishi aytilgan.

"Biza biror aniq ko‘rsatma kelgani yo‘q. O‘zimiz ham xayron bo‘lib o‘tiribmiz. Hozircha Rossiyaga dollarda sotasizlar deyilgan", - deb aytdi Toshkentdagi aviakassalardan biri xodimasi.

Biroq O‘zbekiston havo yo‘llari shirkatining rasmiy web sahifasida, milliy valyutada chipta olish huquqi bo‘lgan sakkizta toifa keltirib o‘tilgan.

Urush faxriylari, 1-2 guruh nogironlari bilan birga xorijga davolanish uchun ketayotgan shaxslar Vazirlikdan maxsus ma‘lumotnoma olgan taqdirda va ta‘ziya munosabati bilan ketayotganlar so‘mda chipta olishlari mumkin.

Ushbu qaror Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

Bir foydalanuvchi, "o‘zingning so‘mingni o‘zingnikilar olmagandan keyin boshqalar uni oyoqosti qilishi turgan gap. Siyosiy to‘ralarining bunga munosabatini kutamiz. Xalqning bo‘lagi sifatida bu qarorga kelganlarning otasini "eslab" qo‘yaman", deydi.

"Yo‘lovchilar soni keskin ko‘tarishi kutilgan qo‘shni davlatarning avialiniyalarini qo‘llaymiz. Yana qozoqlar minnatdorchilik uchun birortasining portretini osishadi", deydi yo‘lovchilarning boshqa aviashirkatlarga ketib qolishiga sha‘ma qilib yana bir foydalanuvchi foydalanuvchi.

Fikr qoldiruvchilar ushbu o‘zgarishlardan keyin O‘zbekiston Havo Yo‘llari shirkati chiptalari narxi 32 foizga hech qanday izohlarsiz ko‘tarilib ketishidan norozi bo‘lmoqda.

Kuzatuvchilar o‘zbek so‘mining yildan yilga qadrsizlanishi shu kabi qarorlarda yaqqol ko‘rinib qolganini aytishadi.

Bungacha O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mashinalarni chet el valyutasida sotish yo‘lga qo‘yilgan edi.

Keyinchalik xorijlik avia shirkatlar O‘zbekistonda topgan pullarini konvertatsiya qilishda muammoga duch kelavergach, ushbu shirkatlarga chiptalarni dollarda sotishga ruxsat berildi.