Uzwebistonda bugun nima gap?

Internet nazorati kuchaytiriladi

1 iyuldan boshlab, O‘zbekistonda terrorchilik, ekstremizm, qatli-om, bo‘lginchilik, fahsh va uyatsiz mazmundagi ma‘lumotlarni yaratish, egalik qilish va tarqatish taqiqlandi. Xabarlarga ko‘ra, bu – O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 130-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq amalga oshiriladi. Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, "bu kabi ma‘lumotlarni Internet va odnoklasniki.ru, Whats App kabi ijtimoiy muloqot tarmoqlarida yozish, saqlash va tarqatish qat‘iyan man etiladi". 12news.uz internet nashrining yozishicha, yangi tartib-qoidalar O‘zbek ommaviy-axborot vositalarining ommabop madaniyat va "xorijiy axborot xurujlari"ga qarshi olib borayotgan keng ko‘lamli kampaniyasining bir qismi o‘laroq o‘rtaga chiqmoqda. Yaqinda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi zo‘ravonlik, yovuzlik, bangivorlik, pornografiya va boshqa zararli ma‘lumotlarni targ‘ib etuvchi bosma, audio, video mahsulotlar va elektronik o‘yinlarni tarqatishga qarshi qonun loyihasini ishlab chiqqandi.

Toshkent Davlat Yuridik instituti universitet bo‘ladi

Bu haqda Uzbekistan Today gazetasi xabar bergan. Ayon bo‘lishicha, bunga birdaniga qaror qilinmagan. Bil‘aks, so‘nggi yillarda institut bosqichma-bosqich universitetga aylantirilgan: Qabul me‘yorlari mehnat bozoridagi haqiqiy talabga qarab moslashtirilgan. Kadrlarni tayyorlash huquqi esa, kuchli o‘qituvchilar jamoasi va lozim infratuzilmaga ega bo‘lgan o‘quv yurtlariga berilgan. Yangi o‘zgartirishlar asosida O‘zbekiston Milliy universiteti, Namangan va Samarqand Davlat universitetlarida yuridik sohada qabullar to‘xtatilgan. Ammo Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti va Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya universiteti ushbu huquqni saqlab qolishgan. Toshkent Davlat Yuridik universitetining yangi rektori etib O‘zbekiston Adliya vazirining birinchi muovini Yesemurat Kanyazov tayinlangan.

Washington Post Rus-O‘zbek restorani haqida

Rus-O‘zbek restorani haqida eshitganimda, xayolim birdaniga aroq hurmat qilinib, uning halokatli oqibatlaridan afsus chekuvchi Rossiyaga ketdi. Boris Yeltsin nomi ostida aroq chiqarilarmidi yoki sharob? Yoki bir shisha kuchli imperial arog‘i? Rus va O‘zbek taomlarini taqdim etuvchi Ballston restoranida tanlov xilma-xil. Spirtli ichimliklar sotish uchun litsenziya olish harakatlarining hali ham keti ko‘ringan emas. Biroq men o‘tgan yili Bosh oshpaz otasi Baxtiyor aka bilan birga ushbu restoranni ochgan Ibrohim Rahmatullayev bilan so‘zlashganim sari aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan ona Vatani O‘zbekistonda spirtlik ichimlik bilan bog‘liq vaziyat silliqlaridan biri emasligini anglab yetdim. To‘g‘ri, O‘zbekiston o‘z vaqtida Sho‘rolar Ittifoqi Sovuq Urush mustamlakasining bir qismi bo‘lgan. Buyuk Pivo qachonlardir Buyuk Ipak Yo‘lida joylashgan ushbu mamlakatga ham o‘z ta‘sirini o‘tkazmay qo‘ymagan. O‘zbekona dasturxonda siz palov, kabob, somsa, manti, lag‘mon, do‘lma, karam sho‘rva, keti uzilmas choy, xullasi-kalom, Xitoyu Yaqin Sharqni namoyon etuvchi jahonning eng lazzatli talomlariyu ichimliklarini topishingiz mumkin. O‘zbekona mehmonnavozlik aroqni ham o‘z ichiga olishi mumkin, ammo Leninning arvohini ko‘rish darajasida yotvolib ichish miqdorida emas.

International Herald tribune boshqalari qatorida Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi raqobat xususida:

Markaziy Osiyoda Xitoyning iqtisodiy qudrati Rossiyani bir chetga surmoqda. O‘zining puliga qurilayotgan yangi yo‘llar, temir yo‘llari va quvurlari bilan Xitoy Markaziy Osiyoni o‘z girdobiga tortib bormoqda. O‘tgan yili barcha Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan taqqoslaganda, ko‘proq Xitoy bilan oldi-berdi qilishgan. Markaziy Osiyoni Xitoy bilan bog‘lovchi 2009 yilda ishga tushgan yangi gaz quvuri sabab rasmiy Pekin Rossiya-Xitoy gaz quvuri qurilishi borasidagi muzokaralarda qat‘iy mavqe‘da qoldi. Rossiyaning Qirg‘iziston va Tojikistonni Belarus va Qozog‘iston bilan Bojxona ittifoqiga kiritishga bo‘lgan urinishlari, prezident Vladimir Putinning 2015 yilga qadar Ovro‘osiyo Ittifoqi tuzishga bo‘lgan da‘vati aynan Markaziy Osiyo davlatlarida Xitoyning ta‘sirini cheklashga qaratilgan.

O‘zbekiston: Bolalarga Islomni o‘rgatish jinoyat, reydlar va katta miqdordagi jarimalar davom etmoqda

Mahkama Forum 18 News Xizmatiga Toshkent mintaqasida o‘g‘li bilan birga maktab yoshidagi bolalarga "Qur‘on"dan ta‘lim bergan musulmon otaxonning mahkamaga tortilganliklarini tasdiqlagan. Agar, aybdor deb topilishsa, Mirmuhiddin ota va uning o‘g‘li Sirojiddin uch yillik qamoq jazosiga yuz tutishlari mumkin. Bolalarini ularga tahsil uchun olib kelgan ota-onalarga esa, jarima solingan.