Gulnora Karimova Shveytsariyadagi diplomatik lavozimi unga unchalik ham kerak emasligini aytgan

Image copyright AFP

Shveytsariya Tashqi Ishlar Vazirligining BBCga bildirishicha, O‘zbekiston Prezidentining qizi Gulnora Karimova Jenevadagi BMT vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi vakolatini tugatgan.

Bu haqda Shveytsariyaning Toshkentdagi elchixonasini 2013 yilning 9 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi xabardor qilgan.

Shveytsariya Federal Tashqi Ishlar vazirligi bu borada boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi.

Shveytsariyalik jurnalist Iv Shteynerning o‘z manba‘lariga tayanib aytishicha, Gulnora Karimova oldiga tanlov qo‘yilgan: Shveytsariyada qolib mahkamaga tortilish, yo-da ketish yo‘li ila Shveytsariyadagi mol-mulkini saqlab qolish.

Biroq internetdagi Twitter tarmog‘i orqali Karimova xonim ba‘zi xabarlarga munosabatini bildirgan.

U BBC jurnalisti Nataliya Antelavaning savollariga javob berar ekan, o‘ziga qarshi qora kampaniya olib borilayotganini da‘vo qildi. Biz Nataliya Antelava bilan bog‘lanib, Gulnora Karimova nimalarni rad etdi deb so‘radik.

Nataliya Antelava: Hozirda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Shveytsariya hukumati Gulnora Karimovaning dimlomatik mavqeidan mahrum qilgan. Gulnora Karimova menga bu noto‘g‘ri xabar ekanini aytdi. U, shuningdek, o‘zining Ovro‘podagi uylari tintuv qilingani haqidagi xabarlarni butkul absurd deb atadi. Karimova xonim, bu xabarlarning bari unga qarshi Rossiyaning MTS mobil aloqa shirkati tomonidan olib borilayotgan Piar kampaniyasining bir qismi ekanini aytdi.

BBC: U sizga Shveytsariya uni diplomatik mavqeidan mahrum qilganini rad etdi, biroq ayni damda u endi BMTdagi O‘zbekiston elchisi emasligi haqidagi xabarlarni rad etmadi, shundaymi?

Nataliya Antelava: Huddi shunday. U endi elchi emasligini taqdiqladi. Biroq bunga sabab sifatida u anchadan beri bu lavozimga, o‘z so‘zlarida, muhtoj emasligini aytdi. Gulnora, endilikda yoshlar, o‘z so‘zlarida, uning talabalari, uning BMTdagi o‘rnini bosishlarini bildirdi. U hozirda O‘zbekiston ichidagi loyihalarga ko‘proq e‘tibor qaratishga intilayotganini aytdi. Bunga men yetti kun 24 soat vaqtimni ketkazayapman, dedi u. Bunga men, albatta, hammani qiziqtirayotgan savolni berdim, ya‘ni O‘zbekiston prezidenti bo‘lishni istaysizmi deb so‘radim. U bu savolimni yoqtirmadi aftidan, u bu kabi savollardan charchagani, mening intervьyu borasidagi iltimosimni shu paytgacha hisobga olib kelgani, biroq endi men o‘z imkoniyatlarimni bu savol orqali chippakka chiqarganimni aytdi. Yana bir narsa, u o‘ziga qarshi, iqtibos keltiraman, juda ko‘p "suvosti harakatlar" amalga oshirilayotganini aytdi. Uning inglizchasi ko‘p hollarda juda g‘alati. Menimcha, u yerosti harakatlar demoqchi, ya‘ni orqavarotdan qilinayotgan kampaniya... Gulnora xonim o‘zi yaqin orada juda ko‘p narsalarni oshkor qilishini aytdi.

BBC: Gulnora Karimova Frantsiyadagi uylari tintuv qilinayotganini sizga rad etdi, biroq u BMTdagi lavozimidan ketishi unga qarshi Ovro‘poda olib borilayotgan qator korruptsiya va pul yuvish tergovlariga bog‘liq ekanini aytdimi?

Nataliya Antelava: Yo‘q. U juda aniq aytdiki, u hozirda BMTdagi mavqeini topshirish jarayonida ekani va ikki tomonning yakuniy kelishuvlarini kutayotganini bildirdi. U bunga sabab, o‘zi bu lavozimni endi istamasligini ekanini aytdi. Ya‘ni u O‘zbekiston ichidagi faoliyatiga ko‘proq diqqat qaratmoqchi. Gulnora o‘z lavozimdan ketishi Frantsiyadagi mol mulki tintuv qilinganiga bog‘liq ekani "absurd" ekanini aytdi. Gap shundaki, Twitterda uzoq gaplasha olmaysiz, chunki har bir yozgan sharxining 140ta harf bilan cheklanadi. Undan tashqari, Gulnora Karimovaning inglizchasi juda g‘alati, ayniqsa uni Garvardda tahsil olganini hisobga olsangiz. Shunday ekan, ba‘zida u aslida nima demoqchi bo‘layotganini anglab yetish biroz mushkul. Lekin, kundek ayon bo‘lgan bir jihati shuki, Gulnora Karimova o‘ziga qarshi qora Piar kampaniyasi olib borilayotgani va bu sakkiz oy avval Moskvada boshlangani, biroq Shveytsariya hukumati bilan hech qanday muammosi bo‘lmaganiga ishonadi.

BBC: Biz hozircha Gulnora Karimova BMTdagi lavozimidan O‘zbek hukumati chetlatgani yoki uning o‘zi bunday qarorga kelgani borasida aniq ma‘lumotga ega emasmiz. Lekin, siz nima deb o‘ylaysiz, uning Shveytsariyadagi faoliyatini yig‘ishtiriga undagi qo‘rquv sabab bo‘layaptimi? Ya‘ni u Shveytsariya, Shvetsiya va Frantsiyada olib borilayotgan tergovlardan qo‘rqib, shunday yo‘l tutayaptimikan?

Nataliya Antelava: Bunga beradigan har qanday javobim faqat bashorat bo‘ladi. Chunki men bilmayman. Men uning nimadan qo‘rqayotgani, rejalari qanday ekani, qanday hissiyotlarga berilayotganini bilmayman. Bilganlarim faqat u Twitterda ochiqlayotgan narsalar.