O‘zbek amaldorlarining axborotni cheklash ustida yana boshlari qotgan

O‘zbekistonda "Voyaga yetmaganlarning jismoniy va ma‘naviy rivojlanishiga salbiy ta‘sir etuvchi axborotlardan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Ushbu qonun bilan hukumat O‘zbekistonda axborot olish va tarqatishni yanada cheklashi mumkinligi kutilmoqda. Qonun loyihasiga qadar ham O‘zbekistonda erkin fikrlovchi va nodavlat tashkilotlarni qoralovchi ko‘rsatuvlar va maqolalar muntazam berilib borilardi.

Toshkentdagi internet kafelarining biridagi kompyuterni qo‘shishingiz bilan ma‘muriyatning bildirishnomasi chiqib keladi.

"Pornografik va konstitutsion tuzumga qarshi saytlarga kirish qat‘iyan ta‘qiqlanadi. Yuqoridagi saytlarga kirilgan taqdirda Internet kafe ma‘muriyati 5000 so‘m jarima olish huquqini saqlab qoladi", - degan yozuv ok tugmasini bosguningizgacha turadi.

Internet kafe tomonidan o‘zi bilganicha yozilgan jarimalar endi qonun bilan huquqiylashtirilishi va bundan ham qat‘iy choralar ko‘rilishi mumkin.

Voyaga yetmaganlarni salbiy ta‘sir etuvchi axborotlardan himoya qilish qonun loyihasi bir yildan beri muhokama qilinmoqda.

O‘zbekistonda bungacha ham internetni nazorat ostiga olish hollari kuzatilib kelingan. Bunga turli qarorlardan tortib, yuqoridan og‘zaki ta‘qiqlar va hatto mahalliy matbuotdagi qoralovchi chiqishlarni misol kelirish mumkin.

Biroq O‘zbekistonda to‘siqlar va ta‘qiqlar qiziqishni yanada orttirishi mumkin degan qarashlar bor. shov-shuv.uz sayti bosh direktori Jasur Hamroyev ta‘qiqdan ko‘ra boshqacha yo‘llarni izlash tarafdori.

"Birinchidan to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi, to‘siq qo‘yilsa e‘tibor yanada kuchayishi mumkin. Shuning uchun avvalambor odamlarning ongida o‘sha internetning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi, salbiy va ijobiy degan to‘g‘ri to‘xtamni rivojlantirish kerak", - deydi Jasur Hamroyev.

Bundan bir yil oldin maktab va oliygoh o‘quvchilariga o‘qish jarayonida mobil telefonlarni ta‘qiqlash haqida qaror olingan. Ammo bugunga kelib ushbu ta‘qiq amalda ishlamaydi.

"O‘zbeknavo" goh-gohida yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta‘sir qiluvchi yoki vatanparvarlik ruhida qo‘shiqlarni ijro etmaslikda ayblab turli xonanda yoki estrada guruhlarining litsenziyasini olib qo‘yadi.

Ammo ta‘qiqlar tufayli ushbu xonanda yoki guruhlar yo‘q bo‘lib qolmaydi. Ana shulardan biri sifatida yoshlar orasida keng tanilgan va yaqinda litsenziyadan mahrum qilingan "Ummon" guruhini misol keltirish mumkin.

Litsenziyasi olingan guruh "Ana endi yig‘la" degan qo‘shiq aytib chiqdi va internet orqali zudlik bilan muxlislari orasida tarqalib ulgurdi.

O‘zbekistonlik mulozimlarni bezovta qilayotgan omillardan biri bu ijtimoiy tarmoqlarning mamlakatda tezlik bilan ommalashib borayotganidir.

O‘zbekiston matbuotida bugunga kelib ko‘p eslanmaydigan ziyolilar ham sekin-asta Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda faollashishi hukumatni xavotirga solgan bo‘lishi mumkin.

Endi siz internetda Toshkentda o‘tirgan adibning yangi chiqarilgan 5000 talik so‘mga atab yozgan kinoyalariyu va mahalliy matbuotda toqatsiz bo‘linadigan fikrlarini o‘qishingiz mumkin.

Hukumat nashrlari ham ommani internetdagi "yot" fikrlardan qaytarish borasida jim turgani yo‘q.

Hukumat gazetasi bo‘lmish "Pravda Vostoka" rangli inqiloblarning o‘rniga kelgan internet inqilobi haqida ogohlantirgan. Muallif Abduvali Saybnazarov "Rangli" inqiloblardan "internet" inqilobigami?" nomli maqolada Yaqin sharq va Shimoliy Afrikadagi inqiloblarga xalqaro tashkilotlarning ishtiroki borligi haqida yozadi.

Maqolada nodavlat va notijorat tashkilotlar inqiloblarda to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi borligi ta‘kidlanadi. Ushbu tashkilotlar Facebook, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlari orqali qudratli mobillashtiruvchi kuchga aylanishi yoziladi.

Turkiston.tv web sahifasi muharriri Kamoliddin Yo‘ldosh O‘zbekistonda inson huquqlarining paymol etilishi va so‘z erkinligining bo‘g‘ilishi ortidan ijtimoiy tarmoqlar oddiy xalqning fikr almashish platformasiga aylanib borayotganini aytadi. Keyingi bosqich ushbu ishtirokchilarning amaliy faoliyatga ko‘chish bo‘lishi mumkin.

"Facebook guruhlari yoki boshqa ijtimoiy guruhlarning biror amaliy faoliyatga ko‘chishini kutish mahol bo‘lmay qoladi. Zotan "Arab bahori" degan jarayonlar ana shunday amalga oshgan edi. Hozir bu rejim – O‘zbekiston hukumati uchun eng asosiy bosh og‘rig‘i bo‘lib turibdi. Ya‘ni taxt uchun xavf soladigan yagona manba‘ informatsion oqimning davlat nazoratida bo‘lmay turishi", - deydi Kamolliddin Yo‘ldosh.

Biroq kuzatuvchilar qonun qabul qilinganda ham bugun boshqaruvdan deyarli chiqib bo‘lgan internetni jilovlash o‘ta mushkul ish ekanligini aytishadi.

Internetga to‘siq qo‘yib bo‘lmasligini hattoki Prezident Islom Karimovning o‘zi ham tan olib gapirgandi. Lekin shunga qaramasdan O‘zbekistonda axborotni cheklashga qaratilgan qonun qabul qilinishi mumkin.