"Parizod" filmi endi Xitoy festivalida namoyish qilindi

XVI Shanxay xalqaro kinofestivali doirasida rejissyor Ayub Shahobiddinovning yozuvchi Erkin A‘zamov asari asosida suratga olgan "Parizod" filmi tomoshabinlar hukmiga havola etilgan.

"Parizod" filmi kino muxlislaridan tashqari kinomunaqqidlar va festivalda qatnashayotgan boshqa soha vakillarining e‘tiborini tortdi, deb xabar beradi "Jahon" axborot agentligi.

Shanxay kinofestivalining dasturlar bo‘yicha direktori Kan Yuyning ta‘kidlashicha, bir qancha xalqaro sovrinlarni qo‘lga kiritgan "Parizod"ga Shanxayda ham munosib baho beriladi.

"Parizod" Anapada o‘tgan "Kinoshok" festivalida Gran-Prini qo‘lga kiritgan, Nyu-Yorkda o‘tgan II Ovroosiyo kinofestivalida "Eng yaxshi rejissura" nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan edi.

"O‘zbek filmining jahondagi taniqli rejissyorlar e‘tiborini jalb qilgan Osiyodagi eng nufuzli kinofestivalda namoyish etilishi xitoy-o‘zbek kino ijidkorlarining o‘zaro hamkorligida yangi qadam bo‘ladi", deb aytgan janob Kan Yuy.

Ayni paytda, O‘zbek kinochilarining "Parizod" filmi qator xalqaro sovrinlarga ega bo‘lishi mukammal stsenariy va mahoratli rejissura uyg‘unligi sifatida baholanmoqda.

Filmning g‘oyasi o‘ziga xos tarzda, o‘zbek kinosida bir qadar yangi, ko‘p qo‘llanilmagan neorealizm yo‘nalishi orqali yetkazilishi ham xorijiy kino mutaxassislarining diqqatini jalb qila oldi.

Kinomunaqqidlar ta‘kidlaganidek, "Parizod"qayta-qayta ko‘riladigan asar.

"Parizod"dagi farishtadek qizning kechinmalari garchi u biror og‘iz gapirmasada, sinchkov tomoshabinni har gal hayajonga soladi, o‘ylantiradi.

"Parizod"dagi voqealar olis tog‘ qishloqlaridan birida ro‘y berayotgani ko‘rinib tursada, qahramonlar tomoshabinga juda tanishdek tuyuladi, balki unda o‘zini ko‘radi.

Bir so‘z bilan aytganda, "Parizod" inson haqida, uning qalbi, qadriyatlar haqida.

Filmda inson taqdiri ziddiyatlar orqali ishonarli tarzda ko‘rsatilar ekan, eng kichik detalgacha bekorga ishlatilmagani, ular asosiy mavzuni to‘ldirib boyitib, kinoning bugungi muvaffaqiyatini ta‘minlagani seziladi.