Misrda Mursiy tarafdorlari va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi

Image copyright Reuters
Image caption Mursiy tarafdorlari politsiyani toshbo‘ron qilganlar

Misrning qudratdan chetlatilgan prezidenti Muhammad Mursiyning yuzlab tarafdorlari Qohirada xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashganlar.

Qohira markaziga eltuvchi shoh yo‘lni berkitib olgan namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun pPolitsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gazni ishga solgan. Namoyishchilar politsiyani toshbo‘ron qilganlar.

Avvalroq AQSh davlat kotibining muovini Uilliam Byorns Misrga demokratiyani barpo etish uchun "ikkinchi imkoniyat" berilganini aytgandi.

U Misrning yangi muvaqqat rahbarlari bilan uchrashgan.

Biroq janob Mursiyning "Musulmon Birodarlari" guruhi rahbarlari Uilliam Byorns bilan uchrashmasliklarini aytganlar.

Qohiradagi to‘qnashuvlar 50 nafardan ziyod Mursiy tarafdorlari Respublika Gvardriyasi qarorgohi tashqarisida qo‘shinlar tomonidan o‘ldirilishi ortidan yuz bergan.

Muhammad Mursiyning ayni qarorgohda ushlab turilgani ishoniladi.

U 3 iyul kuni harbiy to‘ntarish ortidan prezidentlikdan chetlatilgan edi.

Aksil-Amerika kayfiyati

Dushanba kungi to‘qnashuv yuzlab darg‘azab namoyishchilar Qohiradagi asosiy ko‘prikni to‘sib qo‘yishlari ortidan boshlangan.

Ko‘prik keyinchalik ochilgani xabar qilinadi.

Avvalroq Mursiyni dastaklagan ko‘p sonli namoyishchilar Rabaa al-Adaviya masjidi o‘ngida jam bo‘lganlar. Ushbu masjid va Qohira o‘ngida to‘plangan namoyishchilar janob Mursiyning qaytadan o‘z o‘rniga tiklanishini talab qilmoqdalar.

"Sisi, yo‘qol" – deb qichqirgan ba‘zi namoyishchilar.

Misr qurolli kuchlar boshlig‘i general Abdul Fattoh al-Sisi Muhammad Mursiyni to‘ntarish amaliyotiga boshchilik qilgandi.

AQSh davlat kotibining muovini Uilliam Byorns o‘tish davri prezidenti Adli Mansur, bosh vazir Hazem al-Beblaviy va general Sisi bilan uchrashgan.

U so‘nggi ikki hafta ichida Misrda yuz bergan hodisalarni "inqilob payti berilgan va‘dalarni amalga oshirish uchun ikkinchi imkoniyat" deya ta‘riflagan.

U harbiylarni "siyosiy vajlarga asoslangan har qanday hibsga olishlar"dan tiyilishgan chaqirgan.

Uilliam Byornsga ko‘ra, AQSh Misrning "barqaror, demokratik va toqatli" davlat sifatida ko‘rishni istaydi.

Ammo uning ta‘kidlashicha, AQSh "hech kimga lektsiya o‘qigani kelgani yo‘q".

Uilliam Byornsning bu bayonoti Misrdagi ikkala kuchda ham AQShga nisbatan nafrat kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

AQSh asosan harbiy sohani kuchaytirish uchun Misrga har yili taxminan 1.5 milliard dollar yordam beradi.