Bir yilda 30 milliard dollar yo‘qotgan milliarder kim?

Image copyright Reuters
Image caption Shuncha muvaffaqiyatsizliklari manzarasida braziliyalik milliarder qanday qilib Yer yuzining eng badavlat odamiga aylanishi ham mavhum qoladigan ko‘rinadi

U ham bo‘lsa bundan bor-yo‘g‘i 3 yil burun meksikalik Karlos Slimni ortda qoldirib, dunyoning eng badavlat odamiga aylanish istagida bo‘lgan braziliyalik milliarder Eike Batista.

Bundayin balandparvoz da‘vo bilan chiqqan paytda Eike Batista Amerikaning nufuzli "Forbes" jurnali tasnifida jahonning sakkizinchi boy odami edi.

Neft, yoqilg‘i mahsulotlari savdosi, bandargohlari va konlari orqasidan biznes sulolasi gullab-yashnagan davrlar edi.

Xitoyning asosiy xaridorlaridan biriga aylanishi Braziliya iqtisodini qanday taraqqiy toptirayotgan bo‘lsa, uning biznesi ham shundayin gurkirab rivojlanib borayotgan edi.

Oradan bor-yo‘g‘i 3 yil o‘tib, bularning barchasi keskin o‘zgarishlarga yuz tutdi.

Eike Batista biznes sulolasining ustuni bo‘lgan EBX Group shirkati boshi bilan qarzga botib ketdi.

Bozorlar ham unga orqa o‘girib, bir yilning o‘zida shaxsiy boyligi 34 milliard AQSh dollaridan 2.9 milliard AQSh dollariga tushib qoldi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bularning barchasiga Eike Batistaning o‘ta osmono‘par ekani sabab bo‘lgan.

Chippakka chiqqan rejalar

Image copyright Reuters
Image caption O‘tgan iyun oyida Eyke Batistaning EBX Group shirkatiga qarashli OGX neft shirkati ishlab chiqarish ko‘lami kutilganidan ham yomon bo‘lganini e‘lon qildi

So‘nggi yillarda Braziliyada iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari anchayin susaydi. Mahsulotlariga bo‘lgan xorijiy talab ham pasaydi.

O‘tgan iyun oyida Eike Batistaning EBX Group shirkatiga qarashli OGX neft shirkati ishlab chiqarish ko‘lami kutilganidan ham yomon bo‘lganini e‘lon qildi.

OGX Braziliyaning ikkinchi yirik neft shirkati sanalmaydimi, bu sarmoyachilarning yuraklariga ham g‘ulg‘ula solib qo‘ydi.

Buning oqibatida shirkat 2014 yilga borib, Tubarao Azul neft konidagi faoliyatini to‘xtatishi mumkinligini aytish darajasiga bordi.

Bularning barchasi sabab, o‘z vaqtida Eike Batista biznes sulolasining toji deb ko‘rilgan shirkat bir yilning o‘zida 90 foiz qadrini yo‘qotdi.

Tahlilchilar nima deydi?

Image copyright BBC World Service
Image caption Janob Batista hanuz o‘z biznesini qayta yo‘lga solishiga qat‘iy ishonadi

Eike Batistaning biznes modeli "har tomonlama hayot haqiqatlaridan yiroq edi", uning shirkatlari ro‘yoviy hisob-kitoblarga tayanib, o‘z oldiga osmono‘par maqsadlarni qo‘yardi, deydi mahalliy INSPER biznes maktabidan tahlilchi Serxio Lazzarini.

"To‘g‘ri, biznesmen nekbin bo‘lishi kerak. Ammo haddan ziyod emas".

"Shu bois ham, Eike Batistaning bir vaqtning o‘zida bir nechta biznesga e‘tibor qaratishi juda qiyin bo‘ldi", deydi u.

Deylik, EBX Group shirkati hissalari o‘tgan yildan buyog‘iga 60 milliard dollar qiymatini yo‘qotdi.

O‘tgan hafta Eike Batista MPX Yoqilg‘i shirkati Direktorlar kengashi rahbarligidan iste‘fo berarkan, bozordagi ishonchga yana darz yetdi.

Chunki janob Batistaga tegishli MPX shirkati mavjud noayonliklarga qaramay, juda yaxshi faoliyat yuritayotgandi.

Matbuotdagi xabarlarga qaralsa, shirkat EBX guruhiga qarashli boshqa shirkatlarning qarzini qoplash uchun sotilishi mumkin.

Bu esa, Eike Batistaning o‘zi asos solgan shirkatlar nazoratini qo‘lidan boy berishiga olib kelishi mumkin.

Hatto, o‘zining "Embraer Legacy" uchog‘ini 14 million AQSh dollariga sotib yuborishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham, janob Batista biznesini qayta yo‘lga solishiga qat‘iy ishonadi.

Shuncha muvaffaqiyatsizliklari manzarasida braziliyalik milliarder qanday qilib Yer yuzining eng badavlat odamiga aylanishi ham mavhum qoladigan ko‘rinadi.