"Prezident Karimov uzr so‘rasin"

Image copyright AFP
Image caption "Mustaqil Mardikorlar" uyushmasiga ko‘ra, Islom Karimov o‘zbek mardikorlarini xalq ko‘z o‘ngida haqorat qilgan.

Talabnomaga ko‘ra, mamlakatga milliardlab pul keltirayotgan mardikorlarni prezident "dangasa" deb, O‘zbekistondagi 30 millionli xalq ko‘z o‘ngida haqorat qilgan.

Prezidentga qaratilgan maktubga imzo chekkkan 51 nafar murojaatchi "bu o‘z xalqini sevmaydigan prezidentning" gapidir, degan fikrda.

Prezident Karimov may oyida Jizzaxdagi fermerlar bilan uchrasharkan, Rossiyada ko‘cha supurayotgan o‘zbeklarni "dangasa" deb atagan va ulardan jirkanishini bildirgandi.

Murojaatchilarga ko‘ra, mamlakat ichkarisi va tashqarisida ishlayotgan ko‘p millionli mardikorlarni "dangasa", deb bo‘lmaydi.

Murojaatchilardan biri, surxondaryolik Faxriddin Tillayevning aytishicha, ular Toshkentdagi 18ta mardikor bozoriga borib, kunbay ishchilar bilan gaplashishgan.

"Maktubga imzo chekkanlar orasida mardikorlar ko‘p" - deydi Faxriddin Tillayev BBC bilan suhbatda - "Ammo Ichki ishlar vakillari mardikorlar bilan gaplashib, ro‘yxatni yanada kengaytiriishmizga yo‘l qo‘yishmadi".

Ammo Islom Karimov Rossiya ko‘chalarini supuradigan o‘zbeklarni "dangasa" deb atagan va prezidentning gapi O‘zbekiston ichkarisidagi mardikorlarga qaratilmagandi.

"Bizning nazarimizda prezident bu bilan barcha mardikorlarni "dangasa" deb atadi va shu bois omma oldida kechirim so‘rasin" - deydi Faxriddin Tillayev.

Xo‘rlangan va haqoratlangan

"Mustaqil Mardikorlar" kasaba uyushmasi O‘zbekistondagi ishsizlik va past maoshlar bois yurt ichi hamda tashqarisida turli yumushlarni bajarib, pul topayotgan o‘zbekistonliklarning huquqlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan.

Biroq ushbu kasaba uyushmasini O‘zbekiston hukumati rasman ro‘yxatga olmagan. Uyushma a‘zolari o‘zlariga nisbatan bosimlar o‘tkazilganini aytishadi.

O‘zbekiston hukumatining jadal iqtisodiy o‘sish va ming-minglab yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani haqidagi da‘volariga qaramay, millionlab o‘zbeklar oila boqish uchun Rossiya yoki Qozog‘istonga ish izlab ketganlar.

Image copyright none
Image caption Prezident Karimov o‘zbeklarning Moskva ko‘chalarini supurishidan jirkanishini ham bildirgandi.

Chetga ketishgi imkoni yo‘qlar esa katta shaharlarga kelib, mardikorlik bilan shug‘ullanishadi.

Sovet davrida ba‘zi talabalar qo‘shimcha pul ishlaydigan Toshkentdagi mardikor bozori bugun yagona emas. Poytaxtning turli go‘shalarida yigirmaga yaqin shu kabi bozorlar paydo bo‘lgan.

So‘nggi yillari esa nafaqat erkaklar, balki ayollar ham mardikorlik qilishmoqda.

Ammo bu ahvolda ishlash mardikorlarning huquqlari toptalishiga, yollagan odam qo‘lida kamsitilishi va yo hatto tahqirlanishiga ham yo‘l ochishi mumkin.

O‘zbekiston huquq tartibot idoralari esa ushbu qatlamni muhofaza etish o‘rniga ularni ta‘qib etish, quvlash va jazolash bilan shug‘ullanadi.

Hukumat esa bundayin mardikorlar qatlami borligini tan olishni istamaydi va ularning muammolarini hal etish yo‘lida na dastur, na rejaga ega.

"Mustaqil Mardikorlar" kasaba uyushmasi esa xuddi shu qatlamga yordam berish, ularning ishlash yoki qariganda nafaqa olish huquqlarini ta‘minlashni maqsad qiladi.

Ammo faollarning aytishicha, ko‘chalarda ishlovchi bu kabi insonlarni "dangasa" deb atagan O‘zbekiston prezidenti o‘zining eng qashshoq, eng himoyasiz va eng yordamga muhtoj fuqarolariga qanday munosabatda ekaninin namoyon etgan.