Italiya senati ichki ishlar vazirini Ablyazov ishi bo‘yicha so‘roq qildi

Image caption Italiya bosh vaziri qozoq muxolifatchisi oilasining Qozog‘istonga deportatsiya etilishini "sharmandalik" deya baholagan

Italiya senati juma kuni ichki ishlar vaziri Anjelino Alfanoga ishonchsizlik bildirish masalasini muhokama etdi.

Senat a‘zolarining 226 nafari ichki ishlar vaziriga ishonchsizlik bildirishga qarshi chiqqan.

Muxolifatning senatdagi 55 nafar a‘zosi unga ishonchsizlik bildirish kerak degan fikrda sobit qolgan.

Anjelino Alfano muxolifatchi va korchallon Muxtor Ablyazovning oilasini Qozog‘istonga deportatsiya qilishga aloqador, deb gumon qilinayotgan edi.

Avvalroq Italiya matbuotida Ablyazovning xotini va qizi Qozog‘istonga noqonuniy ravishda deportatsiya qilingani haqidagi farazlar paydo bo‘lgandi.

Deportatsiyaga qadar ichki ishlar vazirligi mulozimi Qozog‘iston elchixonasi vakillari bilan uchrashgani xabar qilingandi.

Shu yil boshida qiyinchilik bilan hukumatini tuzishga muvaffaq bo‘lgan Italiya bosh vaziri Enriko Letta ichki ishlar vazirini himoya qilib chiqqan va vazirning deportatsiyaga aloqasi yo‘qligini bayon qilgan.

Bosh vazir senatni Alfanoni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Unga ko‘ra, hukumat iqtisodiy muammolar ustida ishlash imkoniga ega bo‘lishi kerak.

Ayni damda Letta Ablyazov oilasining deportatsiya qilinishi "Italiya uchun sharmandalik" bo‘lganini e‘tirof etgan.

31 may kuni Italiya politsiyasi Rim shahri chetidagi uyda tintuv o‘tkazib, u yerda yashagan Muxtor Ablyazovning 46 yoshli turmush o‘rtog‘i Alma Shalabayeva va 6 yashar qizini hibsga olib, Qozog‘istonga majburan jo‘natib yuborgan.

Facebookdagi sahifasida Muxtor Ablyazov Qozog‘iston maxsus xizmatlarini o‘zining oilasi a‘zolarini o‘g‘irlaganlikda ayblagan.

Qozog‘iston moliyaviy jinoyatlarda ayblab, topshirilishini talab qilayotgan Muxtor Ablyazovning shu kecha-kunduzda qayerda ekani noma‘lum.

Londondagi Yuqori mahkama uni mahkamaga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatgani uchun qamoq jazosiga hukm etganidan keyin u g‘oyib bo‘lgan.

2011 yilda Britaniya Muxtor Ablyazovga siyosiy boshpana bergan edi.

Qozog‘iston hukumatida qator yuqori lavozimlarni, xususan energetika, sanoat va savdo vaziri lavozimini egallagan Muxtor Ablyazov mamlakatdagi eng yirik bank BTA bankning asoschisi ham bo‘lgan, bank aktivi o‘nlab milliard dollarni tashkil etgan.

Bankning hozirgi rahbariyati va Qozog‘iston hukumatining da‘volariga ko‘ra, Muxtor Ablyazov 2005 yildan 2009 yilga qadar bir qator shirkatlari orqali besh milliard AQSh dollariga teng mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgan.

Muxtor Ablyazovning o‘zi bu da‘volarni rad etadi va Qozog‘iston hukumatining ayblovlarini siyosiy asoslarga ega ekanini urg‘ulab keladi.

Xorijda Muxtor Ablyazov muxolifatdagi "Qozog‘istonning Demokratik tanlovi" harakatiga asos solgan.