O‘shlik qochqin: "Hamma o‘zini-o‘zi eplab, ro‘zasini tutayapti"

Image copyright AFP
Image caption Qonli nizolar sabab, o‘n minglab inson muhojiratga yuz tutgandi

Qirg‘iziston janubida yuz bergan 2010 yilgi qonli milliy nizolardan beri Turkiyadan boshpana topib kelayotgan suhbatdoshimizning aytishicha, qiyin yoki oson ekanidan qat‘inazar, u yerdagi o‘shlik qochqinlarning barchasi ro‘za tutishmoqda:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Bu qiyinchilikka chidaymiz. Alloh farz qilgan ibodatligi uchun ro‘zani majbur tutamiz. Qiyin bo‘lsa ham, oson bo‘lsa ham, qilamiz buni. O‘shdan kelgan o‘zbeklarning hammasi tutayapti. Tutmagan odamni hali eshitmadik", deydi u.

O‘zining mahalliy shirkatlardan birida tarjimon bo‘lib ishlashini aytgan suhbatdoshimizga ko‘ra, Turkiyada hayot kechirish oson emas.

"Hamma har xil ishlarda band. Birov qurilishda, birov fabrikada, birov "avtoprokat"da, har xil, kim nima ish to‘g‘ri kelsa, o‘shani qilayapti. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora".

Suhbatdoshimizning so‘zlariga qaralsa, o‘ziga o‘xshab Turkiyaga qochib borgan yurtdoshlarining faqat sanoqlisigina qonuniy ishlayapti, xolos.

Aksariyat o‘shlik qochqinlar noqonuniy yumushlarda band, deydi u.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bu kabi ahvolda ekanliklari ham o‘ziga o‘xshagan taqdirdoshlarining ro‘za tutishlariga xalaqit qila olmagan.

"Bu yer musulmon davlati va ishxonalarining egalari ham musulmon bo‘lganliklari uchun to‘g‘ri tushunib, iftor va saharlik paytlarida ularga vaqt berishadi. Bemalol kirib, iftorlik va saharliklarini qilib olishadi. Unchalik ham qiyinchilikka duch kelishayotgani yo‘q. Hamma o‘zini-o‘zi eplab, ro‘za tutayapti, ibodatini qilayapti", deydi u.

"Endi, o‘zimizda qanaqa taomlar bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanaqa taomlarni pishirib, qanday desam endi, ro‘za dasturxonlari yaxshi, yomonmas. Yangi kelgan holatimizga qaraganda hozirgi sharoitimiz, Allohga shukr, yaxshi", deydi.

"Yangi kelganimizda hech kimni tanimasdik, ishimiz yo‘q edi, qiynalardik, ko‘cha-kuyga chiqsak, birov tanimasdi, ishonmasdi. Hozir esa, kelganimizdan beri bitta mahallada yashaymiz, o‘zimizga ishonch uyg‘otganmiz, ishonishadi hammasi...".

Chetdan yordam

Image copyright AFP

Suhbatdoshimiz, ustiga ustak, ro‘za kunlarida Turkiyadagi maxsus jamg‘armalar, katta boylari nochor oilalar, musofirlar, muhojirlarga juda katta yordam qilishadi, deydi.

"Endi, yog‘, shakar, un, qo‘llaridan nima kelsa, pul bo‘lsa pul, shu shaklda yordam qiladigan odamlar bor. Yordam qilishadi odamlar".

Suhbatdoshimiz bu yerda bir kun ishlamay qolsangiz darrov bilinishi, ammo, shunda ham, oralarida birovdan qarz olgan yoki yordam so‘raganlari yo‘qligini aytadi.

"Ko‘rayapmiz, hamma yerda hamma o‘zbek o‘zining nonini topib, o‘zining ishini topib, eplanib yuribdi".

Ammo, unga ko‘ra, Turkiyada ish topish va hayot kechirish qiyin bo‘lgani uchun ham orada kechgan vaqt davomida katta sondagi qochqinlar O‘shga qaytishgan.

"Ko‘pchilik qaytib ketdi. Turkiyada hayot qiyin-da. Mana, o‘zingiz bilasiz, yashash sharoiti juda qiyin. Shuning uchun ham, chidagan ishini topib, ishlab qolganlar, uchinchi davlatga chiqib ketaman deganlar, Turkiyada qolaman, deganlargina qolishdi. Qolgan ko‘pchiligi chiqib ketishdi, orqaga qaytib ketishdi", deydi u.

"Shu pul topasiz, topgan pulingiz yetmaydi. Ro‘zg‘oringizni zo‘rg‘a eplab, yuraverasiz. Aytayapman-ku, topasiz, Xudoga shukr, birovdan qarzimiz yo‘q, birovdan oshiqcha yerimiz yo‘q, hammayog‘imiz yetarli, ammo bir so‘m pul oshirib, yig‘olmaysiz".

"Bundan tashqari, ish topish qiyin. Qonuniy ishlayman desangiz, "dokumentatsiya" ishlari qilish qiyin. Hammayam qilavermaydi. Shuning uchun ham ko‘pchilik noqonuniy ishlab yuraveradi. Endi, noqonuniy ishlaganlarning oyligi kam bo‘ladi".

"600-700 dollar atrofida pul topasiz. Ijara haqi bor, bola-chaqaning sarf-xarajati bor, svet, suv, gaz, ana shunaqa bo‘lib sarf bo‘lib ketadi-da. Yig‘inolmaysiz".

Suhbatdoshimizning aytishicha, dastlab Turkiyadan yuzdan ortiq o‘shlik xonadan boshpana topgan bo‘lishsa, hozir 10-15 chog‘liq xonadon qolgan, xolos.

Tarixcha o‘rnida

Qirg‘iziston janubida 2010 yil iyun oyida yuz bergan qonli nizolar o‘n minglab kishilarning muhojiratga yuz tutishlariga ham sabab bo‘lgandi.

Qochoqlardan aksariyati Rossiya yoki Turkiyadan boshpana topishgan.

Orada kechgan vaqt davomida ulardan ko‘pchiligi ortga, o‘z uylariga qaytishgan.

Ammo, xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga qaralsa, qochoqlardan 60.000 ga yaqini hanuz Qirg‘iziston va dunyo bo‘ylab darbadarlikda hayot kechirishmoqda.

Ulardan aksariyatining o‘zbeklar ekani aytiladi.