Detroyt AQSh tarixida eng yirik kasodga uchragan shaharga aylanmoqda

Image copyright .
Image caption Detroyt bir paytlar Amerika avtomobil sanoatining markazi hisoblanardi

Bir paytlar Amerika avtomobil sanoatining markazi bo‘lgan Detroyt shahri tashqi qarzlari 15 milliard dollardan oshib ketgani bois kasodga uchragani e‘lon qilingan.

Agar mahkama shaharning moliyaviy jihatdan o‘zini tiklashga qodir emas deb topsa, Detroyt Amerika tarixidagi eng yirik kasodga uchragan shaharga aylanadi.

Shaharni inqirozdan qutqarib qolish uchun Michigan shtati hokimiyati Detroytga favqulodda vazifalarni bajarish bo‘yicha shahar-menejerini tayinlagan.

Bu lavozimga bir paytlar Chrysler avtomobil kontsernini kasoddan qutqarib qolgan huquqshunos va moliyachi Kevin Orr tayinlangan.

Orr federal hakamdan shaharning moliyaviy ahvolini o‘rganish va qarz beruvchilar bilan muloqot o‘tkazish uchun unga bir oz muhlat berishni so‘ragan.

O‘tgan oy Detroyt shahar aholisini nafaqa va ijtimoiy yordam bilan ta‘minlash uchun tashqi qarzlarni to‘lashni to‘xtatishga majbur bo‘lgandi.

Bir paytlar gurkirab rivojlangan va Amerika avtomobil sanoatining markazi hisoblangan Detroyt shahri bir necha yildan buyon moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Bunga, ilk navbatda, shahar aholisining keskin qisqarishi sabab bo‘lgan.

2000 yildan 2010 yilga qadar shahar aholisi 250 mingga kamaygan. Ko‘pchilik boshqa shtatlarda yashash uchun ko‘chib ketgan.

Aholi ko‘chishiga esa shahar inrfatizilmasiga sarmoyalar qisqarishi sabab bo‘lgan.