Uzwebiston: davlat matbuoti "ulkan g‘alla hosili"ni yoppasiga yoritmoqda

Image copyright RIA Novosti
Image caption So‘nggi kunlarda o‘zbek davlat gazetalarida asosan g‘alla yig‘im-terimiga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan

O‘zbekistonda bu yil 7.6 million tonna g‘alla yig‘ib olingani davlat matbuotining asosiy xabar mavzuiga aylangan. Prezident Islom Karimov mamlakat tarixida rekord darajada g‘alla yig‘ib olingani haqida tabrik nomasini yo‘llashi ortidan davlat matbuoti endi O‘zbekiston bug‘doy yetishtirish bo‘yicha nafaqat o‘zini ta‘minlay oladi, balki uni eksport etishga ham qodir degan yirik kampaniyani boshladi. Bu haqda sharhimiz bilan tanishing.

Televideniye

Prezident Islom Karimovning 10 minutlik tabriknomasi 16 iyul oqshomida O‘zbekistonning asosiy davlat telekanali orqali o‘qib eshittirildi.

"O‘tgan yillarda mamlakatimiz g‘alla mustaqilligiga erishdi, mahsuldorlik uch baravarga va umumiy yig‘im miqyosi yetti baravardan ko‘proqqa oshdi. Bugun biz nafaqat xalqimiz talabiga javob bera olamiz, balki bug‘doyni eksport ham qilayapmiz", – deyiladi tabriknomada.

Ortidan g‘alla hosili va hukumatning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun fermerlarga ko‘rsatayotgan yordami haqidagi lavha namoyish etildi.

Ko‘rsatuvdagi uchinchi xabar prezident Islom Karimov va O‘zbekistonga tashrif buyurgan Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rtasidagi yuqori darajadagi muloqotga bag‘ishlandi.

Odatda yuqori martabali xorijiy rasmiylar safarlari va ularning prezident bilan bo‘lgan uchrashuvlari barcha xabarlardan oldin beriladi.

Davlat televideniyesi yangiliklar dasturi bu gal to‘laligicha g‘allakorlar "g‘alabasi"ga bag‘ishlandi.

Boshlovchi prezident nomasini yana bir bor o‘qib eshittirdi va ortidan mashhur xonandalar va jamoat arboblari tomonidan fermerlar madh etilgan lavhalar namoyish etildi.

17 va 18 iyulda ham davlat televideniyesi ayni mavzuni o‘zbek, rus va ingliz tillarida davom ettirdi.

Barcha ko‘rsatuvlarda "fermerlarga barcha shart-sharoitlarni yaratish orqali g‘alla mustaqilligi"ga erishgan hokimiyat madh etildi. Misol uchun, O‘zbekiston televideniyesi orqali 18 iyul kuni namoyish etilgan "Taraqqiyot" ko‘rsatuvi to‘laligicha qishloq ho‘jaligi yangiliklariga va eng avvalo O‘zbekistonda yig‘ib olingan g‘alla hosiliga bag‘ishlandi.

Matbuot

17-18 iyul kunlari nashr etilgan aksar gazetalar bosh sahifalarida prezidentning tabriknomasi va g‘alla mustaqilligiga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin berilgan.

"O‘zbekiston ovozi" gazetasi 18 iyul sonida o‘tgan 21 yil ichida hosildorlik keskin ortgani va dehqonlarning ko‘pi hattoki "gektaridan 10 tonna g‘alla" yetishtirib olganini yozadi.

Oziq-ovqat mustaqilligi

"XXI Asr" gazetasi 18 iyul sonida O‘zbekistonda hukumatning qishloq xo‘jaligiga kiritayotgan sarmoyalari va fermerlarga ko‘rsatayotgan yordamlariga bag‘ishlangan ikkita maqola chop etilgan. Maqolalardan biri "ko‘plab mamlakatlarda odamlar qashshoqlikdan aziyat qiyinalayotgan bir paytda, O‘zbekiston to‘laligicha oziq-ovqat mustaqilligiga erishdi", – deb yozadi. Unda ilova qilinishicha, 1990 yilda O‘zbekiston go‘sht mahsulotlarining 60 foizini va kartoshkaning 50 foizini chetdan keltirgan bo‘lsa, hozirga kelib, bu mahsulotlarni xorijga eksport qilmoqda.

Ayni tarzda, Jahonnews.uz, Uza.uz, Mfa.uz kabi davlatga qarashli va hukumatparast web sahifalar ham qishloq xo‘jaligi sohasida mamlakat erishgan yutuqlar hikoya qiluvchi rasmiy xabarlarni nashr etganlar.

16 iyulda Uzdaily.uz web sahifasi Davlat Statistika Qo‘mitasiga iqtibosan oziq-ovqat yetishtirish shu yilning birinchi yarmida 2012 yilning ayni muddatiga nisbatan 7,1 foizga ortgani haqida xabar bergan.

Qozog‘istondan g‘alla importi

Biroq, ba‘zi xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston qozoq bug‘doyi uchun asosiy bozor ekanini ta‘kidlash joiz. "O‘zbekiston asosan qozoq bug‘doyi hisobiga un ishlab chiqarishni oshirishga harakat qilmoqda", - deb yozgandi "Central Asian News" web sahifasi o‘zining 2012 yil 21 avgust sonida. Uning ilova qilishicha, O‘zbekistonga qozoq bug‘doyining eksporti oyiga 80 ming tonnaga yetgan.

O‘zbekistonlik novvoylar qozoq bug‘doyidan tayyorlangan unni mahalliy unlardan ustun qo‘yishadi.