Britaniya: Shahzoda chaqaloq haqidagi xabarni kutib

Image copyright AP

Butun dunyodan jurnalistlar, videooperator va fotosuratchilar uzoq vaqtdan buyon kutayotgan, Londondagi shifoxona qarshisida esa bir haftadan buyon "kechayu-kunduz navbatchilik qilish"lariga sabab bo‘lgan hodisa nihoyat yuz berdi: Britaniya Qirolichasi Yelizaveta Ikkinchining nevara kelini tug‘ruqhonaga olib kelindi.

Kensington saroyidan e‘lon qilishlaricha, homilador Kembridj gertsoginyasi Keyt shifoxonaga yetqazilgan va unda to‘lg‘oq boshlangan.

22 iyul kuni tonggi soat 6 da Kembridj gertsoginyasi Keyt Londonning Paddington qismidagi mashhur Sent-Meri shifoxonasiga olib borilgan.

Ayni shu shifoxonada Kembridj gertsogi, shahzoda Uilyam 31 yil oldin tug‘ilgan.

Shahzoda chaqaloqning qachon tug‘ilishi mumkinligi haqidagi ma‘lumot hech qachon e‘lon qilinmagan.

Biroq shunga qaramasdan, ko‘pchilik qirollik chaqalog‘ini bundan bir hafta oldin tug‘iladi deb kutgan edi.

Britaniyada qabul qilingan udumga ko‘ra chaqaloq tug‘ilganidan keyin ham darhol bu haqda e‘lon qilinmaydi.

Chaqaloq Kembridj gertsogi va gertsoginyasining to‘ng‘ich farzandi bo‘ladi.

Homiladorlik oylari davomida Uilyam va Keyt homilaning o‘g‘il yoki qizligini aniqlamaslikka qaror qildilar.

Chaqaloq dunyoga kelganidan keyin birinchi bo‘lib Britaniya qirolichasi va gertsoginyaning yaqinlariga xabar yuboriladi.

Britaniya qirolligi oilasida yangi voris dunyoga kelgani haqidagi hujjat shifokorlar tomonidan imzolanadi.

Keyin bu akt maxsus xabarchiga beriladi, xabarchi politsiya hamrohligida hujjatni Bukingem saroyiga yetkazadi.

Ana shundan keyin saroy darvozasiga omma uchun mo‘ljallangan xabar e‘lon qilinadi.

Bundan 31 yil oldin shahzoda Uilyam dunyoga kelganida jamoatchilik shu tariqa xabardor bo‘lgan.